Hull City va Manchester United o‘yinidagi asosiy qahramonlar
Hull City – Manchester United uchrashuvi nafaqat hisobda, balki yakuniy baholarda ham keskin tafovutni ochib berdi. Bir tomonda o‘z uyida ishonch bilan o‘ynagan, rejasi aniq, jismonan ustun Hull. Ikkinchi tomonda esa o‘zini topa olmagan, bo‘sh zonalarni to‘ldira olmagan Manchester United.
Hull City
Konstantinos Tzolakis – 8
Debyut, lekin asab sezilmadi. Birinchi bo‘limdagi o‘tkir burchak ostidan yo‘llangan Bryan Mbeumo zarbasini bir qo‘li bilan qaytargani uchrashuv ohangini belgilab berdi. Havodagi to‘plar – uning hududi. Himoyachilarni tinchlantirdi, tribunalarni ishontirdi.
Lewie Coyle (70-daqiqada almashtirildi) – 7
O‘yin boshidayoq o‘ng qanotdan Ollie McBurnie uchun uzatgan chuqur krossi Hullning rejasini ochib qo‘ydi: qanotlardan zarba berish. Oldinga dadil chiqdi, orqaga esa vaqtida qaytdi.
Semi Ajayi (63-daqiqada almashtirildi) – 9
Himoyada – qoyadek. Havoda yutdi, yerda yutqazmadi. Eng muhim lahzada esa hujumchi kabi harakat qildi: Senne Lammens qaytargan to‘pga birinchi bo‘lib yetib bordi va hisobni ochgan golni darvozaga mixladi. Bu uning 2021-yil yanvaridan beri birinchi Premer-liga goli. Qaytishning o‘zi bo‘ldi.
John Egan – 8
Uchlik markazida turib ham, to‘p Hullda bo‘lganida bemalol yarim himoyaga qadam tashladi. O‘yin qurilishida ham, mudofaa chizig‘ini ushlab turishda ham xato qilmadi. Tajriba va o‘qilgan pozitsiya tanlovi – ko‘rinib turdi.
Ryan Giles (84-daqiqada almashtirildi) – 7
Coyle singari, chap qanotdan doimiy xavf manbai. Ammo bu faqat hujum emas edi – orqaga qaytishda ham mehmonlarga o‘zi foydalangan bo‘sh zonalarni deyarli qoldirmadi. Balansni topdi.
Regan Slater – 7
Standart vaziyat – uning sahnasi. Ajoyib egri zarbali jarima to‘pi Nobel Mendy uchun “taklifnoma” bo‘ldi va ikkinchi golga olib keldi. Markazda tinimsiz ishladi, raqibni siqib turdi.
Matt Crooks – 8
Markaz – uning hududi bo‘ldi. Kurashdan qochmadi, pressingni tashlab qo‘ymadi, to‘p bilan ham oqilona ish tutdi. O‘yin oxiriga kelib ham kuchi yetdi: bir marta to‘pni olib, maydon bo‘ylab yugurib chiqib, Lammensni shoshilinch ravishda to‘pni tepishga majbur qildi. Tinch, lekin ta’sirchan kecha.
Nobel Mendy (63-daqiqada almashtirildi) – 8
Debyut va darhol gol. Bosh bilan kiritilgan ikkinchi gol uning ishonchli o‘yiniga chiroyli nuqta qo‘ydi. Himoyada vaqtida tozaladi, xatoga yo‘l qo‘ymadi. Qattiq o‘yin, sodda yechimlar.
Mohamed Belloumi – 8
Shoshilmadi, to‘pni ham shoshilmadi. Qisqa, aniq paslar bilan Hullga ritm topib olishga yordam berdi. To‘pni deyarli yo‘qotmadi, shu bilan Manchester United pressingini sekin-asta “o‘chirib” bordi.
