Mourinho Arda Gülerni markazga qo‘yadi
Jose Mourinho Madridga qaytdi va ilk intervyularidanoq bir narsani aniq ko‘rsatdi: u Arda Gülerni markazga qo‘yib, undan katta loyiha yasamoqchi.
Portugaliyalik murabbiy yosh turk haqida gapirar ekan, yonma-yon ikki timsolni tilga oldi – Luka Modric va Bernardo Silva. Bu tasodif emas.
“Men Ardani yaxshi ko‘raman. O‘ylaymanki, Ardada ham xuddi Luka va Bernardo bilan bo‘lgani takrorlanadi: oldinda boshlaysan, orqada tugaysan”, – dedi Mourinho. Bir jumla, lekin unda Gülerning butun kelajagi chizib qo‘yilgandek.
10-raqamdan 6-raqamgacha bo‘lgan yo‘l
Mourinho fikrini yanada ochdi: “Sen 10-raqam sifatida, hujumkor o‘yinchi sifatida boshlaysan, keyin 8-raqam bo‘lasan, so‘ng 6-raqam. Menimcha, Ardani aynan shu yo‘l kutyapti, uning rivojlanishi va o‘yinni tushunishi shuni ko‘rsatmoqda”.
Bu – tasvir emas, reja. Güler 2023-yilda Fenerbahce safidan 28 million yevroga olib kelinganida, uni ko‘pchilik klassik “10-raqam”, oxirgi pas ustasi sifatida tasavvur qilgandi. Ammo yulduzlarga to‘la bu tarkibda u hali o‘z o‘rnini topa olmadi. Sabablardan biri – maydondagi rolining doimiy o‘zgarib turishi.
Endi esa Mourinho qo‘l ostida vaziyat o‘zgarmoqda. Ardaning pozitsiyasi aniqlashayotgandek. Bu esa uning Real Madriddagi haqiqiy starti bo‘lishi mumkin.
Kroos va Modricsiz markaz – bo‘sh qolgan tron
Toni Kroos va Luka Modric sahnadan tushganidan beri Madrid markazida klassik, chuqurdan ritm belgilovchi pleymeyker yetishmayapti. O‘yinni orqadan boshqaradigan, pressingdan chiqishda to‘pni sovuqqonlik bilan taqsimlaydigan o‘sha tipdagi futbolchi.
Klubning Jahon chempioni Rodri uchun qilgan rejasi ham amalga oshmadi – u Barcelona tomon yo‘l oldi. Natijada Real Madrid markazi kuchli, lekin boshqacha profilga ega o‘yinchilarga tayanyapti.
Fede Valverde – dinamika, pressing, vertikal yugurishlar. Aurelien Tchouameni – kuch, to‘pni qaytarish, baland pressing. Lekin ular Kroos yoki Modric tipidagi “dirijyor” emas.
Shu yerda Güler uchun eshik ochiladi. Uning chuqurroq pozitsiyaga siljishi unga nafaqat ko‘proq daqiqa, balki butun o‘yinni o‘qish va boshqarish vazifasini ham berishi mumkin. Mourinho aynan shuni ko‘ryapti.
Muvaffaqiyatsiz mavsumdan keyingi qayta qurilish
Real Madrid so‘nggi mavsumni o‘zi kutgandek yakunlay olmadi. Titulsiz yil – bu klub falsafasida deyarli fojia. Endi esa Mourinho Madridda tarkibni qayta yasash, yangi kelganlarni singdirish va mavjud yulduzlarni yana eng yuqori darajaga qaytarish vazifasini zimmasiga oldi.
Bu jarayonda Güler ham asosiy mavzulardan biri. U transfer qilingan pul, undagi salohiyat va hozirgi bo‘shab qolgan rolni hisobga olsak, bu endi faqat “yosh iste’dod” emas, balki murabbiy loyihasining markaziy bo‘lagiga aylanishi mumkin bo‘lgan futbolchi.
Mourinho unga maydonni orqadan ko‘rishni, pressing ostida to‘pni saqlashni, ritmni almashtirishni topshirsa, Ardaning karerasi Modricniki singari chuqurroq rolga siljigan holda yangi bosqichga ko‘tarilishi ehtimoli juda katta.
Bernardo Silva – “Pep futbolchisi”, endi esa Madridning yuragi?
Mourinho efir davomida faqat Güler bilan cheklanib qolmadi. Yozgi bozorning eng yirik zarbalaridan biri – Bernardo Silva transferi haqida ham to‘xtaldi. Portugaliyalik yarim himoyachi Barcelona va Atletico Madrid qiziqishiga qaramay, oq libosni tanladi.
“U – Pep Guardiola futbolchisi va senga hamma narsani beradi. Umid qilamanki, muammolar kam, barqarorlik ko‘p bo‘ladi. Agar muammolar kam, barqarorlik ko‘p bo‘lsa, men uchun bugun Bernardo markaziy yarim himoyachi. Lekin Bernardo 10-raqamda ham, o‘ng qanotda ham, ichkariga kirib ham o‘ynashi mumkin. U maydonning istalgan nuqtasida harakat qila oladi”, – dedi Mourinho.
Bu so‘zlarda taktik elastiklikka bo‘lgan ishtiyoq yaqqol seziladi. Bernardo Madrid markazida yangi mezon bo‘lishi, Güler esa uning yonida yoki biroz orqasida o‘sishi mumkin bo‘lgan futbolchi sifatida ko‘rinadi.
Mourinho transfer sabablariga ham nuqta qo‘ydi: “Men uni doim yaxshi ko‘rganman. Bu Barcelona uni xohlagani yoki Atletico uni xohlagani bilan bog‘liq emas. Qo‘shnimiz xafa bo‘lishi uchun uni tortib olganimiz yo‘q. Bu mening ishonchim edi: Bernardo Real Madrid darajasiga mos keladi”.
Ya’ni bu transfer ramziy “o‘g‘irlash” emas, sof futbol qarori sifatida talqin qilinyapti.
Güler uchun sahna tayyor
Madrid markazi o‘zgarish arafasida. Kroos va Modric davri tugadi, yangi davr esa boshqa tipdagi yarim himoyachilar bilan boshlanmoqda. Bernardo Silva – hozirgi, tayyor yulduz. Arda Güler – ertangi kunning loyihasi.
Mourinho esa allaqachon uning rolini chizib qo‘ydi: 10-raqamdan 8-raqamga, 8-raqamdan 6-raqamga tomon yo‘l. Savol bitta: Güler bu yo‘lni qanchalik tez va qanchalik dadil bosib o‘tadi?






