Meksika – Chexiya: Jangda taqdirlar va imkoniyatlar
Estadio Azteca yana bir bor dunyo sahnasining markazida. Biroq bu safar mezbon Meksika va Chexiya mutlaqo boshqa kayfiyatda maydonga chiqadi. Biri – allaqachon pley-offni cho‘ntagiga solib qo‘ygan, ikkinchisi – so‘nggi umid ipidan mahkam ushlab turibdi.
Meksika – uyidagi devor, Chexiya – devorga suyangan jamoa
Meksika allaqachon o‘z ishining katta qismini bajardi. Janubiy Koreyani 1:0 hisobida mag‘lub etib, El Tri guruhda birinchi o‘rinni kafolatlab bo‘ldi va 1/32 finalda C, E, F, H yoki I guruhlaridan keladigan uchinchi o‘rin egalaridan biri bilan o‘ynaydi. Endi ular uchun asosiy masala – natija emas, tarkibni asrash: jarohatlar va diskvalifikatsiyalardan qochish.
Chexiya esa butunlay boshqa holatda. Dastlab Janubiy Koreyaga yutqazish, so‘ngra Janubiy Afrikaga qarshi ikkinchi bo‘limda bosim ostida qolgan holda alamli durang – turnir starti muvaffaqiyatsiz o‘tdi. Ikki turdan keyin hamon g‘alabasiz. Bunday holat ular uchun so‘nggi marta 1982-yilgi mundialda (o‘shanda Chexoslovakiya nomi ostida) kuzatilgan.
Opta superkompyuteri ham Chexiya holatini yaxshi tasvirlab turibdi: guruhda ikkinchi o‘rin bilan chiqish ehtimoli atigi 5%. Eng yaxshi sakkizta uchinchi o‘rin orqali pley-offga chiqish variantini qo‘shsak ham, umumiy imkoniyat 30,2% atrofida. Umid bor, lekin yo‘l tik, raqib esa Aztekada mag‘lub bo‘lmagan Meksika.
Azteka – Meksika uchun qal’a
Estadio Azteca Meksika uchun oddiy stadion emas. Bu yerda ular jahon chempionatida to‘qqizinchi o‘yini o‘tkazadi va avvalgisida biror marta yutqazmagan: olti g‘alaba, ikki durang. So‘nggi uch uchrashuv – hammasi quruq hisobda g‘alaba: 1:0 Iroq (1986), 2:0 Bolgariya (1986), 2:0 Janubiy Afrika (2026).
Shu fon Chexiya uchun juda noxush. Ular tarixda bir marta – 1982-yilda – guruhda birorta o‘yin yutolmay turnirni tark etishgan. Endi yana shunga o‘xshash ssenariy tahdidi. Bu safar esa fon yanada og‘irroq: mezbon, balandlik, Azteka shovqini va o‘yin uslubini topib bo‘lmayotgan hujum chizig‘i.
Patrik Schick – statistikadagi so‘nib qolgan yulduz
Turnir oldidan Chexiya uchun asosiy umid – Patrik Schick edi. “Bayer Leverkusen” hujumchisi Bundesligadagi so‘nggi 12 uchrashuvida 9 ta gol urgan, yirik turnirlardagi 7 o‘yinda 6 ta gol bilan kelayotgan edi. Qog‘ozda – mukammal “turnir futbolchisi”.
Ammo yozgi mundialda bu surat ko‘rinmayapti. Schick hozircha atigi ikki marta zarba berdi, gol yo‘q. Hatto Chexiya tarkibida kutilgan gollar bo‘yicha ham (xG 0,2) faqat beshinchi ko‘rsatkich. Bu raqamlar Chexiya muammosini aniq ko‘rsatadi: yulduz hujumchi bor, ammo unga xizmat yetib kelmayapti.
Meksika fonida bu kontrast yanada keskinlashadi.
Quiñones va El Tri bosimi
Meksika hujum chizig‘i ishlayapti, va jiddiy ishlayapti. Raúl Jiménez odatdagidek barqaror, ammo bu turnirda alohida e’tibor Julián Quiñonesga tushmoqda. “Al-Qadsiah” futbolchisi deyarli hamma joyda – ham gol urdi, ham pressing, ham dribling, ham imkoniyat yaratish.
U turnir davomida Meksika tarkibida eng faol ko‘rsatkichlarga ega: jami 10 ta zarba ishtirokida (6 marta o‘zi darvozaga tepgan, 4 marta sheriklariga imkon yaratgan), eng ko‘p dribling (6), eng ko‘p qoida buzdirish (5) va eng ko‘p yuqori intensivlikdagi pressing (60 marta). Bu raqamlar shunchaki statistika emas, Meksikaning hozirgi o‘yin uslubiga yorqin ta’rif: old chiziqda tinimsiz bosim, raqibni nafas oldirmaydigan pressing.
