Infantino rejasiga qarshi global isyon: Fifa ichidagi bosim kuchaymoqda
Gianni Infantino uchun devorlar tobora yaqinlashmoqda. Birgina kun ichida nafaqat yillar davomida yonida bo‘lgan maslahatchisi iste’fo berdi, balki Fifa ichidagi eng qudratli amaldorlardan biri ham ochiqchasiga unga qarshi chiqdi.
Infantino rejasiga qarshi global isyon
Infantino dunyo bo‘ylab keskin norozilik uyg‘otgan rejasi – Jahon chempionatidan ulushlarni xususiy investorlar qo‘liga sotish g‘oyasi – tufayli mislsiz bosim ostida qolgan. Yevropa mamlakatlari allaqachon bu rejadan voz kechilmasa, Fifa musobaqalarini boykot qilishga tayyorligini bildirgan. Endi esa prezidentning eng yaqin doirasidan ikkita muhim shaxs unga orqa o‘girib, uning hokimiyatini yanada larzaga soldi.
Uefa va boshqa konfederatsiyalar kelasi yilgi Fifa saylovida Infantino’ga raqib topish uchun allaqachon ish boshlagan. U to‘rtinchi muddatni bemalol qo‘lga kiritadi, degan tasavvur bor edi. Endi esa so‘nggi kunlardagi oshkor bo‘lgan ma’lumotlar, ayniqsa uning o‘zi bu rejadan qaytmaslikka urinayotgani, ilgari daxlsiz ko‘ringan shveysariyalik rahbarning o‘sha paytgacha ham o‘tirig‘ida qolish-qolmasini savol ostiga qo‘ymoqda.
Cordeiro zarbasi: “Bu kelishuv – futbol uchun yomon”
2021 yildan beri Infantino’ning yuqori darajadagi maslahatchilaridan biri bo‘lgan Carlos Cordeiro iste’fosi Uefa’ning 55 a’zo assotsiatsiyasi yakdil boykot tahdidi bilan chiqqanidan atigi bir necha soat o‘tib e’lon qilindi. Sobiq US Soccer rahbari keskin bayonot bilan chiqib, prezident taklif qilayotgan rejani “Fifa a’zolari uchun yomon kelishuv, futbol uchun yomon kelishuv va o‘yin kelajagi uchun yomon kelishuv” deb atadi.
U Fifa jarayonlaridagi shaffoflik yetishmasligini tanqid qilib, tashkilotning qarzsiz, ulkan zaxiralari borligini, ularni rivojlanishga yo‘naltirish mumkinligini eslatdi. Cordeiro bir nechta keskin savolni ochiq qoldirdi:
“Nega aynan shu kelishuv? Nega hozir? Qanday nazorat mexanizmlari bor? Kim foyda ko‘radi? Tanlov jarayoni bo‘lganmi? Qanday boshqaruv tizimi joriy etiladi? Investorlar oxir-oqibat nimani qo‘lga kiritadi va bu futbolga qanday narxda tushadi?”
Bu savollar javobsiz qolmoqda. Aynan shu sukut Infantino atrofidagi ishonch devorini yemirmoqda.
Lamourning ochiq isyoni: “Bu Fifa loyihasi emas, bitta odamning loyihasi”
Kun oxirida esa zarba yanada og‘irroq bo‘ldi. Fifa bosh operatsion direktori Kevin Lamour – Infantino bilan Fifa va avval Uefa davridan buyon yonma-yon ishlagan yaqin hamkori – misli ko‘rilmagan bayonot bilan chiqdi. U prezident tomonidan xodimlar va boshqa manfaatdor tomonlar “aldanganini” aytdi va bu fikrlar tufayli ishdan bo‘shatilishidan ham cho‘chimayotganini bildirdi.
“So‘nggi kunlarda e’lon qilingan va so‘nggi oylar davomida parda ortida bo‘lib kelgan voqealar aql va tasavvurga sig‘maydi,” dedi Lamour. “Juda aniq va bevosita aytaman: shuncha bahs va mojaro keltirgan loyiha – Fifa loyihasi emas. U, hatto, Fifa administratsiyasi loyihasi ham emas. Bu – bitta odamning loyihasi.”
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fifa vitse-prezidentlari, Kengash a’zolari, konfederatsiyalar, milliy federatsiyalar, futbolchilar, ligalar, klublar va muxlislar chetda qoldirilgan bo‘lishi mumkin. Ammo eng og‘iri – Fifa’ning o‘z apparati ham “aldangan”.
“Ko‘p oylar davomida sukut saqlash orqali bo‘lgan bu yolg‘on va hokimiyatni biryoqlama ishlatish arzimas narsa emas. Bu ishonch yetishmasligidan, shaffoflik yetishmasligidan, oqilona qaror qabul qilish yetishmasligidan, yaxshi boshqaruv yetishmasligidan dalolat beradi. Va, eng asosiysi, hurmatning jiddiy yetishmasligidan,” dedi Lamour.
U Fifa vazifasi “o‘zini tashkilot bilan tenglashtirib qo‘ygan, aslida esa unga xizmat qilishi kerak bo‘lgan bir shaxsning shaxsiy manfaatlariga xizmat qilish emas”ligini ta’kidladi. Hamkasblari “mensimaslik va qo‘rqitishdan ko‘ra yaxshiroq munosabatga loyiq” ekanini aytib, shunday deya yakunladi: “Biz hammamiz Fifa’da ishlayotganimizdan faxrlanishni istaymiz. Afsuski, bugun ko‘plarimiz uchun bu holat yo‘qdek ko‘rinadi.”
