Marcus Rashford: Qaytish va Ikkinchi Imkoniyat
Marcus Rashford bir yil avval Old Trafford eshigidan boshini egib chiqib ketgandi. Endi esa u yerga yana qaytmoqda. Bu safar — so‘nggi marta bo‘lishi ham, haqiqiy qayta tug‘ilish bo‘lishi ham mumkin.
O‘tgan yozda Rashfordning “Man Utd” bilan aloqasi Ruben Amorim bilan kelishmovchilikdan so‘ng uzilgandek ko‘ringandi. Klub uni “Barcelona”ga bir mavsumlik ijaraga yubordi, shartnomaga esa 30 million yevrolik sotib olish bandini qo‘shdi. “Camp Nou”dagi mavsum muvaffaqiyatli o‘tdi, kataloniyaliklar undan mamnun bo‘ldi. Ammo pul stolga qo‘yilmadi.
“Barcelona” bu yoz 30 million yevro to‘lashga tayyor emas. Natija aniq: Rashford yozgi ta’tilidan so‘ng “Man Utd”ga qaytadi.
Ichki xavotir, tashqi qiziqish
Shu orada Premyer-ligadagi raqiblar hushyor turibdi. “Tottenham”, “Arsenal”, “Chelsea” — barchasi Rashford atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Turkiya klublari ham navbatda.
“The i Paper” ma’lumotiga ko‘ra, hozircha eng real ssenariy — Rashfordga “Man Utd”da yana bir imkoniyat berilishi. Sabab oddiy: eng jozibali chiqish variantlari shakllanmay qoldi. Ijara takliflari bo‘lishi kutilmoqda, hatto yana bir marta chet elga ketish varianti ham stol ustida turibdi.
Ammo bir narsa deyarli aniq: ichki Premyer-liga transferi “Man Utd” rahbariyatini bezovta qilmoqda. Klub ichida Rashfordni boshqa ingliz grandiga sotish bo‘yicha jiddiy ikkilanayotganlar ko‘p. Agar u Londonda yoki boshqa shaharda yana gol ura boshlasa-chi? Bu Old Trafford uchun nafaqat sportiy, balki obro‘ jihatidan ham zarba bo‘lishi mumkin.
“The i Paper” xabariga ko‘ra, yoz boshida aynan “Tottenham” Rashford uchun katta harakat qilishga tayyor edi. Hattoki ijara emas, to‘liq transfer uchun ham pul to‘lashga rozi bo‘lgandi. Lekin “Man Utd” uchun bu juda xavfli o‘yin edi: agar Rashford boshqa joyda portlasa, PR falokatiga aylanishi hech gap emas.
Shu qo‘rquv hammasini sekinlashtirdi.
Romano: “Rashford ketmas ekan, eshik yopiq”
Transfer bozoridagi muzlik faqat Rashford atrofida emas. Fabrizio Romano ma’lumotiga ko‘ra, uning kelajagi bo‘yicha noaniqlik “Man Utd”ning boshqa qanotdagi rejalarini ham to‘xtatib qo‘ygan.
Romano ta’kidlaydi: “Man Utd” hozircha Crysencio Summerville bo‘yicha harakat qilmayapti. “West Ham” futbolchisi 60 million funt atrofidagi bitim bilan “Al-Hilal”ga yaqinlashar ekan, “Roma” ham unga jiddiy qiziqmoqda. “Man Utd” esa sukutda.
Sabab bitta — Rashford. U klubda qolayotgan ekan, hozirgi hujum chizig‘i saqlab qolinadi. Agar yoz davomida Rashford baribir ketadigan bo‘lsa, shundagina yangi qanot futbolchisi uchun eshik ochiladi.
Romano ma’lumotiga ko‘ra, Rashford pre-sezonni “Man Utd” bilan boshlaydi. Eng qiziq nuqta esa — yangi murabbiy Michael Carrick bilan bo‘lajak hamkorlik.
Rashford Carrick bilan ishlash imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqda. Carrick ham xuddi shunday kayfiyatda: u Rashfordning “Man Utd”dagi karerasini qayta jonlantirish g‘oyasidan chin dildan hayajonlanmoqda. Klub va futbolchi bir-biriga yana bir imkoniyat berishga tayyor.
Shundan keyin qaror qabul qilinadi: yo birga davom etish, yo yoz oynasi yopilmasidan oldin xayrlashish.
Shu noaniqlik sabab Summerville bo‘yicha hech narsa siljimagani kabi, boshqa nomlar ham kutish rejimida qolgan.
Ndiaye va boshqa rejalarga qo‘yilgan pauza
Romano yana bir ismni tilga oldi — Iliman Ndiaye. “Everton” hujumchisi “Man Utd” skautlari radarida. U yoqadi, qadrlanadi, lekin hozircha hech qanday jiddiy qadam yo‘q.
Sabab yana o‘sha — Rashford masalasi hal bo‘lmaguncha, rejalashtirishning keyingi bosqichiga o‘tish qiyin.
Ndiaye atrofida boshqa klublar ham aylanmoqda. Chet el jamoalari so‘rovlar yuborgan, “Aston Villa” bilan ham suhbatlar bo‘lib o‘tgan. “Everton” uchun u juda muhim futbolchi, narxi ham past bo‘lmaydi. Har qanday harakat puxta o‘ylangan bo‘lishi kerak.
Ikkinchi nafasmi yoki xayrlashuv sahnasimi?
Shunday qilib, “Man Utd” yozgi rejalarida bitta markaziy tugun bor — Marcus Rashford. Uning qarori, uning formasi, uning ruhiy holati nafaqat o‘z kelajagini, balki klubning transfer strategiyasini ham belgilab beradi.
Old Trafford tribunalarida savol allaqachon paydo bo‘lgan: bu qaytish — katta qayta tug‘ilish uchun eshikmi yoki ketishdan oldingi so‘nggi urinish xolosmi?






