Liverpool’da yangi davr: 30 foizlik ulush va global o‘zgarishlar
“Anfield” atrofida allaqachon yangi murabbiy, yangilanayotgan tarkib, endi esa yana bir katta o‘zgarish: klub egasi Fenway Sports Group “Liverpool”ning 30 foiz ulushini sotishga kelishganini rasman tasdiqladi.
Bitim qiymati — 1,65 milliard funt. Bu “Liverpool”ni 5,5 milliard funtlik klub sifatida baholaydi. Futbolda bu nafaqat raqam, bu – kuch namoyishi.
Bhatia sahnaga chiqdi
Ushbu ulushni sotib olayotgan konsorsium – 1892 Holdings. Nomining o‘ziyoq tarixga ishora: klubning tashkil topgan yili. Ammo diqqat markazida bitta ism bor – Amit Bhatia.
Britaniya-hind biznesmeni, Hindiston po‘lat magnati Lakshmi Mittalning kuyovi, sobiq Queens Park Rangers hammuassisi. Aynan u FSG bilan muzokaralarni boshlab, boshidan oxirigacha yetakchilik qildi. Endi u “Liverpool” kengaytirilgan boshqaruv kengashida vitse-rais bo‘ladi.
Bhatia ortida yirik kapital turgani sir emas. Moliyaviy tayanch uch yo‘nalishdan:
- Mittal Family Trust
- K5 Sports fondi (unda Jeff Bezos asosiy investor)
- EE Capital – Elaine va Eduardo Saverinlar oilaviy ofisi
Yangi kelishuv faqat pul emas, balki ta’sir doirasining kengayishi ham. Ayniqsa Osiyo va Hindiston bozorlarida.
Bezos – soyadagi gigant
Konsorsium tarkibi futbol olamida kamdan-kam uchraydigan darajada yulduzli. Amazon asoschisi Jeff Bezos, Facebook hammuassisi Eduardo Saverin, Mittal oilasi – bu ro‘yxatning o‘ziyoq “Liverpool”ning moliyaviy orbitasi qanchalik kengayganini ko‘rsatadi.
Ammo bir nozik jihat bor: Bezos passiv investor sifatida qatnashadi. U klub kengashida o‘rin olmaydi, kunlik qarorlarga aralashmaydi. Shunga qaramay, uning ismi va tarmog‘i “Liverpool” uchun global biznes va texnologiya maydonida eshiklarni keng ochishi turgan gap.
Elaine Saverin va K5 Global hammuassisi, boshqaruvchi hamkori Bryan Baum esa “Liverpool” boshqaruv kengashiga qo‘shiladi. Bhatia bilan birga ular klub ichidagi yangi kuch markazini shakllantiradi.
FSG hanuz boshqaruvda
Eng muhim savol: bu FSG uchun chiqib ketish yo‘limi emasmi?
Javob qat’iy: yo‘q. FSG nazorat paketini o‘zida saqlab qoladi, klubni operatsion boshqarish hamon ularning qo‘lida. 1892 Holdings – yirik sherik, lekin xo‘jayin emas.
Bitim FSGni kelajakda yana ulush sotishga majbur qilmaydi. Xuddi shuningdek, 1892 Holdings uchun ulushni oshirish bo‘yicha majburiyat yo‘q. Biroq kelajak eshiklari ochiq: agar FSG bir kun kelib katta ulushni sotishga qaror qilsa, Bhatia va uning konsorsiumi birinchi bo‘lib harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
FSGning o‘zi aytganidek, ularni bu bitimga pul ehtiyoji emas, aynan konsorsium tarkibi va Bhatianing profili jalb qilgan. John W Henry, Tom Werner va Mike Gordon bir yilga yaqin vaqt davomida Bhatia bilan tanishib, ish uslubini, qarashlarini o‘rgangan.
Uzoq muddatli o‘ylovchi klub
Mike Gordon, FSGda futbol bo‘yicha bosh ijrochi lavozimini Michael Edwards tark etgach, yana “Liverpool”da ko‘proq amaliy rolga qaytgan. U klubning doimiy falsafasini yana bir bor eslatdi: bir mavsum emas, o‘n yilliklarni o‘ylab qaror qabul qilish.
