sport pulse

Liverpoolning so‘nggi transfer oynasi va N’Guessan strategiyasi

Transfer oynasining so‘nggi kuni ko‘pchilik Liverpool muxlislarining tasavvuridagi shov-shuvga aylanmadi. Kutilgan portlash bo‘lmadi. Bradley Barcola kelgani yetmagandek, yana bir qanot o‘yinchisi keladi, degan umid bor edi. Ammo Manchester City’ning Cody Gakpo uchun 80 million funtlik taklifini rad etgan zahoti klub eshiklarni yopdi.

Rejalar boshqacha edi. Klub ichida tajribali yana bir hujumchini olib kelish rejasi bor edi. Biroq bozor qarshilik ko‘rsatdi. Brighton ikki marta taklif qilingan Yankuba Minteh bo‘yicha hech qanday yon berishni istamadi. Crystal Palace Ismaila Sarr’ni qo‘yib yuborishga rozi bo‘lmadi. Paris Saint-Germain esa Ibrahim Mbaye bo‘yicha kutilmaganda narxni deyarli ikki baravar oshirib, muzokaralarga nuqta qo‘ydi.

Shunga qaramay, Richard Hughes o‘zining Liverpool’dagi so‘nggi transfer oynasida butunlay jim qolmadi. Victor Munoz va Bradley Barcola Anfield’ga olib kelindi. Fransiyalik qanotkorni hali qizil libosda ko‘rganimiz yo‘q, ammo u atrofidagi shov-shuv katta. Munoz esa allaqachon o‘zini ko‘rsatib ulgurdi: Newcastle Unitedga qarshi penalti ishlatib berdi, Nottingham Forestga qarshi esa kechgi daqiqalarda muhim tenglovchi golni urdi.

Katta yoshli yana bir hujumchi kelmadi. Lekin klub oxirgi daqiqalarda 18 yoshli iqtidor uchun yo‘l topdi. Bir necha yil o‘tib, bu qaror haqiqiy mahorat namunasi sifatida eslanishi mumkin.

Djylian N’Guessan: noodatiy yo‘l bilan Anfield sari

Djylian N’Guessan transferi hali rasmiy e’lon qilinmagan. Buning sababi bor.

Saint-Étienne hujumchisi yozgi oynaning o‘zida kelib, kelajakka mo‘ljallangan bitim sifatida rasmiylashtirilishi kutilgandi. Ammo Liverpool bitta muhim to‘siqqa urildi: FIFA tomonidan xalqaro ijaralarga qo‘yilgan qat’iy cheklovlar. Klub allaqachon xorijga beriladigan ijaralar kvotasini to‘ldirib bo‘lgan, eng yorqin misol – Harvey Elliott’ning La Liga vakili Valencia safida butun mavsumni o‘tkazishi.

Demak, Liverpool N’Guessan’ni hoziryoq sotib olib, darhol boshqa klubga ijaraga berolmaydi. Oddiy yo‘l yopiq edi. Klub esa bu vaziyatda yulduzcha hujumchini Yevropadagi raqiblarga boy berishni xohlamadi va boshqa yo‘l izlashga majbur bo‘ldi.

Shu yerda noodatiy reja ishga tushdi. Eli Kroupi Jnr uslubiga qiyoslanayotgan bu hujumchi 2026/27 yilgi mavsumni Ligue 1 vakili Brest safida ijarada o‘tkazadi. Qog‘ozda esa u Saint-Étienne futbolchisi bo‘lib qoladi. Liverpool bu zanjirga keyinroq ulanadi: N’Guessan yanvar oyida mersisaydliklar bilan oldindan kelishuv – pre-kontrakt imzolaydi. Shundan so‘ng uning Saint-Étienne bilan shartnomasi yozda tugashi bilan u rasman Liverpool futbolchisiga aylanadi.

Murakkab sxema. Ammo klub o‘zi tushib qolgan huquqiy va reglament to‘ridan chiqish uchun aynan shunday yo‘lni tanladi.

Anfielddagi “wonderkid” strategiyasi

N’Guessan – Anfield’da shakllanayotgan “wonderkid” loyihasining navbatdagi bo‘ligi. Klub so‘nggi oylar ichida yoshlar bozorida aniq va agressiv harakat qila boshladi.

Iste’dodli himoyachilar Ifeanyi Ndukwe va Mor Talla Ndiaye allaqachon olib kelindi. Yana bir istiqbolli nom – Samuel Martinez – ham tizimga qo‘shildi. Eng katta sarlavha esa KRC Genkdan 30 million funt evaziga kelgan Lucca Brughmans bo‘ldi. Bu raqamning o‘ziyoq Liverpool yoshlar bozoriga qanchalik jiddiy qarayotganini ko‘rsatadi.

2024/25 yilgi Premier League chempionlari endi nafaqat bugungi kunni, balki besh yil keyingi tarkibni ham qurmoqda. Pedro Marques va Matt Newbury boshchiligidagi skautlar guruhi dunyo bo‘ylab eng istiqbolli yoshlarni izlab, klubga olib kelmoqda.

Deadline Day kutilgan shov-shuvsiz o‘tdi. Lekin sahna ortida boshlangan jarayon ancha kattaroq savolni tug‘diradi: bir necha yil ichida aynan mana shu bugungi “yoshlar inqilobi” Liverpool’ning navbatdagi oltin davrini boshlab bermaydimi?

Liverpoolning so‘nggi transfer oynasi va N’Guessan strategiyasi
Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil