Pio Esposito: Manchester United rejalari puchga chiqdi
Manchester United yozgi hujumchi ovining navbatdagi nishonidan ayrildi. Italiyalik manbalar xabariga ko‘ra, Inter Milan forvardi Pio Esposito klubda qolishni tanladi va yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga yaqin.
Bu qaror Manchester United rejalari fonida ayniqsa keskin ko‘rinadi. Michael Carrick qo‘l ostidagi jamoa hujum chizig‘ini yangilash ustida jiddiy ishlayotgandi. Asosiy markaziy hujumchi sifatida Benjamin Sesko ko‘riladi, ammo klubga yana bitta toza “to‘qqizlik” kerakligi aniq.
Matheus Cunha bu pozitsiyada o‘ynay oladi, lekin u aslida ko‘proq erkin hujumchi. Joshua Zirkzee ham variant sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, u ham klassik “birinchi raqam” emas va ustiga-ustak, unga Juventusdan qiziqish kuchli, bu esa Old Trafforddagi kelajagini yanada shubha ostiga qo‘yadi.
Shu fon’da Pio Esposito nomi Manchesterda tobora balandroq yangray boshlagan edi.
Man Unitedning Esposito rejasiga nuqta
TEAMtalk insayderi Graeme Bailey ma’lumotiga ko‘ra, Manchester United allaqachon Chelsea hujumchisi Liam Delap bo‘yicha taklifni rad etgan. Klub skautlari nigohi esa ancha oldinroq Italiyaga qaratilgan edi.
Bailey 8 iyun kuni Espositoga bo‘lgan qiziqish haqida xabar bergan, unda Manchester United skautlari Italiya terma jamoasi safida Luksemburg va Gretsiya bilan o‘yinlarda yosh hujumchini diqqat bilan kuzatayotgani aytilgan. O‘sha paytda klub ichidagi manbalar Espositoni “eng yuqori darajadagi markaziy hujumchiga aylanishi mumkin bo‘lgan” futbolchi sifatida baholayotgani ma’lum qilingandi.
Bunga asos bor edi. 21 yoshli Italiya terma jamoasi hujumchisi o‘tgan mavsumda Inter safida barcha musobaqalarda 48 o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va 6 ta golli uzatma berdi. Serie A’da eng istiqbolli yosh hujumchilardan biri sifatida ko‘rilayotgan futbolchi allaqachon klub ichida ham alohida maqomga ega.
Inter raisi va bosh direktori Giuseppe Marotta uni 2025 yil noyabrida “bir necha yillardan beri go‘yo taqdir tomonidan belgilangan iste’dod” deb ta’riflagan. Bunday ta’riflar Milanda osonlikcha berilmaydi.
Shu bois Manchester Unitedning “hujumi” kuchli bo‘lishi tabiiy edi. Lekin bu safar devor juda qattiq chiqdi.
Interning qat’iy “yo‘q”i
Italiyaning tajribali jurnalisti Alfredo Pedulla o‘z saytida yozishicha, Inter Esposito bo‘yicha “har qanday hujumga”, ayniqsa Manchester United bosimiga qarshi turishga qat’iy bel bog‘lagan.
Uning yozishicha, bu transferda “manevr uchun joy bo‘lmagan” – pul miqdori qanchalik katta bo‘lishidan qat’i nazar, “Nerazzurri” pozitsiyasini o‘zgartirmagan. Klub Espositoni nafaqat hozirgi jamoa, balki kelgusi yillarning ham markaziy figuralaridan biri sifatida ko‘rayotgani yaqqol seziladi.
Pedulla bir oycha avval Espositoning yangi shartnomasi bo‘yicha raqamlarni ham oldindan aytib o‘tgan: bazaviy maosh yiliga taxminan 3,5 million yevro atrofida, ustiga bonuslar. Inter shoshilmadi. Shoshishga hojat ham yo‘q edi – Pio boshidan buyon ustuvorlikni aynan hozirgi klubiga bergan.
Endi esa jarayon “masalaning yuragiga tobora yaqinlashmoqda”. Ya’ni, tomonlar yangi shartnoma bo‘yicha yakuniy kelishuv sari ketmoqda, Esposito esa o‘z kelajagini San Siro bilan bog‘lashga qaror qilgan.
Manchester United uchun bu nimani anglatadi? Hujum chizig‘ini qayta qurish rejasi davom etadi, lekin Espositosiz. Inter uchun-chi? Ular o‘z qo‘lida nafaqat hozirgi mavsum, balki butun kelasi o‘n yillik hujumini belgilab berishi mumkin bo‘lgan forvardni ushlab qoldi.
Savol endi shunda: Pio Esposito Inter kutayotgan darajadagi markaziy figura bo‘lib yetishadimi yoki bugungi rad javobi ertaga yanada kattaroq sahna uchun tramplinga aylanadimi?






