Infantino va Uefa o‘rtasidagi futbol tepasidagi jang
“Jinoyat darajasidagi boshqaruvsizlik.”
“Majburiyatdan shov-shuvli qochish.”
“Shaxsiy manfaati yo‘lida tiqishtirilgan, bozor narxidan mutlaqo uzilgan kelishuv.”
Uefa yuridik jamoasi Qo‘shma Shtatlardagi sudga topshirgan hujjatlarda Fifa prezidenti Gianni Infantino haqida ishlatgan iboralar yumshoq aytganda ham shafqatsiz. Gap – hozircha muzlatib qo‘yilgan, Fifa Forward Enterprise (FFE) deb nomlangan rejaga doir. Unga ko‘ra, Fifa musobaqalarida ulushlar xususiy investorlar qo‘liga o‘tishi kerak edi.
Uefa bu sxemani Jahon chempionatiga “mutlaqo asossiz darajada past korxona qiymati” berilgan, “ochiq va raqobatbardosh tender natijasi bo‘lmagan, mustaqil baholovchi tomonidan tekshirilmagan” bitim sifatida tasvirlaydi. Hujjatlarda bu “Fifa va uning 211 a’zosiga bevosita va aniq zarar yetkazgan, maxfiylik pardasi ostida o‘tkazilgan tranzaksiya” deb qayd etilgan.
Sudga taqdim etilgan materiallarda Infantino atrofidagi shaxslar “hamtovoqlar” va “hamfitnachilar” deb tilga olinadi, “Fifa amaldorlari orasidagi korrupsiya tarixining davomiyligi”ga bag‘ishlangan alohida bob bor. Uefa AQShdagi dalillar va hujjatlarga kirish huquqini so‘rab, ularni Shveysariyada Infantino ustidan ehtimoliy sud jarayonida ishlatmoqchi.
FFE rejasi oshkor bo‘lib, bir necha kun ichida qulaganiga bir oydan oshdi. Ammo futbol boshqaruvidagi bu fuqarolik urushi susayish alomatini ko‘rsatmayapti.
Uefa zarbani kuchaytiradi, Infantino esa omon qolmoqda
So‘nggi haftalarda Infantino muxoliflari – sobiq futbolchilar, siyosatchilar, muxlislar guruhlari – ketma-ket keskin bayonotlar berdi. Hatto, u Uefa davrida da’vo qilingan shaxsiy munosabatlari va bu bilan bog‘liq tovon to‘lovi haqidagi ma’lumotlar ham sizib chiqdi. Infantino bu ayblovlarni “mutlaqo yolg‘on” deb rad etdi.
Endi esa navbat – sud tahdidiga keldi.
Qiziq tomoni shundaki, bu bo‘ron ichida Infantino ehtimol so‘nggi oylarning eng qulay haftasini o‘tkazdi. Payshanba kuni u kuchli Saudi Arabian Football Federation tomonidan shartli qo‘llab-quvvatlandi: tashkilot hozircha “Gianni Infantino tomonidan birlikni tiklash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini” bildirdi.
U uchta konfederatsiya va boshqa manfaatdor tomonlarning iste’fo haqidagi chaqiriqlarini rad etdi. Shunga qaramay, Uefa Fifa musobaqalarini boykot qilish tahdididan voz kechdi, chunki FFE takrorlanmasligi haqida kafolat oldi. Bu ham ko‘pchilik tomonidan Infantino foydasiga navbatdagi siyosiy g‘alaba sifatida qabul qilindi.
Ammo Uefa keyingi zarbani tayyorlab qo‘ygan edi. Jinoyat ishini boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabar keskin burilish bo‘ldi. Bu – Infantino hokimiyatini cheklash niyatidan qaytmaganining, aksincha, bosimni oshirayotganining ishorasi edi.
Infantino FFE ni Fifa tijoriy salohiyatini “ochish” vositasi sifatida himoya qilgan, keyinroq “xatolar” uchun uzr so‘ragan edi. U ham, Fifa ham hozircha yangi huquqiy burilishga javob bermadi. Tashkilot rasmiylari e’tibor U20 Women’s World Cup musobaqasini – kelasi haftada Polshada boshlanadigan turnirni – o‘tkazishga qaratilganini aytmoqda.
