Pirelli uchun Sepang testi: Bahrayn Gran-prisi Malayziyaga ko‘chdi
Bahrayn Gran-prisi taqvimda qoladi, lekin cho‘l emas, tropik namlikda. Urush sababli aprel oyi uchun rejalashtirilgan poyga o‘z uyidan ayrildi va endi Sepang majmuasida o‘tkaziladi. F1 karvoni Kuala Lumpurga 2017 yildan beri birinchi marta qaytadi, bu esa ayniqsa Pirelli uchun keskin burilish.
Italiyalik ishlab chiqaruvchi har bir trassa uchun shinalar diapazonini tanlayotganda allaqachon murakkab matematikaga duch keladi: strategik xilma-xillikni saqlagan holda, chidamlilikni yemirmaslik kerak. Bu safar esa vaqt ham, ma’lumot ham cheklangan.
2017 yilga qaytish
Pirelli Motorsport direktori Dario Marrafuschi qarorni qayerdan izlashni aniq biladi – o‘tgan yillarning arxivida.
“Oxirgi marta Malayziyada 2017 yilda poyga bo‘lgandi. 2011 yildan buyon u yerga har yili bordik, demak, yaxshi tariximiz bor”, – deya eslatadi u.
O‘sha mavsumda birinchi marta kengroq shinalar ishlatilgan, bugungi texnik paketga nisbatan eng yaqin davr ham aynan shu.
Shu sabab Marrafuschi qarorni aynan 2017 yil ma’lumotlariga tayangan holda qabul qilmoqchi. Unga ko‘ra, o‘sha paytdagi tanlov – medium, soft va supersoft (bugungi C2–C3–C4 ekvivalentlari) – hozirgi sharoitga ham mos keladi. 2014–2016 yillardagi eski konfiguratsiyalarga qaytish reja emas.
Sepangning o‘zi ham Pirelli uchun begona emas, lekin yetti yillik tanaffus, yangi avlod bolidlar va o‘zgargan aerodinamika sharoitni keskin murakkablashtiradi. Shunday bo‘lsa-da, italiyaliklar eski ma’lumotlarga tayangan holda xavf darajasini nazorat ostida ushlash niyatida.
Vaqt siqilgan, xodimlar u yoqda qoladi
Bu safar Pirelli uchun eng qimmat resurs – vaqt. Kompaniya Malayziyaga oldindan muhandislar yuborib, yangi ma’lumot to‘plashga ulgurmaydi. Shinalar tezda ishlab chiqilishi, belgilangan muddatda tayyor bo‘lishi kerak.
Bu esa yana bir nozik nuqtani yuzaga chiqaradi: logistika. Odatda dengiz yo‘li orqali jo‘natiladigan yuklar bu safar samolyotda uchadi. Qisqa muddat, yuqori xarajat, lekin boshqa yo‘l yo‘q.
Taqvimdagi beqarorlik haqida gap ketganda, Marrafuschi ochiq gapiradi: bu bosh og‘rig‘i. Pirelli har bir ehtimoliy ssenariyni hisobga olib, bir necha partiya ishlab chiqarishga majbur bo‘ladi. Ba’zan qo‘shimcha ishlab chiqarilgan shinalar keyingi bosqichlar uchun “zaxira”ga aylanadi. Moslashuvchanlik – ularning bugungi sharoitdagi yagona himoya qalqoni.
Yevropa uchun yetti hafta, qishda Imola sirlari
Marrafuschi yana bir muhim raqamni tilga oldi: Yevropadagi poyga uchun Pirelli kamida yetti haftalik ogohlantirishga muhtoj. Bu, ayniqsa, Qatar va Abu Dhabi bekor qilinishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar fonida ahamiyatli. Chunki bu holatda mavsum yakuni sifatida Imola ko‘rib chiqilmoqda.
Emilia-Romagna iqlimi dekabrda sovuq bo‘ladi: odatda 0°C dan 8°C gacha. Bu hatto Las Vegas kechalaridan ham sovuqroq bo‘lishi mumkin. F1 uchun noodatiy sharoit, lekin Pirelli buni allaqachon ko‘rganini aytadi.
Marrafuschi bunday sovuq poygani Barcelona sinovlariga qiyoslaydi. U yerda past haroratlarda shinalarning xatti-harakati sinovdan o‘tgan, demak, nazariy jihatdan xavfli emas, faqat ideal ham emas. Shunday bo‘lsa-da, u “qo‘rqinchli emas, xavfsiz” degan baho beradi.
“Jinnilik” muhitida asosiy qurol – moslashuvchanlik
Bugungi F1 taqvimi doimiy o‘zgarishlar girdobida. Siyosiy inqirozlar, iqlim, iqtisodiy omillar – barchasi bir mavsum ichida bir necha marta yo‘nalishni o‘zgartirishi mumkin. Pirelli esa har safar yangi trassa, yangi sana, yangi harorat diapazoniga javob topishi kerak.
Shu nuqtada kompaniya strategiyasi aniq ko‘rinadi: kengroq ssenariylar, bir nechta ishlab chiqarish to‘lqinlari, zaxira partiyalar va tezkor logistika. Qog‘ozda oddiydek tuyuladi, amalda esa bu – har hafta qayta chiziladigan murakkab boshqotirma.
Endi esa bu boshqotirma yana bir bo‘lagini oldi: Bahrayn nomi ostida o‘tkaziladigan, lekin Sepang asfaltida bo‘lib o‘tadigan poyga. Tropik namlik, yuqori degradatsiya xavfi, eski ma’lumotlar, yangi bolidlar.
Savol oddiy: Pirelli 2017 yilga tayanib, 2020-yillar F1’ini ushlab qola oladimi? Javobni birinchi bo‘lib Sepang ko‘radi.






