sport pulse

Marcus Rashford: Old Trafford’dagi kelajagi qanday bo‘ladi?

Manchester United yozda hamon Marcus Rashford’ni sotishga qat’iy bel bog‘lagan. Michael Carrick esa 28 yoshli hujumchi bilan ishlashni istaydi, klub esa qanotdagi asosiy nishonlarini qo‘lga kirita olmadi. Shunday bo‘lsa-da, reja o‘zgarmayapti.

Savol bitta: nega?

M16dagi kalkulyatorlar

Rashfordning Ruben Amorim tomonidan 2025-yil dekabrida chetlatilishi atrofida gap ko‘proq intizom haqida bo‘ldi. Ammo INEOS rahbariyati portugaliyalik murabbiyga suyanganida, asl turtki moliya edi.

Rashfordning Old Trafford’dagi haftalik maoshi Champions League bonuslari ishga tushgach 325 ming funtga yetadi. Shartnoma 2028-yilgacha. Demak, klub keyingi ikki yil ichida unga qariyb 34 million funt to‘lashga majbur.

Biznes tilida aytganda, kompaniya portfelidagi eng qimmat aktivlardan biri 18 oy davomida kutilgan darajada ishlamasa, uni balansdan chiqarish deyarli “avtomatik qaror”ga aylanadi. Rashford Amorim bilan to‘qnash kelishidan oldin ham shunday holatda edi.

Sir Jim Ratcliffe 2024-yilda hammuassis sifatida tasdiqlangach, INEOS uchun asosiy maqsadlardan biri ish haqi fondini qisqartirish bo‘ldi. Casemiro uchun muxlislarning “yana bir yil” degan talabiga bo‘ysunilmagani, haftasiga 350 ming funt atrofidagi potentsial cho‘ntagini ochmaslik — bunga yaqqol misol.

Xuddi shu mantiq Rashfordga ham tatbiq qilinyapti. Avval Amorim uni ko‘rishni istamaganda, endi esa Carrick uni Carrington’ga qayta qo‘shishga tayyor bo‘lsa ham.

Bu qarorning markazida futbolchi emas. Uning o‘yini, kiyinish xonasidagi nufuzi, murabbiy talqini ham emas. Hatto sovuqqon Erik ten Hag ham, kechikgani uchun uni zaxiraga tushirganidan bir hafta o‘tib, Rashfordni “to‘xtatib bo‘lmaydigan” deb ta’riflagan edi.

Gap boshqa joyda. M16dagi ofislarda qilingan sovuq hisob-kitobda. Sir Jim Ratcliffe’ni Buyuk Britaniyaning eng boy odamlardan biriga aylantirgan pastki chiziqqa qattiq yopishish odatida. “Mahalliy bola” bugun Monakoda yashaydi, buning soliq bilan hech qanday aloqasi yo‘q, albatta…

Rashford akademiya bitiruvchisi bo‘lgani uchun, uning transferidan tushadigan har bir funt PSR (Profits and Sustainability Rules) nuqtai nazaridan “sof foyda” sifatida qayd etiladi. O‘tgan yozda FC Barcelona bilan tuzilgan ijaraga 26 million funtlik sotib olish opsiyasi kiritilgani ko‘pchilikka arzon tuyulgan edi. Kataloniyaliklar uni ishga solmadi, lekin agar ishga solinganida ham United moliyasiga jiddiy turtki bo‘lardi.

Xuddi shu tamoyil endi ham amal qiladi: qabul qilinadigan har qanday taklif PSR uchun toza foyda. Reja aniq — sotish va tushgan pulga o‘rinbosar topish.

Summerville rejasi: arzonroq, lekin yaxshiroqmi?

Rashforddan qutulish istagiga qarshi asosiy dalil — klub chap qanotga boshqa variantlarni izlayapti, lekin ularning hech biri Carrington tarbiyalanuvchisidan kuchli emas.

Crysencio Summerville bu bahs markazida. West Ham United yulduzi yozda qanot uchun “birinchi raqamli nishon” sifatida ko‘rilmoqda. Manchester United London sharqidagi klub may oyida Premier League’dan tushib ketganidan foydalanib, arzonroq kelishuv qilishga umid qilgan.

Ammo West Ham o‘z pozitsiyasidan qayrilyapti. Ular 24 yoshli Niderlandiya terma jamoasi a’zosini 50 million funtdan pastga qo‘yishni istamaydi. Yaqinda o‘tkazilgan ajoyib Jahon chempionati kampaniyasi bu pozitsiyani yanada mustahkamlab qo‘ydi.