Infantino esa, Dominikan Respublikasi va Parijdagi safarlardan so‘ng, Vetnamga qilgan “ajoyib” tashrifi videosini e’lon qildi. Uning so‘nggi haftalardagi taqvimi tobora saylovoldi safarlarini eslatmoqda – maqsad bir xil: qo‘llab-quvvatlovchilar sonini mustahkamlash.
AQSh sudlari, Thrive Capital va 15 milliardlik savol
Uefa Fifa’ni bir oy avvaloq ogohlantirgan: FFE bo‘yicha “tegishli materiallar”ni saqlab qoling, deb. Demak, Infantino bu huquqiy zarbani kutgan bo‘lishi tabiiy.
Endi ko‘p narsa AQSh sudlarining qaroriga bog‘liq. Uefa FFE bo‘yicha dalillarni oshkor etish haqidagi so‘rovini ko‘rib chiqishni so‘rayapti. Ma’lumotlar Fifa’dan, FFE uchun asosiy investor sifatida ko‘rilgan venchur fond Thrive Capital’dan va uning asoschisi Josh Kushner’dan talab qilinmoqda. Shuningdek, taklif etilgan bitimning “asosiy tijoriy maslahatchisi” sifatida tasvirlangan sobiq Formula 1 rahbari Greg Maffei ham ro‘yxatda.
Thrive va Kushner bo‘yicha Uefa vakillari “hujjatlar va yozishmalarni taqdim etish, shuningdek, ko‘rsatma berish” uchun sud chaqiruvlari so‘ralayotganini ma’lum qilgan.
Kushner hozircha sukut saqlayapti. Ba’zi huquqshunoslar esa, u sud chaqiruvini tijorat sirlarini, kelajakdagi investitsiyalarini himoya qilish zarurati bilan asoslashi va muvaffaqiyatli rad etishi mumkinligini aytmoqda. Kushner yaqinda basketbol klubi Los Angeles Lakers’ni rekord 9,3 milliard funtga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Bu jarayon qancha cho‘zilishi noma’lum. Uefa Jahon chempionati ataylab qariyb 15 milliard funt atrofida past baholanganini isbotlash uchun yetarli dalil to‘play oladimi – bu ham ochiq savol. Xuddi shunday, tashkilot Shveysariyada haqiqatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atishgacha boradimi-yo‘qmi, aniq emas.
Blatter soyasi va Shveysariya prokuraturasining ehtiyotkorligi
Shveysariyada bunday ishlarning qanchalik murakkab kechishini futbol siyosatini kuzatib kelayotganlar yaxshi biladi. 2002 yilda, bugungidek ichki bo‘linish sharoitida, Fifa ijroiya qo‘mitasining bir necha a’zosi o‘sha paytdagi prezident Sepp Blatter ustidan Tsyurix sudiga jinoyat arizasi bergan. Prokuror hech qanday choralar ko‘rmadi, Blatter aybsizligini ta’kidladi.
O‘tgan yili Shveysariya Bosh prokuraturasi Blatter va sobiq Uefa prezidenti Michel Platini ustidan olib borgan uzoq muddatli korrupsiya ishi ham ular to‘liq oqlanishi bilan yakunlandi.
“Uefa Infantino ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun asosli da’vo borligini ko‘rsatishi kerak,” deydi yetakchi sport yuristi Nick de Marco KC. “Agar ular buni ko‘rsata olishsa, juda ko‘p hujjatlarni oshkor qilishga ruxsat berilishi kerak bo‘ladi.”
U ish sudga qadar borish ehtimoli haqida so‘ralganda shunday deydi: “Biz bundan juda olisdamiz – birinchi bosqich bu oshkor qilish bo‘yicha ariza. Menimcha, aynan shu bosqichda muvaffaqiyat ehtimoli yuqori. Keyin esa navbat Shveysariya prokuroriga keladi: u o‘sha materiallarni ko‘rib chiqib, ish qo‘zg‘atish kerakmi yo‘qmi, hal qiladi. Bu vaqt oladi… Ammo, nazarimda, biz juda qiziqarli hujjatlar oshkor bo‘lishini va bu reja ustiga ko‘proq yorug‘lik tushishini ko‘ramiz.”