Natija o‘zini oqlayapti. El Tri jahon chempionatida ketma-ket uchta o‘yinda g‘alaba qozonmoqda – bu ularning tarixidagi eng yaxshi seriya. 2026-yilgi ikkala o‘yinda ham gol o‘tkazishmadi. Meksika so‘nggi bor mundialda uchta ketma-ket quruq o‘yin seriyasini 1986-yilda, aynan o‘z uyida qayd etgan edi. Tarixiy ritm yana qaytmoqda.
Edson Álvarez – chiziqlarni sindirayotgan miya
Himoya va yarim himoya o‘rtasidagi ko‘prikni Edson Álvarez mustahkamlab qo‘ydi. U Janubiy Afrikaga qarshi ilk o‘yinda zaxirada qoldi, ammo Janubiy Koreyaga qarshi diskvalifikatsiya tufayli yo‘q bo‘lgan César Montes o‘rnini egallab, o‘yinga keskin ta’sir ko‘rsatdi.
Atigi 104 daqiqa ichida Álvarez 23 ta chiziqni yorib o‘tuvchi pas berdi – bu Meksika tarkibidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Ikkinchi o‘rindagi Érik Lira 166 daqiqada 12 ta shunday uzatma bergan, xolos. Bu raqamlar Meksika o‘yinini tushuntirib turibdi: orqa chiziqdan oldinga keskin vertikal uzatmalar, pressingdan keyingi tez o‘tishlar, raqibni bir lahzada yanchib tashlaydigan temp.
Aguirre uni yana asosiy tarkibda maydonga tushirishi kutilmoqda. Lekin bir savol bor: murabbiy allaqachon birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, asosiy futbolchilarni qancha darajada asraydi?
Rotatsiya umidi va Chexiyaning oxirgi zarbasi
Javier Aguirre uchun bu uchrashuv – imkoniyat. Zaxiradagi futbolchilarga daqiqa berish, asosiy tarkibni pley-off oldidan yengil nafas oldirish, kartochkalar xavfini kamaytirish. Chexiya esa aynan shuni kutyapti. Ular uchun Meksikaning rotatsiyasi – ehtimol, turnirdagi eng katta umid.
Ammo Aztekada hatto ikkinchi tarkibli Meksikani yengish ham oson bo‘lmaydi. Stadion balandligi, muxlislar bosimi, mezbonlarning uy rekordlari – bularning bari raqibni maydonga chiqmasdan charchatadi.
Chexiya esa o‘z tarixini o‘zgartirish uchun maydonga tushadi. 1982-yildagi kabi guruh bosqichida g‘alabasiz qolish – bu avlod uchun og‘ir dog‘ bo‘lishi mumkin. Schickga xizmat ishlaydimi? Yarim himoyachilar Tomás Souček va Vladimír Darida o‘yinni o‘z qo‘liga oladimi? Adam Hložek qanotdan xavf soladimi? Bu savollarga javob aynan shu kechada topiladi.
Tarix va ehtimollar – Meksika tomonda
Bu juftlikning jahon chempionatlaridagi tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. 1962-yilda Meksika Chexoslovakiyani guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yinda 3:1 hisobida mag‘lub etgan. Mustaqil Chexiya bilan mundialdagi bu ilk uchrashuv bo‘ladi. So‘nggi o‘zaro duel esa 2000-yil fevralidagi o‘rtoqlik o‘yini, Gonkongda, u yerda Chexiya 2:1 hisobida g‘alaba qilgan.
Yevropa jamoalariga qarshi guruh bosqichida Meksikaning so‘nggi 12 o‘yinidagi natijalar ham ishonch bag‘ishlaydi: atigi ikki mag‘lubiyat (5 g‘alaba, 5 durang). O‘sha ikki yutqizilgan o‘yinda – 2006-yilda Portugaliyaga 2:1 va 2018-yilda Shvetsiyaga 3:0.
Opta superkompyuteri ham raqamlar bilan shu kayfiyatni tasdiqlaydi: 25 mingta oldindan modellashtirilgan ssenariyning 47,8 foizida Meksika g‘alaba qozonadi. Chexiya g‘alabasi ehtimoli – 28,5 foiz, durang varianti esa 23,7 foiz atrofida.
Qog‘ozda ham, tarixda ham, stadion devorlarida ham ustunlik Meksika tomonida. Ammo futbol ko‘p bora ko‘rsatganidek, aynan shunday o‘yinlarda eng katta syurprizlar tug‘iladi.
Chexiya bu safar tarixiy Aztekadan qutulib chiqadimi yoki Meksikaning mag‘lubiyatsiz seriyasi yana bir qadamga uzayadimi? Pley-off yo‘llari va butun turnir ritmini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan javoblar aynan shu o‘yinda topiladi.