Narx oshgan bo‘lsa ham, PSR nuqtai nazaridan qaralganda Summerville’ni olish qisqa muddatda Rashfordni saqlab qolishdan arzonroq tushadi. 50 million funtlik transfer besh yillik shartnomaga “cho‘zilganda”, yiliga atigi 10 million funtlik amortizatsiya hisoblanadi.

Rotterdamlik futbolchi London Stadium’da haftasiga qariyb 50 ming funt oladi. Unitedga ko‘chishi uchun u bu raqamni 100 mingga yetkazishni xohlaydi. Bir yilga ko‘paytirsak, Summerville klubga keyingi mavsumda 10 million funtlik transfer xarajati va 5,2 million funtlik maoshga tushadi — jami 15 milliondan sal ko‘proq.

Rashford esa 2026/27-mavsum uchun yakka o‘zi 16,9 million funtlik ish haqi yukini tashkil qiladi. Farq aniq. Ikki yildan so‘ng Rashford 31 yoshga yaqinlashgan erkin agent sifatida ketadi, Summerville esa hali cho‘qqisiga ham chiqmagan bo‘ladi va nazariy jihatdan foyda bilan sotilishi mumkin.

Ammo yana o‘sha savol: bunga arziydimi?

Eng ashaddiy tanqidchi ham jiddiy qiyofada turib, Summerville Rashforddan yaxshiroq futbolchi, deya olmasa kerak. Niderlandiyalik futbolchi to‘rt mavsumda Premier League’da 84 o‘yinda 10 gol va 8 golli uzatma qayd etgan. Rashford esa La Liga’dagi ilk mavsumidayoq, asosan zaxiradan tushgan bo‘lsa ham, bundan ko‘proq golli uzatma berdi.

Barcelona uni sotib olmoqchi bo‘lmad, ammo ijaraga qayta olishga qiziqish bildirdi. Demak, kataloniyaliklar Rashford maoshiga arziydi, deb hisoblaydi, faqat transfer to‘lovisiz. Agar bu Champions League gigantlari uchun maqbul bo‘lsa, Old Trafford uchun nega emas? Axir dinamikasi bir xil bo‘lardi: katta maosh, lekin transfer xarajatisiz yuqori darajadagi hujumchi.

Shu bilan birga, United Summerville uchun ham peshqadam emas. The Athletic xabariga ko‘ra, Serie A grandlaridan AS Roma West Ham bilan faol muzokara olib bormoqda, futbolchining Rimga ko‘chishga roziligi ham olingan.

Diomande, Rogers va yo‘qolgan reja

Yozgi transfer oynasi arafasida United chap qanot uchun asosiy nishon sifatida RB Leipzig iqtidorli hujumkori Yan Diomande va Aston Villa sardori Morgan Rogers’ni ko‘rgan edi. Ikkalasi ham Rashforddan sezilarli darajada yangilanish bo‘lishi kerak edi.

Summerville nomi ro‘yxatga keyinroq kirdi. Diomande va Rogers uchun so‘ralgan narxlar klub byudjetidan oshib ketishi ma’lum bo‘lgach, e’tibor markazi yarim himoyani tubdan qayta qurishga o‘tgandi. Shunda qanotdagi reja ham o‘zgardi.

Endi esa stsenariy yanada g‘alati ko‘rinadi: Rashforddan voz kechish, lekin o‘rniga undan kuchsizroq futbolchini olib kelish ehtimoli bor. Faqat arzonroq bo‘lgani uchun.

Carrick bunday narxga rozi bo‘lishga shoshmayapti. U Rashfordni qayta tiklash mumkinligiga ishonadi, mahalliy yigitning hali ham Old Trafford chiroqlari ostida o‘yin taqdirini hal qiladigan kechalari bo‘lishiga ishongan.

INEOS esa balans varag‘iga qarab ish tutyapti. Maydondagi muvozanatdan ko‘ra, hisob-kitobdagi muvozanat ustun kelayotgandek.

Manchester United uchun bu faqat bitta futbolchi haqida emas. Bu klubning o‘z yo‘lini qay yo‘nalishda tanlashini ko‘rsatadigan sinov. Rashford bilan xayrlashish — taktika qarorimi yoki shunchaki biznes operatsiyasi? Carrick bunga javob topishga majbur bo‘ladi. Savol esa ochiq qoladi: Old Trafford endi raqamlar klubi bo‘lib qolyaptimi yoki hanuz futbolniki?