“Institutsiya emas, shaxs atrofida boshqarilayotgan Fifa”
Uefa o‘zining huquqiy yurishi qanday to‘siqlarga duch kelishini yaxshi tasavvur qilayotgandek. Shu bois u parallel ravishda siyosiy talablari ro‘yxatini ham ochiq e’lon qildi: “fundamental islohotlarni ta’minlash, prezident vakolatlariga oqilona cheklovlar o‘rnatish va Fifa yana bir shaxs atrofida emas, institutsiya sifatida boshqarilishini tiklash”.
Uefa FFE bo‘yicha “haqiqatan mustaqil tashqi tekshiruv”ni talab qilmoqda.
Infantino esa, Janubiy Amerika, Afrika va Osiyoning ayrim hududlarida hanuz kuchli tayanchga ega. So‘nggi haftalarda Uefa tomonidan uyushtirilgan bosim to‘lqinidan omon chiqqani uning pozitsiyasini mustahkamlab qo‘ygandek. Ko‘plar uni kelasi bahorda to‘rtinchi muddatga qayta saylanish uchun nomzodini qo‘yishidan shubhalanmayapti.
Uefa ogohlantirgan: agar Infantino yana saylovga tushsa, ular “hamkor konfederatsiyalar bilan birlashib, a’zo assotsiatsiyalarga yaxlit, ishonchli alternativ nomzodni taklif qilishga” harakat qiladi. Ularning ta’rifiga ko‘ra, bu nomzod “halollik, hisobdorlik, rivojlanish va chinakam institutsional o‘zgarish”ga sodiq bo‘lishi kerak.
Savol esa o‘sha-o‘sha: bunday birlashtiruvchi shaxs paydo bo‘ladimi?
Yangi nomzod izlanmoqda, vaqt esa siqmoqda
Uefa vitse-prezidenti Laura McAllister BBC Sport’ga Monakoda bergan intervyusida futbol boshqaruvini zamonaviylashtirish uchun zarur o‘zgarishlar allaqachon aniq ekanini aytdi. U “eng muhim manfaatdor tomonlar oldida hisobdor” bo‘lgan boshqaruv tizimini talab qildi.
“Bizga shunday nomzod kerakki, u bu kun tartibini ilgari sursin, islohot va o‘zgarish jarayoniga chin dildan sodiq bo‘lsin,” deydi u. “Bunday qarashni birlashtira oladigan, yetarli obro‘ va ishonchga ega ko‘plab munosib nomzodlar bor, ammo bu inson aynan mana shu yo‘lni birlashtira olishi zarur.”
U boshqaruv tamoyillarini “shaffoflik, mustaqillik, tanqidiy nazorat va tegishli tekshiruv”ga tayanishga chaqirdi. “Bu jarayon oson bo‘lmasligini, o‘zgarishlar bir kechada ro‘y bermasligini bilardik”, deydi McAllister.
Oktyabr oyida Infantino nihoyat FFE bo‘yicha isyon ko‘targan ayrim tanqidchilari bilan birinchi bor yuzma-yuz uchrashadi – Fifa Council yig‘ilishida. Bu majlis keskin ruhda o‘tishi kutilmoqda. Noyabrda prezidentlikka nomzodlar ko‘rsatilishi kerak. Mart oyiga esa saylov belgilangan. Agar Infantino ishtirok etsa, bu futbol kelajagi uchun hal qiluvchi burilish bo‘lishi mumkin.
Shu kungacha bo‘lgan bo‘linish va keskinlik esa oson tarqalaydigan ko‘rinmaydi. Dunyo futboli o‘zini chulg‘agan bu hokimiyat o‘yini ichidan birlashgan holda chiqa oladimi – yoki navbatdagi saylov ham faqat yangi front chizig‘ini chizish bilan yakunlanadimi?







