Inter va Napoli: Serie A klassikasi
Milanda bu hafta oxiri oddiy uchrashuv emas. Inter va Napoli o‘rtasidagi duel allaqachon Serie A klassikasiga aylangan, lekin bu safar statistik kitoblar ham hushyor.
Inter ketma-ket 16ta o‘yinda Napoli darvozasini ishg‘ol qilgan. Opta ma’lumotiga ko‘ra, hech bir jamoa tarixda Napoli bilan o‘yinlarda 17ta uchrashuv davomida uzluksiz gol ura olmagan. Bitta zarba, bitta aniqlik – va “nerazzurri” alohida sahifaga ega bo‘ladi.
Bu rekordning soyasida yana bir chiziq chizilmoqda. G‘alaba Inter’ga 2023-2024 mavsumidan keyin ilk bor uch turdan uch g‘alaba bilan start olish imkonini beradi. Jamoa allaqachon dastlabki ikki turda maksimal ochko to‘pladi, endi esa startdagi mukammal seriyani mustahkamlash payti.
Bu sahnada markaziy rol – Hakan Calhanoglu qo‘lida. Turkiyalik yarim himoyachi dastlabki ikki turda ham gol urdi. Agar u yana bir marta to‘pni to‘rga joylashtira olsa, Inter tarixida mavsumning ilk uch uchrashuvida ketma-ket gol urgan ilk yarim himoyachiga aylanadi. Klub afsonalari ham qilolmagan ishni bajarish imkoniyati – bu oddiy statistik fakt emas, bu bosim, lekin ayni paytda ulkan sahna.
Napoli esa bu kechaga bo‘sh keladigan raqib emas. Oxirgi besh o‘yinda ular Inter’ga yutqazmagan: bitta g‘alaba, to‘rtta durang. 2013–2015 yillar oralig‘idagi seriyadan beri ular hech qachon bu raqibga qarshi olti o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qura olmagan. Endi ular ham tarix izlaydi – bu safar himoyada va natijada.
Umumiy manzarada esa Inter ustun: 70ta g‘alaba, 48ta mag‘lubiyat va 42ta durang. Bu to‘qnashuvlarda milanliklar 229ta gol urgan, Serie A’da Napoli’ga qarshi bundan ko‘proq faqat Juventus hisobiga yozilgan. Statistik raqamlar Inter tomonida, ammo Napoli aynan bunday lahzalarda eng xavfli bo‘lishni biladi.
Roma – gol yomg‘iri va eski la’nat
Roma mavsum startini shov-shuv bilan ochdi. Ketma-ket ikki turda 4:0. Sakkizta gol, bitta ham o‘tkazilmagan. Serie A tarixida faqat uchta jamoa shunday start bera olgan.
Endi rekordlar eshigi yanada kengroq ochilmoqda. 1983-1984 mavsumida Juventus dastlabki uch o‘yinda kamida 9ta gol urib, birorta ham o‘tkazmagandi. Roma shu marraga bir qadam qoldi: Atalanta ustidan yana bir ishonchli g‘alaba – va ular o‘sha tarixiy ko‘rsatkichni takrorlaydi.
Ammo muammo bor. Jiddiy muammo. Bu – Atalanta.
Bergamo klubi Roma uchun haqiqiy “qora mushuk”ka aylangan. Oxirgi 8ta liga o‘yinda ular rimliklarga yutqazmagan: 6 g‘alaba va 2 durang. Bu qarama-qarshilik tarixidagi eng uzun mag‘lubiyatsiz seriya.
“Stadio Olimpico” ham bu og‘riqni yengillashtirmagan. Roma o‘z uyida Atalanta’ga qarshi o‘tgan 12ta o‘yindan atigi bittasida g‘alaba qozongan, 6 marta durang, 5 marta mag‘lub bo‘lgan. Statistika bitta haqiqatni aytmoqda: raqib nomi Atalanta bo‘lsa, Roma uchun uy maydoni ham kafolat emas.
Atalanta ham bu kechaga oddiy mehmon sifatida kelmaydi. Ular ham o‘z tarixini quvlamoqda. Agar Rimdan uch ochko bilan qaytishsa, 2020-2021 mavsumidan buyon ilk bor mavsumni uch g‘alaba bilan boshlashadi.
Bu yo‘lda asosiy nomlardan biri – Donyell Malen. U Serie A’dagi dastlabki 20 o‘yinida 19ta gol urdi. Bu bosqichda undan yaxshiroq faqat Gunnar Nordahl va José Altafini bo‘lgan – ikkalasi ham 20ta o‘yinda 20ta gol. Malen endi ularning yelkasidan ushlab turibdi.
Yana bir qiziqarli chiziq – Lazar Samardzic. U ketma-ket olti Serie A mavsumida gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Agar Roma qarshi o‘yinda golli uzatma amalga oshira olsa, 2004-2005 yildan beri ilk bor olti turli mavsumda ham gol, ham golli uzatma qayd etgan eng yosh futbolchiga aylanadi. Yoshlik, ijodkorlik va statistikani bir chiziqqa jamlagan o‘yinchi.
