Liverpool: Homegrown rejalar va legionerlar limiti
Transfer oynasi yopilishiga atigi ikki hafta qoldi. 1-sentabrga qadar “Liverpool” tarkibni kuchaytirishi kerak, lekin bu safar asosiy raqib — nafaqat bozor, balki qoidalar. Premier League’ning “homegrown” talablari klubni keskin cheklab qo‘ygan.
Mersisayd klubi hanuz “Paris Saint-Germain” hujumkor juftligi — Bradley Barcola va Ibrahim Mbaye uchun harakat qilmoqda. Ularning ikkalasi uchun umumiy xarajat 150 million funtdan oshishi mumkin. Ammo bu bitimlarning oldida bitta katta devor turibdi: legionerlar soni allaqachon to‘lib bo‘lgan.
On-loan markaziy himoyachi Ronald Araujo — jamoaning 17-senior non-homegrown futbolchisi. Bu esa maksimal chegaraga teng. 25 kishilik ro‘yxatdagi qolgan sakkiz o‘rin faqat “homegrown” futbolchilar uchun ochiq. Demak, Anfield’da hozir bitta oddiy, ammo keskin formula ishlayapti: bitta keladi — bitta ketadi.
Shu sharoitda “Liverpool” uchun eng mantiqli yo‘l — ichki bozor. Klub chuqurlikni oshirish, kelajakka investitsiya qilish va shu bilan birga qoidalarni buzmaslik uchun dadil “homegrown” transferlarga qarashi kerak. Variantlar bor. Lekin ularning bari oson emas.
Ethan Nwaneri: Salahdan keyingi o‘ng qanot?
19 yoshli Ethan Nwaneri — “Arsenal”ning eng ko‘zga ko‘ringan yosh iste’dodlaridan biri. Uni tortib olish — deyarli imkonsiz vazifa darajasida. “Gunners” Angliya U-21 terma jamoasi a’zosini juda yuqori baholaydi, shunga qaramay, bu oy oxirigacha uning ketishi kutilmoqda. Ammo London klubi raqibiga, ayniqsa “Liverpool”ga uni osongina berib yuborishni xohlamaydi.
Shunga qaramay, agar u baribir ketishga yaqin bo‘lsa-chi? “Liverpool” juda katta summa taklif qilsa-chi? Savol shu yerda tug‘iladi. Nwaneri — uzoq muddatda Mohamed Salah o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan tipdagi o‘yinchi: o‘ng qanotda harakat qiladi, chap oyog‘i kuchli, zarba va dribling bilan raqibni sindira oladi. Bundan tashqari, u “10-raqam” pozitsiyasida ham o‘ynay oladi.
Yana bir muhim nuqta: hozircha u 25 kishilik ro‘yxatga kiritilmaydi, chunki yoshi kichik. Lekin bir necha yil ichida “homegrown” mezoniga to‘liq javob beradigan futbolchiga aylanadi. Bu esa “Liverpool” uchun strategik jihatdan juda katta plius, ayniqsa Joe Gomez va Curtis Jones keyingi 12 oy ichida ketishi ehtimoli borligi fonida.
Nwaneri transferi — juda murakkab, siyosiy jihatdan ham nozik, lekin muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, Anfield’dagi keyingi o‘n yillikning asosiy hikoyalaridan biriga aylanishi mumkin bo‘lgan bitim.
Ivan Toney: qisqa muddat, katta ta’sir?
Endi qisqa muddatli, lekin kuchli ta’sirga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan variant — Ivan Toney. U bolaligidan “Liverpool” muxlisi bo‘lgan, hozir esa Saudiya Arabistonida golni “konveyer” usulida uryapti. Uning kelishi, ayniqsa zaxiradagi markaziy hujumchi sifatida, jiddiy darajada sifat oshishini anglatadi.
U asosiy raqobat nuqtasida Federico Chiesa bilan solishtirilmoqda: Toney — Alexander Isak uchun asosiy “backup” sifatida ancha ishonchliroq variant bo‘la oladi, degan fikr bor. Chiesa ham, Isak ham jarohatga moyil futbolchilar sifatida tanilgan. Toney esa Premier League’da “Brentford” safida o‘zini allaqachon isbotlagan, bu liganing ritmi va bosimini yaxshi biladi.
Ammo bu yerda ham to‘siqlar yetarli. Saudiya klubi katta transfer puli talab qilishi mumkin. Uning maoshi ham masala bo‘ladi. Yana bir jiddiy omil: Toney yaqinda Londondagi tungi klubda sodir bo‘lgan hodisa bo‘yicha hujumda ayblanib, sudga tortilmoqda. Kelasi oy sud majlisiga chiqishi kerak. Bunday fon bilan har qanday top-klub o‘ylab ish qiladi.
