MLS pley-offlari 2028 yildan yangilanadi: yangi format va strukturasi
Major League Soccer 2028 yildan boshlab pley-off tizimini tubdan o‘zgartirishga hozirlik ko‘ryapti. Liga va klublarga yaqin bir nechta manbalar aytishicha, yangi format “double-elimination” unsurlarini o‘z ichiga olishi va pley-offga 20 ta jamoa chiqishi mumkin.
Reja hali ommaga e’lon qilinmagan, manbalar esa ruxsat bo‘lmagani uchun anonim qolishni tanlagan. Ammo chizma allaqachon chizilgan: pley-off aprel oxirida boshlanadi, uch hafta atrofida davom etadi va yakuniy bahs — MLS Cup — 2028 yil 21 may, yakshanba kuni o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Bu o‘zgarishlar liganing eng katta burilishlaridan biriga ulanadi: MLS shu mavsumdan boshlab kuz-bahor taqvimiga o‘tadi va hozirgi Eastern hamda Western Conference o‘rniga besh divizionli tuzilma joriy qilinadi.
20 jamoa, lekin teng bo‘linmaydi
Eng qiziq nuqta: 20 ta pley-off yo‘llanmasi yangi besh divizion o‘rtasida majburiy ravishda teng taqsimlanmaydi. Mavsum yakunida barcha jamoalar bitta umumiy jadvalga yig‘iladi va aynan shu yerda eng yaxshi 20 talik aniqlanadi.
Shundan so‘ng ilk to‘lqin boshlanadi: 20 ta jamoaning sakkiztasi “play-in” bosqichiga tushadi. To‘rttasi g‘alaba qozonib, yakuniy 16 talik maydonga kirib keladi.
Umumiy jadvalda eng yuqori sakkiz o‘rinni egallagan jamoalar esa asosiy yangilik — “double-elimination” bosqichida maydonga chiqadi. Bu g‘oya oddiy: muntazam mavsumni qanchalik zo‘r o‘tkazsang, pley-offda shunchalik katta kafolat olasan.
Bu bosqichdagi g‘alaba jamoani to‘g‘ridan-to‘g‘ri chorak finalga olib chiqadi. Har bir raunddan so‘ng jamoalar qayta “seeding” qilinadi, ya’ni reyting bo‘yicha qayta joylashtiriladi. Maqsad aniq: yuqori o‘rinlarni olganlar raqib tanlashda ham, uy o‘yinlarda ham ustunlikni qo‘ldan boy bermasin.
MLS rasmiy ravishda bu rejalar yuzasidan izoh berishni rad etdi. Ammo kulis ortidagi harakatlar allaqachon boshlangan.
Avstraliya yo‘li: AFL izidan borayotgan MLS
Taklif etilayotgan format AQSh sporti uchun noodatiy, lekin dunyo sporti uchun mutlaqo begona emas. U Avstraliya futbolining eng yuqori darajasi bo‘lgan AFL pley-off tizimiga juda yaqin.
AFL yillar davomida o‘z uslubini “double-chance” deb atab keladi — ya’ni yuqori o‘rindagi jamoalar mag‘lubiyatdan keyin ham yana bir imkoniyatga ega bo‘ladi. Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, MLS vakillari AFL bilan aynan shu yondashuv bo‘yicha muloqotlar o‘tkazgan.
MLS tarixida pley-off formati doimiy ravishda o‘zgarib kelgan. Ligaga ilk bor asos solinganda, 10 ta jamoaning 8 tasi pley-offga chiqardi, yarim final va final esa uch o‘yindan iborat seriya tarzida o‘tkazilgan. 2000 yildan keyin ham, yangi klublar qo‘shilgani va konferensiyalar qayta shakllangani sari format bir necha bor yangilandi, 2003 yilda ikki o‘yinlik (home & away) tizimga o‘tildi.
2019 yilda esa liga hammasini soddalashtirdi va to‘liq “single-elimination” — bitta o‘yinda hal bo‘ladigan pley-offga o‘tdi.
Apple bilan kelishuv, tanqid ostidagi format va yangi izlanish
2023 yilda MLS Apple TV bilan media huquqlari bo‘yicha yirik kelishuvni boshlaganida, pley-off yana bir bor qayta chizildi. Maqsad aniq edi: televizion bozor uchun ko‘proq o‘yin.
Natijada hozirgi g‘alati aralash tizim paydo bo‘ldi: ba’zi bosqichlarda uch o‘yindan iborat seriyalar, ba’zilarida esa bitta o‘yinda chiqib ketish, ustiga-ustak har bir konferensiyada 8–9-o‘rin egalari o‘rtasida “play-in” uchrashuvi.
O‘yinlar soni oshdi, lekin kayfiyat ko‘tarilmadi. Bu format ko‘plab muxlislar, murabbiylar va futbolchilar tomonidan tanqid ostiga olindi — chalkash, ritmi yo‘q, deb hisoblaydiganlar ko‘p.
O‘sha paytning o‘zida liga boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqqan: masalan, “World Cup-style” — guruh bosqichi orqali, so‘ngra bitta o‘yindan iborat pley-offga o‘tish. Ammo u yo‘l tanlanmadi.
Endi esa sahnada yangi sahifa. “Double-elimination”, 20 ta jamoa, yagona umumiy jadval, qayta “seeding” va to‘liq qayta qurilgan taqvim.
Savol esa ochiq qoladi: bu jasur tajriba MLS’ni nihoyat o‘ziga xos, barqaror pley-off modeliga olib kiradimi yoki liga yana bir necha yildan so‘ng navbatdagi format inqilobiga majbur bo‘ladimi?






