Liverpool Barcola uchun rekord taklif yubordi
“Liverpool” yoz bozorini sust boshlagandek ko‘ringandi. Endi esa klub Parij tomonga shunday zarba yubordiki, butun Yevropa quloq tutdi: Bradley Barcola uchun 120 million yevrolik taklif stol ustida.
Bu shunchaki navbatdagi transfer emas. Bu – Mohamed Salah ketganidan keyin bo‘shab qolgan o‘ng qanotni qayta qurish urinishining markazida turgan bitim.
Salah ketdi, bo‘shliq ulkan
Yoz boshidan beri “Liverpool”ning asosiy muammosi bitta: Salah o‘rnini kim bosadi?
Andy Robertson, Ibrahima Konaté va Salahning bepul ketishi tarkibdagi tajriba va sifatni sezilarli kamaytirdi. “Reds” hozircha faqat Osasuna himoyachisi Victor Munoz va Rennes futbolchisi Jeremy Jacquet bilan kelishuvni yakunladi. Premyer-ligadagi raqiblar allaqachon tarkibni kuchaytirayotgan bir paytda bu yetarli emasdi.
Dastlab RB Leipzig hujumchisi Yan Diomande bosh maqsad sifatida ko‘rilgan edi. Ammo u Real Madrid yo‘lini tanladi. Shundan so‘ng klubning transfer xaritasi keskin burildi va nigohlar Paris Saint-Germain qanot hujumchisi Bradley Barcola tomon o‘tdi.
Shaxsiy shartlar – “ha”, narx – asosiy jang
Italiyalik jurnalist Nicolo Schira ma’lumotiga ko‘ra, “Liverpool” va Barcola o‘rtasida 2032 yilgacha mo‘ljallangan shaxsiy shartnoma bo‘yicha “tamoman kelishilgan” holat yuzaga kelgan. Fransiya terma jamoasi futbolchisi uchun yuqori maosh ko‘zda tutilgan.
Ammo bu hikoyaning og‘ir nuqtasi boshqa yerda – Parij klubining narx belgisida.
Ishonchli jurnalist Ben Jacobs xabariga ko‘ra, PSG Barcola uchun 170 million yevro so‘ramoqda. “Liverpool” bu summani ochiqchasiga “shishirilgan va haqiqatdan yiroq” deb hisoblaydi. Klub rahbariyati bitim faqat narx maqbul bo‘lgandagina amalga oshishini aniq belgilab qo‘ygan.
Bir yil avval Barcola atigi 85 million yevoga baholangan, mersisaydliklar o‘sha payt ham uni olishga uringan. Endi esa aynan shu summaning deyarli ikki baravarini to‘lash fikri “Anfield”dagilarni qiziqtirmaydi.
PSGning qat’iy pozitsiyasi yoz bozoridagi boshqa yirik transferlar bilan ham bog‘liq: Elliot Anderson va Morgan Rogers uchun to‘langan ulkan summalar parijliklarga o‘z aktivini maksimal darajada pullash imkonini berayotgandek.
“Liverpool”ning navbatdagi yurishi: 105 + 15
Bosim ostida qolgan “Liverpool” navbatni o‘tkazib yubormadi. Jurnalist Achille Ashe ma’lumotiga ko‘ra, klub nihoyat rasmiy taklifni yubordi: 105 million yevro + 15 million yevro bonuslar.
Jami – 120 million.
Agar PSG bu taklifni qabul qilsa, bu parijliklar tarixidagi eng yirik sotuvga aylanadi. Ashe xabarida Parij rahbariyati taklifni ko‘rib chiqayotgani, Barcolaning ketishi esa tobora real ko‘rinayotgani ta’kidlangan. Narx PSG talabiga yaqinlashmoqda, tomonlar esa muzokarani davom ettirmoqda.
Vaqt “Liverpool” tomonidami?
“Liverpool” bu jarayonda faqat pul bilan emas, vaziyat bilan ham o‘ynayapti. Klub ichkarisidagi kayfiyatga ko‘ra, Barcola ketishni xohlaydi, uning PSG bilan shartnomasida atigi ikki yil qoldi. Yangi bitim imzolash istagi yo‘q.
Demak, agar bu yozda kelishuv bo‘lmasa, Parij klubi 2027 yilda uni ancha arzon narxda qo‘ldan chiqarishi mumkin. “Liverpool” aynan shu xavfni PSG stoliga qo‘yib, muzokarada ustunlikka erishishga urinmoqda.
Savol endi bitta: PSG hozir 120 millionni tanlaydimi yoki kelasi yillarda ko‘proq yo‘qotish xavfini ko‘zga ilmaydimi?
“Anfield”dagi yangi sahna
Barcola “Liverpool”ga o‘tsa, bu nafaqat Salah o‘rnini to‘ldirish, balki jamoaning hujum falsafasini qayta chizish bo‘ladi. Yosh, portlovchan, texnik va yuqori tavakkalchilikni yoqtiradigan qanot futbolchisi – Premyer-ligadagi keskin raqobat fonida “Reds”ga zarur bo‘lgan profil.
Endi navbat Parijga. “Anfield” allaqachon Barcola uchun eshikni ochib qo‘ydi. PSG esa qaror qilish arafasida: rekord daromadmi yoki uzoq cho‘zilgan, xavfli kutishmi?