Shunday bo‘lsa-da, agar “Liverpool” qisqa muddatda gollar kafolatini istasa, Toney — risk bilan aralash, lekin sport nuqtai nazaridan juda jozibali variant.
“Homegrown” nima o‘zi?
Qoidaning o‘zi oddiy, lekin klub siyosatini tubdan o‘zgartiradi. “Homegrown” maqomiga ega bo‘lish uchun futbolchi — millatidan qat’i nazar — 21 yoshga to‘lguniga qadar kamida uch to‘liq mavsum yoki 36 oy davomida Angliya yoki Uelsdagi istalgan klub tizimida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Yana bir mezon: futbolchi 21 yoshga to‘ladigan mavsum yakuniga qadar uch mavsum yoki 36 oy ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa ham, “homegrown” sifatida hisoblanadi. 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar esa 25 kishilik asosiy ro‘yxatga kiritilmaydi. Shu sababdan yosh iste’dodlar bilan ishlash — nafaqat sport, balki qoidaviy jihatdan ham oltin investitsiya.
“Liverpool”ning hozirgi boshi qotgan nuqtasi ham aynan shu: legionerlar limiti to‘lgan, lekin jamoa hali ham kuchayishga muhtoj.
Archie Gray: universal askar
Archie Gray — bugungi ingliz futbolidagi eng qiziqarli “universal”lardan biri. 20 yoshda, mart oyida 21 ga kiradi. U allaqachon Premier League’da markaziy yarim himoyachi, tayanch yarim himoyachi, o‘ng qanot himoyachisi, chap qanot himoyachisi, hatto markaziy himoyachi sifatida o‘ynab ulgurgan. Bunday ko‘p qirralilik zamonaviy futbol uchun oltin.
“Spurs” uni qo‘yib yuborishni xohlamaydi. Klub ikki yil oldin u uchun 40 million funt sarflagan va Angliya U-21 yulduzini loyiha markazida ko‘rmoqda. Shunga qaramay, London klubi yaqinda yarim himoyaga jiddiy investitsiya qildi. Bu esa ma’lum sharoitlarda muzokaralar eshigini biroz bo‘lsa ham ochishi mumkin.
“Newcastle” yoz davomida Gray uchun bir necha bor taklif yubordi, lekin hammasi rad etildi. Endi uni olib kelish uchun kamida 70 million funt kerak bo‘lishi aniq. Lekin uning potentsiali — juda baland. “Liverpool” uchun bu — nafaqat bugungi kun, balki besh-yetti yilga mo‘ljallangan loyiha bo‘lishi mumkin.
Savol bitta: Anfield rahbariyati shu darajada katta sarmoyani, ayniqsa legionerlar limiti bosimi ostida, qilishga tayyormi?
Adam Wharton: yarim himoyaning boshqaruv markazi
Yana bir dadil variant — Adam Wharton. Uni olib kelish uchun 80 million funt yoki undan ko‘proq to‘lashga to‘g‘ri keladi, degan baholar yuribdi. Lekin uning sifati haqida gap ketganda, narx biroz boshqacha ko‘rinadi.
22 yoshli yarim himoyachi — pas madaniyati bilan ajralib turadi. U hujumchilar oyog‘iga milt etib yetib boradigan, tez, aniq uzatmalarni “tikib” bera oladi. “Liverpool”ning yuqori pressing va tezkor o‘tishlarga asoslangan o‘yin uslubida bu juda muhim qurolga aylanishi mumkin.
Wharton — Ryan Gravenberch o‘rnini bosishi, Dominik Szoboszlai bilan birga yarim himoyaning markazida asosiy tayanchga aylanishi mumkin bo‘lgan futbolchi. Klub ichida Trey Nyoni’ga bo‘lgan katta ishonch, ayni damda bu transferni biroz mantiqsiz ko‘rsatadi. Lekin Wharton — “Liverpool” uzoq vaqtdan beri kuzatib kelayotgan o‘yinchi. Oynaning so‘nggi kunlarida kutilmagan “zarba” bo‘lish ehtimoli butunlay yo‘q emas.
Bitta muammo — vaqt va narx. Bozor qizigan, raqobat kuchli, oynaning oxiri esa odatda ortiqcha to‘lovlar davri.
Ikki hafta. Legionerlar limiti. Qimmat, ammo jozibali “homegrown” nishonlar.
“Liverpool” endi faqat savolga javob topishi kerak: qaysi risk bugungi bosim va ertangi ambitsiyalar uchun arziydi?






