Patrice Evra: Manu Kone Angliyaga tayyor, lekin Arsenalga Bruno Guimaraes kerak
Patrice Evra va Claude Makelele bir paytlar raqib bo‘lgan, endi esa bitta manzil atrofida fikrlari kesishmoqda: Londonning shimoli. Faqat maqsadlar boshqacha. Biri – kelajak yulduziga eshikni ko‘rsatmoqda, ikkinchisi – allaqachon tayyor bo‘lgan liderni “Emirates”ga chorlayapti.
Evra: “Manu Kone uchun bu liga ideal”
“Red Devils” afsonasi Patrice Evra o‘z hamyurti Manu Kone haqida gapirar ekan, ohangida ikkilanmaslik bor. U Stake’ka bergan intervyusida Kone’ning Angliya uchun aynan kerak bo‘lgan profil ekanini ta’kidladi.
Evra uni qisqa, lekin aniq ta’rifladi: energiyaga to‘la, to‘pni olib yuradi, yakka kurashlardan qochmaydi, jamoa uchun ishlaydi. Aynan shunday fazilatlar Premer-ligada qadrlanadi. Bu yerda temp baland, nafas rostlashga ham vaqt yo‘q. Kim moslasha olsa, yashab qoladi. Kim qiynalsa, chetga suriladi.
Evra shuning uchun sabrga chaqirmoqda. Uning fikricha, Kone’ni besh o‘yin bilan baholash – xato. U Arsenal haqida gapirar ekan, bitta shartni ajratib ko‘rsatdi: murabbiy uni qanday ishlatishni bilishi kerak. Shunda fransiyalik yarim himoyachi o‘z salohiyatini ochib bera oladi. Asboblar bor, deydi Evra. Endi navbat muntazamlikda.
Evra ochiqcha aytmoqda: Kone uchun Londonning shimoli, xususan Arsenal, mantiqli qadam bo‘lishi mumkin. Lekin “Emirates”dagi kun tartibi hozircha boshqacha.
Arsenalning birinchi rejasi: Bruno Guimaraes
Arsenal transfer rejasida hozir Manu Kone emas, Newcastle United markazi turibdi. Gap Bruno Guimaraes haqida ketmoqda. Xabarlar bo‘yicha, londonliklar braziliyalik bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishuvga erishgan. Endi asosiy savol – klublar o‘rtasidagi kelishuv.
Bu transfer g‘oyasini yana bir afsona, bu safar Chelsea timsoli bo‘lgan Claude Makelele ham qo‘llab-quvvatladi. U ComeOn’ga bergan intervyusida Bruno’ning xarakteri va maqsadlari Arteta jamoasi bilan bir yo‘nalishda ekanini ta’kidladi.
Makelele uchun Bruno – oddiy yarim himoyachi emas. U doim Chempionlar Ligasi, doim sovrinlar uchun kurashishni o‘ylaydigan futbolchi. Ambitsiya – uning o‘yinida ham, qarorlarida ham ko‘rinib turibdi. Makelele nazarida Arsenal bugun aynan shunday futbolchini jalb qila oladigan klub.
U London klubining hozirgi holatini keskin, lekin ijobiy baholadi: Premer-ligada chempionlik, Chempionlar Ligasida chuqur bosqichlarga chiqish, yana qayta hujumga o‘tishga qurilgan tarkib. Shunday muhitda Bruno o‘zini uyida his qilishi mumkin.
Makelele: “Arsenal Bruno uchun mos, Bruno Arsenal uchun”
Makelele Bruno Guimaraes’ni “juda yaxshi, hatto favqulodda” futbolchi sifatida ko‘rsatdi. Braziliya terma jamoasidagi o‘yinlari bunga dalil, deya eslatdi u. Eng muhimi – uslub mosligi. Makelele fikricha, Bruno’ning o‘yini Arteta qurayotgan Arsenal tizimiga juda to‘g‘ri keladi.
U bitta chiziqni aniq chizib qo‘ydi: bu – futbolchining o‘zi qabul qiladigan qaror. Lekin agar u katta maqsadli, yuqori bosimli, sovrin uchun kurashadigan jamoa izlayotgan bo‘lsa, Arsenal barcha bandlarni to‘ldiradi.
Shu tariqa Londonning shimoli yoz bozorida ikki xil ssenariyni ko‘rib turibdi. Biri – Evra orzu qilayotgan, hali o‘sish bosqichidagi Manu Kone. Ikkinchisi – Makelele maqtayotgan, tayyor lider Bruno Guimaraes.
Arsenal qaysi yo‘lni tanlaydi: kelajak loyihasini quradimi yoki hozirning o‘zida chempionlik poygasini kuchaytiradimi?





