Newcastle Hallni yozda sotmaydi
Newcastle United yozgi bozorning ilk jiddiy sinovlaridan birini keskin ohangda yopdi. Klub rahbariyati Manchester Unitedga aniq va qisqa xabar berdi: Lewis Hall bu yozda sotuvga qo‘yilmaydi.
Sky Sports jurnalisti Keith Downie ma’lumotiga ko‘ra, Manchester United tomonidan qilingan dastlabki, ehtiyotkorcha so‘rovga Taynsaiddan javob ko‘p kutdirgani yo‘q – rad javobi darhol yetib bordi. Hattoki muzokara boshlanishiga ham yo‘l qo‘yilmadi.
Newcastle uchun strategik figura
Lewis Hall bugun Newcastle tarkibida oddiy yosh iste’dod emas. U klubning eng qimmat aktivlaridan biriga aylangan. Eddie Howe qo‘l ostida u so‘nggi mavsumlarda asosiy tarkib futbolchisiga aylanishga ulgurgan, jamoaning ritmini belgilovchi o‘yinchilardan biri bo‘lib oldi.
21 yoshli himoyachi 2023/24 yilgi mavsumni St. James’ Parkda ijarada o‘tkazdi. O‘sha kampaniya yakunida Chelsea bilan kelishuvdagi majburiy sotib olish bandi ishga tushdi va 2024-yil yozida Newcastle uni 35 million funt evaziga to‘liq sotib oldi. O‘zining bolalikdagi sevimli klubiga qaytgan Hall uchun bu shunchaki transfer emas, karerasida keskin burilish edi.
Premyer-ligadagi ishonchli o‘yinlar, Yevropa sahnasidagi baland tempga moslashgan, xotirjam, texnik jihatdan pishiq chiqishlar – bularning barchasi uni bozor nuqtai nazaridan ham, sport jihatidan ham alohida toifaga olib chiqdi.
Manchester Unitedning rejasi nima edi?
Manchester Unitedning Hallga qiziqishi oxirgi haftalarda sezilarli darajada kuchaydi. Klub avval yarim himoyani mustahkamlashga e’tibor qaratib, Andrey Santos va Youri Tielemansni olib keldi, so‘ngra navbatni himoya chizig‘iga berdi.
Reja aniq edi: Hall – 31 yoshli Luke Shaw uchun uzoq muddatli voris sifatida ko‘rilayotgan edi. Shaw shartnomasi kelasi yozda yakuniga yetadi, INEOS esa chap qanot himoyasini yillar davomida yopib bera oladigan, yosh, dinamik va allaqachon yuqori bosim ostida o‘ynashga o‘rgangan futbolchini izlayotgan edi.
Hall bu profilga to‘liq mos keladi. Premyer-liga tajribasi bor, Yevropa musobaqalarida o‘ynagan, taktik jihatdan moslashuvchan. Shu sabab Manchester United ilk qadamni tashladi – lekin shu bilan hammasi tugadi.
Taklifga aylanishi mumkin bo‘lgan so‘rovga Newcastle ning javobi shunchaki salbiy emas, balki prinsipial bo‘ldi. Klub Hall atrofida hech qanday raqam, hech qanday variant ko‘rib chiqilmasligini aniq bildirdi.
Taynsaiddagi og‘ir yoz va yopilgan eshiklar
Bu qat’iy pozitsiyaning sababi tushunarli. Yozgi oyning o‘ziyoq Newcastle ni yetarlicha larzaga soldi. Klub allaqon Anthony Gordon va Sandro Tonali bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi. Endi esa Bruno Guimaraes Arsenal ga o‘tish arafasida turibdi.
Bunga qo‘shimcha ravishda, besh yillik davrni belgilab bergan Eddie Howe ham o‘z lavozimini tark etdi. Murabbiy ketgan, asosiy yulduzlar birin-ketin chiqib ketayotgan paytda, yana bir tayanch figurani qo‘ldan chiqarish – bu endi sportiy risk emas, strategik xatoga aylanishi mumkin edi.
Shu sabab klub rahbariyati uchun Hall masalasi chizib bo‘lmaydigan chiziqqa aylandi. Yangi murabbiy, yangi davr, lekin hammasini noldan qurish emas – o‘zakni saqlab qolish zarur. Hall ana shu o‘zakning markazida turibdi.
INEOS uchun ikki yo‘l qoldi
Manchester United endi tanlov qarshisida. Yoki bozor yopilguncha boshqa variantni topadi, yoki Hall bo‘yicha rejani bir yilga suradi. INEOS ning Old Trafforddagi islohoti tezkor qarorlar talab qilmoqda, ammo bu safar raqib klubning qat’iyati rejani to‘xtatib qo‘ydi.
Hall esa Taynsaidda qoladi. Yangi murabbiy qo‘l ostida, yangi bosqichda, lekin o‘sha eski talab bilan: Premyer-liga va Yevropada Newcastle ni raqobatbardosh saqlash.
Savol endi boshqa: bu qat’iy “yo‘q” kelayotgan mavsumda Manchester United ning chap qanotini qanday shakllantiradi?