Oli McBurnie – 8
Gol yo‘q, lekin bu kecha u raqib himoyasini charchatib, hammasini o‘zgartirdi. Kuchli kurashlar, to‘pni ushlab turish, sheriklar uchun bo‘sh zonalar ochish – bularning bari mehmonlar markaziy himoyachilarini chalg‘itib qo‘ydi. U bilan olishish oson bo‘lmadі, ayniqsa Ayden Heaven uchun.
Elliot Stroud (70-daqiqada almashtirildi) – 7
Boshlanishidayoq Harry Maguirega kechikkan zarbasi bilan o‘yinni keskinlashtirib yubordi, bu esa tajribali himoyachini jahlga mindi. Shundan keyin esa o‘zini qo‘lga oldi va qolgan daqiqalarda ishonchli, ijobiy o‘yin ko‘rsatdi.
Zaxiradan maydonga tushganlar
Paddy McNair (63-daqiqada tushdi) – 6
Sobiq klubiga qarshi sovuqqon o‘ynadi. Himoyada ortiqcha tavakkal qilmasdan, chiziqni yopib turdi.
Lucas Herrington (63-daqiqada tushdi) – 6
Hull allaqachon qarshi hujumga o‘tgan payt edi. O‘z zonasini tark etmadi, tartibni saqlab turdi, xavfni oshirmadi.
Liam Millar (70-daqiqada tushdi) – 6
Oxirgi daqiqalardagi qarshi hujumni boshqardi, uchinchi gol uchun imkon bor edi, lekin hal qiluvchi pas yoki zarba yetishmadi.
Cody Drameh (70-daqiqada tushdi) – 6
Luke Shawni bir necha bor to‘xtatdi. Ayniqsa, bir epizodda uning krossini sezgirlik bilan bloklab, mehmonlar bosimi kuchaygan pallada Hullni qutqardi.
Matt Targett (84-daqiqada tushdi) – 6
Qisqa, lekin tartibli o‘yin. Hisobni saqlash uchun zarur bo‘lgan oddiy, ishonchli harakatlar.
Zaxirada qolganlar: Dillion Phillips, Jens Hjertø-Dahl, Kieran Dowell, Lucas Gourna-Douath.
Manchester United
Senne Lammens – 7
Hisobda yutqazgan jamoa darvozaboni uchun bu yomon kecha emasdi. Birinchi bo‘limda ikkita yaxshi seyv, so‘ng McBurnie zarbasini to‘xtatdi, ammo qaytgan to‘pdan Ajayi gol urdi. Natija og‘ir, lekin u jamoasining eng yomon futbolchisi emasdi.
Noussair Mazraoui (80-daqiqada almashtirildi) – 5
Qanot bo‘ylab emas, ichkariga kirib o‘ynashni afzal bildi, lekin bu ham himoyada, ham hujumda foyda keltirmadi. Hullning tezkor qanot hujumlarini to‘xtatishda qiynaldi, o‘zi esa oldinda xavf yarata olmadi.
Harry Maguire – 6
Hullga qaytish – hissiyotli kecha bo‘lishi mumkin edi, ammo maydonda bunday bo‘lmadi. O‘zi yomon o‘ynamadi, lekin atrofidagilarni ko‘tara olmadi. Yetakchilik yetishmadi, chiziq tartibsiz ko‘rindi.
Ayden Heaven – 5
McBurnie bilan kurashlarda jismonan yutqazdi. Hullning birinchi goli arafasida aynan shu duelda ortda qoldi. Tanaffusdagi bahslar, asabiylik – tajribasizlik yaqqol sezildi.
Luke Shaw – 6
Chap qanot bo‘ylab doimiy ravishda oldinga chiqib, hujumga kenglik berdi, sheriklari bilan yaxshi kombinatsiyalar qildi. Ammo orqaga qaytishda juda katta maydonni yopishga majbur bo‘ldi va Hull bu zonalardan ustalik bilan foydalandi.
