Nico Gonzalez transferi: Barcelona qancha daromad oladi?
Barcelona allaqachon unutgandek tuyulgan o‘yinchisidan yana daromad ko‘rmoqda. Klubni bir necha yil avval tark etgan Nico Gonzalez’ning navbatdagi transferi kataloniyaliklarga kutilmagan, lekin juda yoqimli moliyaviy nafas berdi.
Ispaniyalik yarim himoyachi Manchester City’dan Newcastle safiga o‘tdi. Bitim umumiy qiymati bonuslar bilan birga qariyb 56 million yevroga yetishi mumkin, yana 4,6 million yevro atrofidagi o‘zgaruvchan bandlar ham shartnomaga tikilgan. Raqamlar katta, lekin Barcelona bu safar klassik ma’nodagi transfer haqi olmaydi.
Shunga qaramay, klub FIFA’ning birdamlik mexanizmi orqali o‘z ulushini olib ketadi.
FIFA birdamlik mexanizmi qanday ishladi?
O Jogo bergan va SPORT tasdiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, Barcelona ushbu transfer tufayli taxminan 1,9 million yevro ishlab oladi. Gap shundaki, FIFA’ning birdamlik dasturi 12 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan davrda futbolchini tarbiyalagan klublarga har bir yirik transfer summasining 5 foizini taqsimlab beradi.
Nico hozir 24 yoshda. Uning o‘smirlik va dastlabki professional shakllanishining katta qismi aynan Barcelona tizimida o‘tdi. U bu yo‘lda Valencia safida ijarada ham to‘p surdi, keyin esa Porto orqali katta futbol sahnasiga chiqdi. Shuning uchun birdamlik to‘lovining eng katta bo‘ligi Kataloniyaga yo‘l oladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Barcelona qariyb 1,9 million yevro oladi. Porto taxminan 560 ming yevro, Valencia esa 280 ming yevro atrofida mablag‘ ishlab olishi kutilmoqda. To‘lovlar kelgusi oylar ichida bosqichma-bosqich klub kassasiga tushadi.
Kichik raqam, katta ahamiyat
1,9 million yevro Newcastle’ning transfer summasi yonida uncha katta ko‘rinmasligi mumkin. Lekin moliyaviy fair play bosimi ostida yashayotgan, har bir yevroni hisoblaydigan Barcelona uchun bu ham e’tiborga molik raqam.
Klub so‘nggi yillarda aktivlarni sotish, televizion huquqlarni oldindan realizatsiya qilish, akademiya mahsulotlaridan maksimal darajada foyda ko‘rishga majbur bo‘ldi. Shunday sharoitda birdamlik mexanizmi orqali kelayotgan har qanday tushum ham strategiyaning muhim bo‘lagiga aylanadi.
Bu nafaqat moliyaviy nafas, balki La Masia uchun ham kuchli signal: akademiyada sarflangan vaqt va resurslar faqat sport natijasi emas, balki uzoq muddatli iqtisodiy qaytish ham berishi mumkin.
Nico – La Masia uchun “oltin aksiyalar”dan biri
Eng qiziq tomoni – bu birdamlik to‘lovi Nico Gonzalez nomi bilan bog‘liq umumiy daromadga qo‘shilayotgan navbatdagi bo‘lak, xolos.
Raqamlarga qarasak, yarim himoyachi Barcelona uchun hozirgacha qariyb 25,4 million yevro ishlab bergan. Bu summa bir necha bitim yig‘indisidan hosil bo‘lgan: Nico Porto’ga o‘tganda Barcelona 8,5 million yevro olgan, undan keyingi Manchester City transferi 15 million yevro keltirgan, endi esa Newcastle’ga ko‘chishi birdamlik mexanizmi orqali yana 1,9 million yevro qo‘shmoqda.
Natijada, klub safini tark etganiga ancha bo‘lgan, Camp Nou (hozirgi Montjuïc) gazonida asosiy yulduzga aylanishga ulgurmagan yarim himoyachi iqtisodiy ma’noda La Masia tarbiyalanuvchilari orasida eng muvaffaqiyatli loyihalardan biriga aylanib bormoqda.
Barcelona uchun bu nimani anglatadi? Akademiya bitiruvchilari klubda qolmasa ham, to‘g‘ri boshqarilgan transfer zanjiri va FIFA mexanizmlari orqali yillar davomida daromad keltirishi mumkinligini.
Savol endi shunda: kelgusi mavsumlarda yana qaysi La Masia farzandi Nico singari klub kassasini to‘ldirishda davom etadi?







