Italiya futboli: yangi rahbarlar va Pep Guardiola loyihasi
Italiya futboli o‘zini o‘zi buzib, boshqatdan qurishga majbur bo‘ldi. Katta terma jamoa ketma-ket uchinchi bor Jahon chempionatiga chiqa olmadi, bu esa butun tizimni larzaga keltirdi. Birinchi bo‘lib bosh murabbiy Gennaro Gattuso ketdi, ortidan federatsiya prezidenti Gabriele Gravina va jamoa direktori Gianluigi Buffon ham lavozimini tark etdi.
Yevropa chempionlarining qulashi
Azzurri baribir so‘ngigacha yetib bordi. Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Yevropa pley-offida “final”ga chiqdi, ammo Bosniya va Gertsegovina qarshisida penaltilarda yonib ketdi. 1:1 hisobidagi durangdan keyin zarbalar seriyasida mag‘lubiyat – butun mamlakat kutgan narsa emasdi.
Bu mag‘lubiyat shunchaki sport natijasi emas, balki tizimga hukmdek bo‘ldi. Bir paytlar mudofaa va taktika maktabi bilan faxrlangan mamlakat endi o‘zini o‘zi so‘roq qilmoqda: qayerda adashdik?
Yangi rahbarlar, yangi yo‘l izlash
Iyun oyida Rimdagi kabinetlar ham yangilandi. Federatsiya tepasiga yangi prezident sifatida Giovanni Malagò keldi. Futbol tarafdorlari esa boshqa ismni ham intiqlik bilan kutdi – afsonaviy Paolo Maldini texnik direktor sifatida tizimga qaytdi.
Maldinining vazifasi oddiy emas: Azzurri’ni qayta tiklash, falsafani yangilash va Italiya futbolini yo‘qotilgan izzat-obro‘siga qaytarish. Buning uchun u eng katta kartasini o‘ynadi – Barcelonaga yo‘l oldi.
Sky Italia xabariga ko‘ra, Maldini Kataloniyada Pep Guardiola bilan uchrashdi. Maqsad aniq: Manchester City bilan xayrlashgan murabbiyni Italiya terma jamoasi boshqaruviga ko‘ndirish.
“Pep” loyihasi: hamma narsa atrofida aylanadigan markaz
La Gazzetta dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, federatsiya Guardiola uchun maxsus loyihani taqdim etgan. U yerda bitta markaziy g‘oya bor: hammasi “Pep” atrofida quriladi.
Gap faqat katta terma jamoa haqida emas. Italiya futboli falsafasini, ayniqsa yoshlar tizimini tubdan o‘zgartirish rejalashtirilgan. Yangi uslub, yangi qarash, to‘pni nazorat qilishga asoslangan zamonaviy futbol – hammasi Guardiolaga bog‘liq.
Maldini va uning maslahatchisi Leonardo Kataloniya ustoziga muhim imtiyoz taklif qilgan: u Italiya terma jamoasini qayta qurish bilan shug‘ullanar ekan, imkon qadar ko‘proq vaqtni Barcelonada o‘tkazishiga ruxsat beriladi. Ya’ni, murabbiylik va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni saqlashga urinish.
Ammo bitta jiddiy to‘siq bor. Guardiola yiliga 20 million yevro so‘ramoqda. Federatsiya esa bu lavozim uchun atigi 10 millionni rejalashtirgan. Moliyaviy tafovut ikki barobar. Shuning uchun ham kelishuv borasidagi kayfiyat – ehtiyotkor. Optimizm bor, lekin katta emas.
Guardiola: “Avval hayotni kashf qilmoqchiman”
Bu orada Pepning o‘zi ham shoshayotgani yo‘q. U yaqinda “Okx” kriptovalyuta platformasiga bergan intervyusida kelajagi haqida ochiq gapirdi.
“Psixologik jihatdan mendan hech narsa kam emas. Men 37 yoshimda murabbiylikni boshladim, butun hayotim futbol bilan bog‘liq bo‘lgan. Endi esa hayotni kashf qilishga, futboldan boshqa narsalar bilan baxtli bo‘lishga harakat qilmoqchiman”, – dedi u.
U davom etarkan, murabbiylikdan tanaffus unga zarurligini ta’kidladi: “Ishimni yaxshi ko‘raman, lekin bir payt kelib, tanaffus qilish kerakligini his qilasan. Balki bir kuni uyg‘onib: ‘Xo‘p, murabbiylikka qaytmoqchiman’, – derman. Buni his qilishim kerak. Hozircha esa bunday tuyg‘u yo‘q.”
City bilan barcha yutuqlardan so‘ng ham, u ichki og‘irlikni yashirmadi: “Hayotim qanday bo‘lishini tushunishga harakat qilyapman. To‘xtashga qaror qildim, chunki o‘zimga biroz ko‘proq g‘amxo‘rlik qilmoqchiman. Bolalarim bilan, 95 yoshga kirgan otam bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni istayman. Men 56daman, endi yosh emasman, qarashlarim biroz o‘zgardi. Murabbiylikni tugatganimdan keyin hayotga moslashishga harakat qilyapman, hozircha hammasi yomon emas.”
Italiya qarshisida turgan savol
Shunday qilib, vaziyat murakkab. Bir tomonda – tarixidagi eng og‘ir inqirozlardan birini boshidan kechirayotgan Italiya terma jamoasi. Uchta ketma-ket Jahon chempionatisiz qolgan mamlakat o‘zini qayta kashf qilishi kerak.
Ikkinchi tomonda – dam olish, oilasi va shaxsiy hayotiga vaqt ajratishni istayotgan Pep Guardiola. Uning falsafasi Italiya futbolini yangilashi mumkin, lekin murabbiy hozircha futbolga qaytish istagini sezmayapti. Ustiga ustak, moliyaviy talablar ham muzokaralarni og‘irlashtiryapti.
Maldini va Leonardo Barcelonadan Italiyaga qaytadi. Ular yonida javob bo‘ladimi yoki faqat savollar? Azzurri yangi davrni Pep bilan boshlaydimi yoki bu inqilob boshqa bir ismga nasib etadimi – hozircha hech kim aniq ayta olmaydi.
Bitta narsa ravshan: Italiya endi avvalgidek yashay olmaydi. Endi u tanlov qilishi kerak – xavf qilib, hammasini “Pep” g‘oyasiga tikadimi yoki o‘z yo‘lini boshqa murabbiy bilan izlaydimi?