Bu so‘zlar Fifa ichidagi kayfiyatni juda aniq chizib berdi: prezident atrofidagi halqa toraymoqda.
Uefa, AFC, Concacaf – front kengaymoqda
Infantino tobora ko‘proq ittifoqchilarini yo‘qotmoqda. Osiyo futbol konfederatsiyasi – AFC ham keskin ohangdagi bayonot bilan chiqib, Uefa va Concacaf’ning Fifa Forward Enterprise deb atalgan xususiy moliyalashtiriladigan rejaga qarshi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. AFC Yevropadagi kabi aniq boykot tahdidi bilan chiqmagan bo‘lsa-da, taklif butunlay bekor qilinishi kerakligini ochiq aytdi.
“Vaziyat shunday bosqichga yetdiki, Fifa Jahon chempionati boykoti haqidagi real ehtimol jamoatchilik muhokamasiga chiqdi. Bu – o‘yin kelajagi haqida qayg‘uradigan har bir insonni tashvishga solishi kerak,” deyiladi bayonotda. “AFC fikricha, taklif etilayotgan FFE keng qamrovli konsensus va birlikni ta’minlay olmaydi.”
Konfederatsiya Fifa’ni boshqaruv va qaror qabul qilish tizimini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bu talablar, ayniqsa, Jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha qarorlar singari eng muhim masalalarda yetarli maslahatlashuv bo‘lmagani haqidagi shikoyatlar bilan hamohang.
Shu bilan birga, Fifa Jahon chempionatini 64 ta terma jamoaga kengaytirishning iqtisodiy foydasini o‘rganish uchun tadqiqot kompaniyalariga tender e’lon qilgani, ustiga-ustak bu ishni favqulodda tez muddatda yakunlashni so‘rayotgani ham futbol siyosatining yuqori qatlamlarida xavotirni yanada kuchaytirdi.
Yevropa kutish rejimida, lekin bosim susaygani yo‘q
Uefa Infantino rejasiga qarshi yagona frontni shakllantirgach, hozircha “kutish o‘yini”ni tanlagan. Ular Fifa qanday javob qaytarishini kuzatmoqchi, ammo dastlabki signallar yo‘nalish o‘zgarishini ko‘rsatmayapti. Tunda Fifa ommaviy axborot vositalarini “noto‘g‘ri talqin” va keng tarqalgan norozilikni qo‘zg‘atishda ayblab, o‘z pozitsiyasini “ochiq va demokratik maslahatlashuv”ga sodiqlik bilan oqlashga urindi. Biroq bu bayonot raqib tomonlarda hech qanday ta’sir qoldirgani yo‘q.
Infantino’ni lavozimidan zudlik bilan tushirish mexanizmi ishga tushirilishi ehtimoli hozircha past. Ammo nazariy jihatdan, 43 mamlakat shunday talab bilan chiqqan taqdirda, favqulodda Fifa Kongressi chaqirilib, ishonch ovozi masalasi ko‘tarilishi mumkin. Hozirgi ustuvor vazifa – FFE rejasini to‘xtatish. Shundan keyin keyingi qadamlar haqida o‘ylashadi.
Kelasi yil mart oyidagi Fifa prezidentlik saylovida Yevropa qo‘llab-quvvatlaydigan nomzod boshqa qit’adan bo‘lishi ehtimoli katta. Concacaf prezidenti Victor Montagliani va AFC prezidenti Shayx Salman bin Ebrahim al-Khalifa nomzod sifatida tilga olinmoqda. Shayx Salman 2016 yilgi saylovda Infantino’ga juda oz farq bilan yutqazgan edi.
Conmebol ehtiyotkor, lekin ogoh
Fifa federatsiyalarni o‘z loyihasiga ko‘ndirish uchun bosimni davom ettirmoqda va dastlab belgilangan 19 sentyabr muddatini o‘zgartirgani yo‘q. Bu sanagacha qo‘shilishni istaganlar ro‘yxatga turishi kerak.
Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi Conmebol esa kechqurun bayonot berib, Fifa’dan Jahon chempionati ham kiradigan turnir biznesidan ulush sotish bo‘yicha taklif doirasi, tuzilmasi, boshqaruvi va mumkin bo‘lgan oqibatlari haqida qo‘shimcha ma’lumot va izohlar so‘raganini ma’lum qildi. Conmebol a’zo assotsiatsiyalar bilan maslahatlashuv jarayonini boshlab, yakuniy pozitsiya hali shakllanmaganini bildirdi.
“Futbolni rivojlantirish tijoriy va moliyaviy qarorlarni talab qilishini tan olamiz. Lekin bunday qarorlar har doim futbolga xizmat qilishi, hech qachon uning o‘z mohiyatidan ustun qo‘yilmasligi kerak,” deyiladi Conmebol bayonotida.
Savol endi bitta: Fifa rahbariyati shaxsiy tashabbus va yopiq eshiklar ortidagi kelishuvlar yo‘lidan qaytadimi yoki bu mojaro zamonaviy futbol tarixidagi eng katta siyosiy to‘qnashuvga aylanadimi?






