sport pulse

Marcus Rashford: Old Trafforddagi tugamagan hikoya

Marcus Rashford kelajagi yana savol ostida. “Manchester United” uni yuqori maoshidan qutulish uchun sotmoqchi, futbolchining o‘zi esa navbatdagi manzilini izlayapti.

28 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumni “Barcelona”da ijarada o‘tkazdi. Kataloniyadagi davr – muvaffaqiyatli: 14 ta gol, 10 ta golli uzatma. Qanotda ham, markaziy hujumchi sifatida ham o‘ynab, safni sezilarli kuchaytirgan edi. Ammo bu o‘yinlar doimiy shartnomaga aylanmadi. “Barcelona” kuzatishda davom etyapti, xolos.

“United” esa aniq qarorga kelgan: sotish kerak. Klub ish haqi fondini yengillashtirmoqchi. Rashfordning maoshi yuqori, o‘rindiqda qoladigan futbolchi uchun bu hashamatga aylanib bormoqda.

Shu paytda sahnaga “Tottenham Hotspur” chiqdi. Roberto De Zerbi qo‘l ostida hujumni keskinlashtirish uchun ular Rashfordni asosiy nishon sifatida ko‘rishyapti. London klubi 40 million funtgacha bo‘lgan taklif tayyorlayotgani aytilmoqda. “Spurs” o‘tgan mavsumni 17-o‘rinda yakunladi – bu darajadagi klub uchun og‘ir zarba. Endi esa qayta qurilish ketmoqda: Sandro Tonali, Matheus Fernandes va Jan Paul van Hecke allaqachon kelib bo‘ldi. Ammo old chiziqda ham hal qiluvchi figura kerak. Rashford aynan shunday obrazga mos tushadi.

Biroq eng katta to‘siq – “Manchester United”ning o‘zi. Klub ichidagi pozitsiya qat’iy: Premer-liga raqibiga sotilmaydi. “Old Trafford” rahbariyati Rashford yana eng yaxshi formasini topib, o‘zlariga qarshi maydonda portlashi mumkinligidan qo‘rqadi. Shuning uchun na “Tottenham”, na unga qiziqish bildirayotgan “Arsenal” va “Chelsea” uchun eshiklar ochiq emas. “Caught Offside” xabariga ko‘ra, bu ichki qoidaga barcha ingliz grandlari kiradi.

Shu orada Rashfordning o‘zi ham yo‘lini tanlayotganga o‘xshaydi. U hozircha chet el variantini afzal ko‘ryapti. “Barcelona” holatni diqqat bilan kuzatmoqda, ammo konkret qadam tashlagani yo‘q. Turkiya klublaridan bo‘lgan qiziqish esa uni umuman ilhomlantirmagan, bunday takliflar futbolchini sovuqqon qoldirayotgani aytilmoqda.

Vaziyat shunday: “United” sotmoqchi, Rashford chet elni xohlaydi, eng jiddiy moliyaviy va sportiy taklif esa aynan Premer-ligadan – “Tottenham”dan. Agar Yevropaning yirik klublaridan munosib variantlar paydo bo‘lmasa, “Old Trafford” devorlari ichidagi qat’iy pozitsiya sinishi mumkin. Klub o‘z prinsipi va moliyaviy realiyati o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘ladimi?