Infantino futbolni sotib yuborganmi?
Karib quyoshi ostida, Dominikan Respublikasidagi mehmonxona oldida futbol siyosatining eng keskin savollaridan biri berildi. Javob esa soch turmagi haqida boʻldi.
FIFA prezidenti Gianni Infantino Sky News muxbiri James Matthews tomonidan mehmonxona kiraverishida toʻxtatib qolindi. Muxbir uning yoniga borib, futbol olamida katta shov-shuvga sabab boʻlgan, xususiy sarmoya jalb qilish orqali jahon chempionatini va boshqa turnirlarni tijoratlashtirish rejalari barbod boʻlgach, dolzarb savolni berdi: u futbolni “sotib yuborganmi” yoki yoʻqmi?
Savol aniq edi. Javob esa chetlab oʻtishga urinishga oʻxshadi.
Matthews, Infantino singari kal boshli, 56 yoshli rahbardan “oʻyinni xiyonat qilgan-qilmagani”ni soʻraganida, prezident jilmayib: “Sizning soch turmagingiz chiroyli. Katta rahmat”, deb javob qaytardi.
Uch konfederatsiya, bir ayblov: “Aldov”
Infantino soʻnggi kunlarda futbol siyosatining markazida turibdi. Oʻtgan hafta uch qit’a konfederatsiyasi uning FIFA turnirlariga xususiy sarmoya jalb qilish rejalari boʻyicha “aldov”da aybladi. Bu shunchaki norozilik emas, balki ochiq bayon etilgan ishonchsizlik edi.
Uefa esa yanada keskinroq pozitsiyani tanladi. Yevropa futboli uyi FIFA musobaqalarini boykot qilish bilan tahdid qilmoqda. Rasmiylar Infantino rahbarligiga nisbatan “ishonch yoʻqolganini” ochiq aytishdi. Futbol siyosatidagi bu darajadagi ochiq qarama-qarshilik soʻnggi yillarda kam kuzatilgan.
Shunday fon ostida Matthewsning savoli havodan olingan emasdi: nega u hali ham iste’fo bermadi?
“Nega iste’fo bermaysiz?”
Mehmonxona oldidagi qisqa, ammo keskin lahzalar kameraga tushdi. Infantino yurishda davom etar, Matthews esa savolni keskinlashtirdi:
“Nega iste’fo bermaysiz? Muxlislar, FIFA assotsiatsiyalari sizdan chetga chiqishingizni soʻrayapti. Nega buni qilmayapsiz? FIFA ishonchini suiiste’mol qildingizmi?”
Bu savollar futbol siyosatidagi real kayfiyatni aks ettirardi: ichkarida ham, tashqarida ham bosim ortib bormoqda. Lekin Infantino yana chekinmadi, yana hazil soyasiga yashirindi.
U qora rangdagi mashinaga oʻtirish arafasida, eshik yopilishidan oldin, Matthewsga qarab: “Soch olish salonida koʻrishamiz”, deb javob berdi.
Javob qisqa boʻldi. Lekin unda bir narsa aniq edi: futbol olamidagi eng katta stul egasi hozircha oʻrnidan turmoqchi emas. Savol esa ochiq qoladi – bu hazil ohangidagi javoblar futbol siyosatidagi boʻhronni yopa oladimi?







