Luciano Spalletti: Transfer bozoridagi haqiqatlar
Yozgi oynadan keyin Juventus atrofidagi bahslar tinmayapti. Tarkib yangilandi, lekin savol o‘sha: yetarlimi? Shu fon’da Luciano Spalletti o‘z pozitsiyasini aniq qilib qo‘ydi – mukammal transfer oynasi degan narsa yo‘q.
“Endi faqat mumkin bo‘lgan bozor bor”
Spalletti klubning yozgi ishiga baho berar ekan, orzudagi rejalar bilan real imkoniyatlar o‘rtasidagi tafovutni yashirmadi. U aniq futbolchilarni so‘ragan, klub esa ularning bir qismini olib kelishga uringan. Ba’zilari kelmadi, ba’zilari bozor dinamikasida qo‘ldan chiqdi.
Shunga qaramay, u norozilik ohangiga o‘tmaydi. Aksincha, tajribali murabbiy vaziyatni futbol falsafasi bilan izohlaydi:
“Mukammal transfer bozori endi yo‘q, faqat mumkin bo‘lgani bor. Skautlar turli xususiyatlari bilan jozibador futbolchilarni aniqlash ustida ishlaydi. Keyin esa kutilmagan vaziyatlar yuz beradi va siz ularga moslashishni bilishingiz kerak, xuddi maydondagi kabi: ba’zan reja tuzasiz, lekin raqib yaxshiroq bo‘ladi, siz esa dinamikaga moslashasiz. Bizning direktorlarimiz bozor taklif qilgan narsaga moslashib, to‘g‘ri kontekstlarga kirib borishda juda yaxshi ish qilishdi.”
Spalletti shu so‘zlari bilan klub rahbariyatini ochiqchasiga himoya qildi. Tanqid qilish o‘rniga, u bozor sharoitlarini qabul qiladi: moliyaviy cheklovlar, raqobatchilar, vaqt bosimi – hammasi o‘yin qismi.
Juve o‘z imkoniyatidan maksimalini oldimi?
Yozda Juventus bir qator muhim kelishuvlarni amalga oshirdi. Yulduzlar yombi bo‘lgan “shov-shuvli” oynadan ko‘ra, maqsadga yo‘naltirilgan, balansga qaratilgan ish ko‘rildi. Spalletti esa ochiq: u tarkibda yana ko‘proq o‘zgarish kutgan, yanada chuqurroq rotatsiya xohlagan.
Lekin u bugun mavjud futbolchilar bilan yashaydi. Shikoyat emas, mas’uliyatni tanlash. Endi asosiy vazifa – yangi kelganlarni tizimga tezda singdirish, ularning kuchli tomonlarini Juventus o‘yin uslubiga yopishtirish.
Murabbiy biladi: transfer oynasi yopildi, bahona davri ham. Endi hukmni maydon chiqaradi.
Bosim, ambitsiya va natija talabi
Agar yangi futbolchilar o‘z salohiyatini to‘liq ishga sola olsa, Bianconeri mavsumni baland marralarda yakunlashga haqli bo‘ladi. Chempionat poygasi, kuboklar, yevrokuboklar – hammasi hanuz ochiq.
Spallettining so‘zlari shuni ko‘rsatadi: u klubning sharoitdan kelib chiqib qaror qabul qilganini tushunadi. Ideal rejalar emas, real imkoniyatlar ustida ishlangan. Endi navbat murabbiy shtabi va futbolchilarda.
Juventus endi bozorni emas, kiyinish xonasini boshqarishi kerak. Savol bitta: shu “mavjud, lekin mukammal bo‘lmagan” tarkib ularning ambitsiyalarini ko‘tarib bera oladimi?