Juventus – Milan: gol yo‘q, taranglik yetarli
Tur doirasidagi boshqa yirik to‘qnashuvlar ichida Juventus – Milan alohida turadi. Ammo bu juftlik so‘nggi yillarda kutilmagan yo‘lni tanladi: tomoshabinlar gollarni emas, “0:0”larni ko‘rmoqda.
Oxirgi beshta uchrashuvning to‘rttasi golsiz durang bilan yakunlangan, jumladan so‘nggi ikkisi ham. Bu juftlik tarixida hech qachon ketma-ket uchta o‘yin 0:0 bilan tugamagan. 1973–1974 yillarda to‘rtta ketma-ket durang kuzatilgan, lekin bugungi seriya boshqa – bu safar gap gollar emas, ularning yo‘qligi haqida.
Juventus bu sukutdan faxrlanishi mumkin. Ular Milan bilan so‘nggi olti uchrashuvning barchasida “quruq” o‘yin o‘tkazgan. Bu – Milan tarixida bir raqibka qarshi eng uzun golsiz seriya. “Rossoneri” uchun bu nafaqat raqam, balki psixologik to‘siq ham.
Turinning o‘zi ham mavsumni himoyadan boshlab yuborgan. Dastlabki ikki o‘yinda 1:0 va 2:0 hisobidagi g‘alabalar, ikkala uchrashuvda ham “quruq” darvoza. Endi esa ular so‘nggi 10 mavsumda atigi ikkinchi bor uch turdan uchta “quruq” start qayd etish imkoniyatiga ega.
Milan esa boshqa yo‘ldan ketmoqda. Ular uchun bu uch turdan uch g‘alaba sari yana bir imkon – so‘nggi yetti mavsumda to‘rtinchi marta shunday start qayd etish ehtimoli bor. Ikkala klub ham o‘z yo‘lida, lekin raqamlar Juventus himoyasi foydasiga qichqirmoqda.
Bu fon ustida yana bir detal: Nico Gonzalez o‘zini aynan Milan’ga qarshi uy uchrashuvlarida erkin his qiladi. U so‘nggi to‘rtta bunday o‘yinda uchta gollarga bevosita hissa qo‘shgan – bitta gol va ikkita golli uzatma. Raqib nomi katta bo‘lsa, u ham maydonda kattaroq ko‘rinadi.
Lazio – noodatiy start va sinov nomi Udinese
Lazio mavsumni o‘z tarixiga xos bo‘lmagan tarzda boshladi: ikki o‘yin, ikki g‘alaba, ikkala uchrashuvda ham ikki martadan farq, ikkita “quruq” o‘yin. Klub bunday startni ilgari hech qachon ko‘rmagan.
Endi ular uchinchi g‘alabani quvlamoqda. Bunga faqat ikki marta erishishgan: 1974-1975 va 2012-2013 mavsumlarida. Rimning osmoni yana shunday boshlanishni ko‘radimi?
Yo‘lning navbatdagi to‘sig‘i – Udinese. Statistikaga qaralsa, bu raqibni yengish oson emas. So‘nggi 10ta o‘yinning 8tasida Lazio ularga yutqazmagan bo‘lsa-da, Udinese ham bu qarama-qarshilikda o‘ziga xos qulaylikka ega.
Buni ayniqsa Rimdagi natijalar tasdiqlaydi. Mehmonlar bu stadionni yoqtiradi: so‘nggi 13 safardan 12tasida mag‘lub bo‘lishmagan – 8 g‘alaba, 4 durang. Lazio uchun uy maydoni bu safar ham kafolat emas, faqat sinov.
Genoa – Como: Dovikas va Osimhen izidan
Genoa – Como uchrashuvi katta sarlavhalarda ko‘rinmasligi mumkin, lekin bir futbolchi uchun bu o‘yin alohida ahamiyatga ega. Tsous Dovikas uchun bu safar rekord poygasi.
U ketma-ket beshta safar o‘yinida gol urgan. Agar yana bir marta raqib maydonida to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lsa, u Victor Osimhen’ning 2023 yilda qayd etgan seriyasiga tenglashadi. Neapolda porlagan, hozir Galatasaray safida o‘ynayotgan nigeriyalik yulduzdan keyin bunday natija yana bir bor takrorlansa, bu tasodif emas, yangi nomning jiddiy sahnaga chiqishi bo‘ladi.
Serie A bu hafta oxirida rekordlar, seriyalar va tarixiy chiziqlar bilan to‘lib-toshgan. Endi savol bitta: kim sahifaga nomini oltin harflar bilan yozadi, kim esa raqamlar bosimi ostida yonib ketadi?







