Kloppning Mundialga bo'lgan qarashi: Ronaldo, Messi va Undav
Jürgen Klopp bu Jahon chempionatini tomosha qilayotgan oddiy muxlis emas. U futbolni mayda detallarigacha o‘qiydigan murabbiy. Shuning uchun ham uning Cristiano Ronaldo va Lionel Messi haqidagi so‘zlari oddiy maqtov emas, balki bir avlodning yakuniy sahnasiga berilgan bahodek eshitiladi.
41 yoshli Ronaldo: tanqiddan rekordgacha
Portugaliya turnirni sust boshladi. Eng katta zarbani esa, odatdagidek, Cristiano Ronaldo oldi. Birinchi o‘yindan keyin tanqid to‘lqini ko‘tarildi – Kloppning o‘zi ham bu shovqinni payqadi.
Keyin esa keladi o‘sha 5:0. O‘zbekiston darvozasi qarshisida Ronaldo dubl qayd etadi va Jahon chempionatlari tarixida Portugaliya terma jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘lib oladi. Shuncha bosimdan keyin, shuncha yildan keyin.
Klopp aynan shunga qoyil qoldi: 41 yoshda, bunchalik shov-shuvli tanqiddan so‘ng, bunday javob. Uning ta’kidlashicha, Ronaldoning o‘sha o‘yindagi harakati, intensivligi, maydondagi tirishqoqligi – yoshi bilan solishtirganda – g‘ayrioddiy darajada. Eng ko‘p taassurot qoldirgani esa bir narsa: bu yoshda ham u muvaffaqiyatsizlikka befarq bo‘lib qolmagani. Bu uni yana ham xavfli qiladi.
Messi: sakkiz kilometr va butun maydonni “skanerlash”
Kloppning ko‘zlari esa faqat Ronaldoga qadalmagan. U Lionel Messini ham alohida zavq bilan kuzatgan. Argentina terma jamoasining Avstriyaga qarshi 2:0 hisobidagi g‘alabasi – Klopp uchun taktik mahorat darsi bo‘ldi.
Statistika shuni ko‘rsatdi: Messi atigi sakkiz kilometr yugurdi. Oddiy futbolchi uchun bu kamdek tuyulishi mumkin. Klopp esa buni “ideal masofa” sifatida qabul qildi – chunki Messi aynan kerakli lahzalarda, kerakli nuqtada paydo bo‘ldi. U buni ham tan oldi: bunday modelni hammaga ko‘chirib bo‘lmaydi. Hamma sakkiz kilometr yugurib, Messi bo‘lib qolmaydi.
Tashqaridan qaraganda Messi “yurib” yurgandek ko‘rinadi. Kloppning nigohida esa bu “yurish” – eng yuqori darajadagi taktik aniqlik. U Messini to‘p boshqa tomonda bo‘lsa ham kuzatganini aytadi. Go‘yoki argentinalik hujumchi maydonni metrma-metr o‘lchayotgandek: “hozir bu yerda turaman, keyin o‘ngga siljiman, keyin markazga kiraman”.
Avstriyaga qarshi o‘yinda uzoq vaqtgacha Messi nomi asosiy sahnada bo‘lmadi. Lekin hal qiluvchi daqiqalar yetib kelganda, u yana bosh rolni o‘z qo‘liga oldi. Birinchi golni – “chunki u buni qila oladi”. Ikkinchi golni – “chunki u buni xohlaydi”. Keyin esa penaltidan boy berilgan imkoniyat. Aks holda, ikki o‘yindan so‘ng oltita gol bo‘lishi mumkin edi. Shunda bitta Mundialning o‘zi ham Messi uchun oddiy turnirdek ko‘rinadi.
Zlatan Ibrahimovicning hazil aralash taqqoslovini Klopp eslatib o‘tdi: Messining bitta Jahon chempionatida beshta goli bor, Zlatanning esa ikki Mundialda ham birortasi yo‘q. Ba’zan futbol shunchalik sodda.
“Bu avlodni ko‘rayotganimizning o‘zi – baxt”
Klopp o‘zini ham bu davrning baxtli guvohi deb biladi. Uning o‘zi ham yulduzli murabbiy, lekin Messi bilan chekkada bo‘lgan qisqa uchrashuvni alohida voqea sifatida eslaydi.
U aytadi: 59 yoshda bo‘lsa ham, Messi uni tabriklovchilar safiga qo‘shgan o‘sha lahza juda o‘zgacha tuyilgan. O‘z shogirdi bo‘lgan Alexis Mac Allister bilan qisqa suhbat – alohida yoqimli holat. Lekin keyin Messining kelishi – butun kayfiyatni boshqa darajaga olib chiqqan. Klopp uchun bu oddiy protokol uchrashuvi emas, futbol tarixining tirik ramzlari bilan bir sahnada turish hissi edi.
Undav: Germaniya hujumi uchun yangi qurol
Yulduzlar fonida Kloppning ko‘zi yana bir ismga tushgan: Deniz Undav. VfB Stuttgart hujumchisi Germaniya terma jamoasi safida Kot-d’Ivuarga qarshi o‘yinda qahramonga aylandi.
Klopp uning “gol hidini” asosiy ustunlik sifatida ko‘rsatadi. Undav qaerda turishni, qaysi nuqtada paydo bo‘lishni juda yaxshi biladi. Texnikasi nozik, zarbasi aniq. Kot-d’Ivuarga qarshi birinchi gol – bunga yorqin misol. Tashqaridan qaraganda bu oddiy “to‘pni chiziqdan itarib qo‘yish”dek ko‘rinishi mumkin. Klopp uchun esa bu – texnik jihatdan juda murakkab, to‘g‘ri vaqt va to‘g‘ri harakat kombinatsiyasi.
Shunga qaramay, u Undavni Julian Nagelsmann asosiy tarkibiga majburan tiqishga urinmaydi. Bu – murabbiyning qarori. Klopp buni alohida urg‘u bilan aytadi: boshqa hech kim bilan solishtirish shart emas, Deniz Undav – bu Deniz Undavning o‘zi. Va hozircha hamma uni Germaniya terma jamoasida ko‘rayotganidan xursand.
Messi va Ronaldo o‘z sahnasida oxirgi marta ta’zim qilayotgandek. Ularning soyasida esa Undav kabi yangi nomlar paydo bo‘lyapti. Savol bitta: bu Mundial tarix sahifalarini yakunlayaptimi yoki yangi bobni ochyaptimi?






