Ispaniya murabbiyi Luis de la Fuente: “Bunday holatga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”
Jahon chempionati finalidan keyingi mojaro futbol maydonidan chiqib, endi intizomiy kabinetlarga ko‘chdi. FIFA Argentina terma jamoasining xatti-harakatlarini o‘rganayotgan bir paytda, Ispaniya bosh murabbiyi Luis de la Fuente MetLife Stadiumdagi sahnalarni keskin tanqid qildi.
Murabbiy Ispaniya jamoasining qo‘shimcha daqiqalardagi 1:0 hisobidagi g‘alabasidan so‘ng yuz bergan to‘qnashuvlarni “chidab bo‘lmas va qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atadi. Uningcha, bunday darajadagi futbolchilar uchun bu – mutlaqo kechirilmas.
MetLife’dagi tarang lahzalar
Final hushtagi yangragach, asablar chiziqdan o‘tdi. Argentina yarim himoyachisi Leandro Paredes Ispaniya futbolchilari Eric Garcia va Gavi bilan jismoniy to‘qnashuvga kirishdi. Shiddat susaymayotgan bir paytda, Ispaniya sardori Rodri yugurib o‘tayotib, Argentina himoyachisi Nahuel Molina zarbasini qorniga oldi.
De la Fuente o‘sha damlarda buni ko‘rmaganini, boshqa odamlar bilan g‘alabani nishonlashga berilib ketganini aytadi. Ammo keyin voqealarni ko‘rgach, pozitsiyasi qat’iy bo‘lib qoldi.
“Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, — dedi u Ispaniya davlat telekanali TVEga bergan intervyusida. — Ayniqsa, men final oldidan maqtagan, yuqori saviyadagi futbolchilardan bunday ishni kutmagan edim. Ularning murabbiyi ham zo‘r, lekin bu xatti-harakatni oqlamaydi”.
FIFA sahnaga chiqdi
Bosim ortdi va FIFA chora ko‘rishga majbur bo‘ldi. Tashkilot dushanba kuni o‘zining intizomiy prokurorlaridan biriga ishni o‘rganish, maydondagi keskin to‘qnashuvlar bo‘yicha hisobot tayyorlash vazifasini topshirdi.
Ayni paytda tergov doirasi bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q: Ispaniya futbolchilari yoki shtab a’zolaridan rasmiy ko‘rsatma olinadimi-yo‘qmi, noma’lumligicha qolmoqda. Shuningdek, muddat ham belgilanmagan – ish qachon yakunlanishi, ehtimiy diskvalifikatsiyalar qachon kuchga kirishi haqida hech qanday rasmiy vaqt chizig‘i yo‘q.
FIFA intizomiy reglamentiga ko‘ra, maxsus prokuror a’zolik assotsiatsiyalar, klublar va shaxslarga nisbatan intizomiy ish ochishni so‘rash va sanksiyalar taklif qilish vakolatiga ega. Hozircha esa bu vakolat qog‘ozda turibdi, qaror esa hali oldinda.
Ayala uzr so‘radi, keskinlik esa so‘nmagani rost
Argentina terma jamoasi shtabidan ilk javob kechikmadi. Murabbiy yordamchisi Roberto Ayala chorshanba kuni Dani Olmo bilan bo‘lgan to‘qnashuv uchun omma oldida uzr so‘radi. U bo‘lgan voqeani “mushtlashuv emas, itarish” deb ta’rifladi.
Bu izoh keskinlikni biroz yumshatgandek bo‘ldi, lekin bahsni to‘xtatmadi. Ayniqsa, Ispaniya tomoni bu voqealarga javoban o‘zini qanday tutgani bilan faxrlanmoqda.
De la Fuente TVEga bergan intervyusida shogirdlarini alohida ta’kidladi: “Bizning futbolchilarimiz bunday tajovuz va qo‘zg‘atuvchi harakatlar fonida ham o‘zini tutdi, kasbiga munosib bo‘ldi. Ular haqiqiy professional bo‘lib qolishdi”.
Trump, shohsupaga chiqish va orqa o‘girgan Argentina
MetLife Stadiumdagi dramatik sahnalar faqat maydon bilan cheklanib qolmadi. Ispaniya futbolchilari Argentina jamoasi uchun sharaf yo‘lini tashkil qilib, ularni medal olish uchun podiumga kuzatib qo‘ydi. U yerda ularga AQSh prezidenti Donald Trump medal topshirdi.
Ammo marosimning keyingi qismi stadion kayfiyatini o‘zgartirib yubordi. Rodri kubokni ko‘tarishga chiqqan paytda, Argentina jamoasining aksariyat futbolchilari marosimga orqa o‘girib turdi. Bu harakat ijtimoiy tarmoqlarda ham, futbol doiralarida ham qizg‘in munozaraga sabab bo‘ldi.
Bir tomonda – sport ruhini saqlashga urinayotgan Ispaniya, ikkinchi tomonda – alam va umidsizlikni ochiq namoyish qilayotgan Argentina. Finaldan keyingi asosiy rasm ana shunday chizildi.
Oldinda nima kutyapti?
Argentina terma jamoasining yaqin oylar ichida rasmiy o‘yinlari yo‘qligi vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Ehtimoliy diskvalifikatsiyalar qachondan kuchga kirishi, qaysi musobaqalarga ta’sir qilishi – hozircha faqat savol.
FIFA tergovi yakunlangach, futbol olami yana bir bor o‘sha savolga qaytadi: eng yuqori sahnada, jahon chempionati finalida chiziq qayerda chizilishi kerak edi?