Shu yondashuv bugun ham saqlanib qolgan. FSG uchun yangi sheriklar – bu qisqa muddatli transfer zarbasi emas, balki global miqyosda biznes, texnologiya va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish vositasi. Ayniqsa Hindiston va Osiyo bozorlarida “Liverpool” brendini yanada chuqurroq ildiz otkazish maqsadida.
Transferlar uchun tezkor “raketa yoqilg‘i” emas
Mablag‘ kirib kelgani bilan muxlislar darhol bitta savol beradi: “Endi transferlar portlaydimi?”
Hozircha yo‘q. Premier League va UEFA moliyaviy qoidalari xarajatlarni klub daromadiga bog‘lab qo‘ygan. Demak, bu investitsiya Andoni Iraola va uning jamoasiga yozgi transfer oynasidayoq qo‘shimcha chek yozib bermaydi.
Ammo bosim asta-sekin seziladi. Bezos, Bhatia va Saverin ishtiroki “Liverpool”ning tijoriy daromadlarini sezilarli oshirish imkonini beradi. Klub allaqachon 2025 yil may oyida yakunlangan moliyaviy yil uchun rekord – 703 million funtlik yillik daromadga chiqqan. Endi bu raqam yanada kattalashishi kutiladi.
Yuqori daromad esa kelajakdagi yirik transferlar, infratuzilma va sport loyihalariga ko‘proq erkinlik beradi. Tezkor o‘zgarish emas, lekin poydevor allaqachon qo‘yilmoqda.
Bhatianing so‘zi va maqsadi
1892 Holdings nomidan gapirgan Amit Bhatia “Liverpool”ga sarmoya kiritishdan faxrlanishini, FSGga chuqur hurmatini ta’kidladi. Uning so‘zlarida bitta asosiy chiziq bor: bu – sheriklik, emas egallab olish.
U “Liverpool” rahbariyatiga ishonishini, klubning uzoq muddatli muvaffaqiyatini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganini aytdi. Bunday bayonotlar futbol olamida tez-tez eshitiladi, lekin Bhatianing o‘zi bu so‘zlarni deyarli 19 yillik QPR tajribasi fonida aytyapti.
U QPRda turli lavozimlarda ishlagan: klub raisi, jamiyat bilan ishlash jamg‘armasi raisi, aksiyador. Yozda o‘z ulushini topshirganidan keyin uning keyingi qadami nimaga qaratilishi qiziq edi. Endi javob aniq: u “Anfield”ga yo‘l oldi.
Kutilishicha, Bhatia “Liverpool”da ham sheriklaridan ko‘ra ko‘rinadigan, faolroq figura bo‘ladi. Bezos va Saverin soyada turishi mumkin, ammo “Anfield” tribunalarida, kengash xonalarida, global safarlarda aynan Bhatianing o‘zi tez-tez ko‘rinish berishi ehtimoli yuqori.
90 kunlik kutish va undan keyingi savollar
Bitim hozircha yakuniy nuqtaga yetgani yo‘q. 1892 Holdings investitsiyasi tartibga soluvchi organlar tasdig‘idan o‘tishi kerak. Bu jarayon 90 kungacha cho‘zilishi mumkin.
Shunga qaramay, FSG bir narsani aniq aytyapti: klub rahbariyati, kunlik boshqaruv, sport strategiyasi o‘zgarmaydi. “Liverpool”ni bugungi holatiga olib kelgan tizim saqlanadi, faqat uning ortida turgan moliyaviy va biznes quvvati kengayadi.
Savol esa ochiq qoladi: global texnologiya va moliya gigantlari fonida, tarix va emotsiyaga tayanadigan “Anfield” ruhi qanday saqlanadi?
Yangi sheriklar bu savolga amalda javob berishi kerak bo‘ladi. Ayniqsa, “You’ll Never Walk Alone” yangrayotgan paytda.