Andrey Santos (66-daqiqada almashtirildi) – 5
Premer-ligadagi ilk jiddiy sinov – va u qo‘ldan boy berildi. Hull markazida Crooks va boshqalar uni bosim ostida qoldirdi, to‘p bilan xotirjamlik yetishmadi. O‘yin yonidan o‘tib ketgandek tuyuldi.
Youri Tielemans (66-daqiqada almashtirildi) – 5
Ba’zi epizodlarda o‘ziga xos yumshoq, texnik paslari ko‘rindi, lekin bu yetarli bo‘lmadi. Ko‘p bora to‘pni balanddan jarima maydoniga yo‘llashga o‘tib ketdi, bu esa Hullning baland bo‘yli himoyachilari uchun qulay edi. O‘yin boshqaruvi qo‘ldan chiqdi.
Bryan Mbeumo – 5
Birinchi bo‘limda mehmonlarning eng xavfli o‘yinchisi bo‘ldi. Bir marta Tzolakisni sinab ko‘rdi, yana bir akrobatik zarbasi yo‘lini topmadi. Ammo davomida bosimi pasaydi, o‘yinga ta’siri kamaydi.
Bruno Fernandes – 5
Harakat qildi, orqaga qaytdi, pressing qildi, ammo o‘sha tanish keskinlik yetishmadi. Zarba berish imkoniyatiga kira olmadi, hal qiluvchi paslar ham yo‘q bo‘ldi. Kapitanlik ruhi bor, lekin bu safar o‘yinni o‘zgartirishga kuchi yetmadi.
Patrick Dorgu (46-daqiqada almashtirildi) – 4
To‘p ko‘p bor unga yetib keldi, lekin yakuniy qarorlar xato bo‘ldi. Hujumlarning ritmini ushlab tura olmadi, bir nechta vaqtsiz qarorlar bilan tezlikni sindirdi. Ogohlantirish oldi, tanaffusda esa o‘yinni tugadi – almashtirilishi kutilgan holat edi.
Matheus Cunha (80-daqiqada almashtirildi) – 5
Nomiga hujumchi, amalda esa orqaga – “10-raqam” zonasiga qayta berdi. Natijada Manchester United old chizig‘ida aniq nishon, markaziy nuqta topa olmadi. To‘pni qabul qildi, lekin jarima maydonida yakunlovchi nuqtaga aylanmadi.
Zaxiradan maydonga tushganlar
Marcus Rashford (46-daqiqada tushdi) – 5
2024-yil dekabridan keyingi ilk o‘yini. Maydonga tushishi bilanoq Hull himoyasiga qarshi yugurishni boshladi, lekin hal qiluvchi dribling yoki zarba ko‘rinmadi. Ritm yetishmadi.
Benjamin Sesko (66-daqiqada tushdi) – 5
Jismoniy kuchi bilan Hull himoyachilariga boshqa turdagi muammo yaratdi, lekin unga yetkazilgan to‘plar sifati past bo‘ldi. Jarima maydonida kerakli xizmatni olmadi.
Kobbie Mainoo (66-daqiqada tushdi) – 5
Markazga jon kiritish vazifasi yuklandi, ammo Hull allaqachon hisobni va o‘yinni nazorat qilayotgan payt edi. O‘yinga keskin burilish kiritolmadi.
Diogo Dalot (80-daqiqada tushdi) – 5
Qisqa muddat, cheklangan ta’sir. Qanotdan faol bo‘lishga urindi, ammo Hull allaqachon chiziqlarni yopib bo‘lgandi.
Shea Lacey (80-daqiqada tushdi) – 5
Yosh, jasur, lekin bu kecha tajriba yetishmadi. O‘yin sur’ati yuqori, vaqt esa kam edi.
Zaxirada qolganlar: Karl Darlow, Lisandro Martinez, Joshua Zirkzee, Leny Yoro.
Bu kecha Hull uchun reja va intizom tantanasi bo‘ldi. Manchester United uchun esa savol tug‘ildi: jamoa qachon maydonga nafaqat ism, balki xarakter bilan ham qaytadi?






