Monako poygasidagi bahslar: Gasly yettinchiga qaytarildi
Monakodagi bahs yakunlanganiga ancha bo‘ldi, lekin uning natijasi atrofidagi tortishuv endi yakun topdi. McLaren va Red Bull apellyatsiyada g‘alaba qozondi, natijada protokollar yana ostin-ustin bo‘ldi va eng katta zarbani Alpine hamda Pierre Gasly qabul qildi.
Gasly – podiumdan yettinchiga
Monakoda marrani uchinchi bo‘lib kesib o‘tgan Pierre Gasly avvaliga ikki marta besh soniyalik jazodan qutulib, apellyatsiya orqali podiumni qo‘lga kiritgandi. Endi esa hammasi o‘zgardi: McLaren va Red Bull murojaatlari qanoatlantirildi, Alpine uchinchi o‘rin kubogini qaytarib berishga majbur bo‘ldi, Gasly esa rasmiy natijalardagi asl pozitsiyasi – yettinchiga qaytarildi.
Alpine Monakoda qo‘llangan pit-yo‘lak tezlik cheklovi jazolarini noto‘g‘ri deb hisoblagani uchun, boshqa jamoalardan farqli o‘laroq, poyga davomida jazoni o‘tab bo‘lmagandi. Aynan shuning uchun ularning dastlabki apellyatsiyasi muvaffaqiyatli chiqqan edi. Endi esa hakamlar hay’ati sport adolati tamoyiliga tayandi: bir marta belgilangan o‘lchov mezonini hafta oxasi o‘rtasida yoki poyga yakunlangach o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Podiumga qaytgan Hadjar, ko‘tarilgan Piastri
Qaror natijasida Red Bull haydovchisi Isack Hadjar uchinchi o‘ringa qaytdi, McLaren poygachisi Oscar Piastri to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Racing Bulls vakillari Liam Lawson va Arvid Lindblad esa mos ravishda beshinchi va oltinchi o‘rinlarga siljidi.
Alpine o‘z bayonotida o‘zini “nohaq jazolangan” deb hisoblashi, hamon Gasly poyga davomida pit-yo‘lakdagi tezlik chegarasini oshirmaganini ta’kidlashi mumkin, ammo endi bu fikrlar faqat ularning pozitsiyasi bo‘lib qolmoqda. Hakamlar hay’ati uchun esa asosiy mezon – poyga boshida e’lon qilingan va barcha jamoalar mashinalarini kalibrlagan rasmiy o‘lchov bo‘ldi.
77 santimetrlik bahs
Mojoro markazida – atigi 77 santimetr. Rasmiy pit-yo‘lak uzunligi bilan haydovchi olishi mumkin bo‘lgan eng qisqa trayektoriya o‘rtasida shuncha farq borligi aniqlangach, voqea avjiga chiqqan. Alpine’ning iyun oyidagi apellyatsiyasida shu yangi, qisqaroq masofa bo‘yicha hisoblanganda Gasly aslida 60 km/soat chegarasidan oshmagani aniqlangan va jazolar bekor qilingandi.
Ammo McLaren bunga rozi bo‘lmadi. Ular Piastri ikki ochkoni yo‘qotganini, ayrim haydovchilar besh soniyalik pit-yo‘lak tezlik jazolarini poyga davomida o‘tab bo‘lganini eslatib, adolat mezoni buzilganini ko‘rsatdi. Ularning fikricha, qoidalar bir xil o‘lchovga tayanib, hammaga baravar qo‘llanishi kerak edi.
FIA xalqaro apellyatsiya sudi aynan shu nuqtaga urg‘u berdi. Ularning xulosasi aniq:
- pit-yo‘lak tezligi F1 tomonidan belgilanadi va bu ko‘rsatkich “tegishli sektor bo‘yicha o‘rtacha tezlik” asosida hisoblanadi;
- masofa barcha mashinalar uchun bir xil bo‘lishi shart;
- poyga davomida hamma shu kalibrovkaga tayanib harakat qilganidan keyin, uni orqaga qarab bitta haydovchi foydasiga o‘zgartirish sport adolatiga zid.
Sud F1 tomonidan tanlangan chiziq va masofa poyga oldidan o‘lchab ko‘rilgani, erda lenta bilan o‘lchanganini, erkin mashg‘ulotlar va poyga davomida aynan shu parametr qo‘llanganini, shikoyatlar paydo bo‘lganda ham qayta tekshirilgani, lekin hech qachon jamoalarga “boshqa masofa ishlatiladi” degan xabar berilmaganini qayd etdi. Shuning uchun ham keyinchalik topilgan qisqaroq yo‘l rasmiy mezonni bekor qila olmaydi.
Russell va savolsiz qolgan jazolar
Bu ish faqat Gasly atrofida aylanmadi. Monakodagi pit-yo‘lak tezligi jazolari ko‘plab haydovchilar natijasiga ta’sir qildi, jumladan Mercedes poygachisi George Russell’ga ham. U Hadjar va Gasly oldida ketayotgan paytda jazo oldi, keyin esa jamoa uni keyingi pit-stopda to‘g‘ri o‘tab bo‘lmadi. Natija – qo‘shimcha drive-through va ochkolardan tashqariga, 12-o‘ringa qulash.
Mercedes Russell hech qachon 60 km/soat chegarasidan oshmaganini da’vo qilmoqda. Ferrari vakillari Lewis Hamilton, Russell va Piastri’ga berilgan jazolarning rasmiy o‘lchov bo‘yicha to‘g‘riligiga oid savollar ham havoda osilib turibdi. Lekin apellyatsiya sudi bu masalalarga umuman qo‘l urmadi: ularning vazifasi faqat McLaren va Red Bull’ning Gasly jazosi bekor qilinishi bo‘yicha noroziligini ko‘rib chiqish edi. Shuning uchun Hamilton, Russell va Piastri holatlari hozircha ochiq qolmoqda.
Jamoalarning pozitsiyasi
Alpine rasmiy bayonotida qarorni tan olganini, lekin baribir Gasly poyga davomida tezlik chegarasini buzmaganiga ishonganini bildirdi. Ular o‘zlarini nohaq jazolangan deb hisoblaydi, ammo diqqatini trekdagi natijalarni yaxshilashga va keskin kechayotgan chempionat kurashiga qaratishini ta’kidladi. Shu bilan birga, ular uchinchi o‘rin kubogini allaqachon Red Bull’ning Milton Keynesdagi bazasiga jo‘natganini ma’lum qildi va ishni yanada yuqoriga, Sport arbitraj sudigacha olib chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini yashirmadi.
McLaren esa qarorni olqishladi. Ular buni na biror raqibga, na FIA’ga qarshi qilingan qadam emas, balki butun sport manfaatlari yo‘lida, qoidalar barqaror va hamma uchun teng qo‘llanishini ta’minlash uchun tashlangan huquqiy qadam sifatida talqin qildi.
Monako poygasi atrofidagi bu huquqiy jang yakuniga yetdi, lekin savollar hanuz ko‘p. Pit-yo‘lak tezligi kabi texnik jihatlar bo‘yicha shu qadar keskin qarorlar qabul qilinayotgan pallada, jamoalar kelgusi bosqichlarda qaysi chiziqqa tayanib, qaysi mezonga ishonsa bo‘ladi?







