Real Madrid ego janglari: Mbappe va Vinicius o‘rtasidagi muammolar
Madridda yangi mavsum hali boshlanmagan, ammo asosiy bahslar allaqachon maydondan tashqarida ketmoqda. Sobiq himoyachi Rafa Alkorta nazarida, “Real Madrid”ning eng katta muammosi taktika ham, texnika ham emas. Bu — ego.
U ochiq aytdi: Kylian Mbappe kelganidan beri asosiy to‘siq shaxsiyatlar to‘qnashuvi bo‘lib qolgan.
“Mbappe kelganidan beri masala futbol emas, ego bo‘lib qoldi. Ego nima ekanini hech tushunmaganman, kiyinish xonasida ham bunday muammo ko‘rmaganman, lekin haqiqat shuki, ular orasidagi aloqa hanuzgacha ishlamadi”, — deydi Alkorta.
Uning fikricha, bu darajadagi yulduzlar bilan muammo maydonda emas, boshda hal qilinadi.
50 gollik yulduz va yechim izlayotgan Mourinho
Mbappe mavsumiga 50 tadan gol uradigan futbolchi. Bunday raqamlar odatda har qanday murabbiyning ishini yengillashtirishi kerak. Lekin Madridda hammasi bunchalik sodda emas.
Alkorta shunday deydi: Mbappe bor, gollar bor, ammo juftlik ishlamayapti. Endi navbat Jose Mourinho qo‘lida.
“Mbappe bir mavsumda 50 ta gol uradi, endi umid shuki, Mourinho ularni birga yaxshi o‘ynashga majbur qila oladi. Agar Vinicius qolsa, Mourinho undan avvalgi murabbiylar ololmagan narsani talab qiladi. U allaqachon o‘z talablarini aniq qilib qo‘ygan bo‘lsa ajab emas”, — deya ta’kidlaydi u.
Bu so‘zlar bejiz emas. Madrid kiyinish xonasida Mourinho avtoriteti, intizomi va keskin qarorlari bilan tanilgan. Endi u Mbappe va Vinicius atrofida nafaqat taktik, balki ruhiy balans ham yaratishi kerak.
Vinicius – shartnoma muzokaralari va sovuqlashgan yulduz
Shu orada Vinicius atrofida ham katta o‘zgarishlar pishib yetmoqda. Uning vakillari “Real Madrid” rahbariyati bilan uchrashib, 26 yoshli braziliyalikning 2027-yilda tugaydigan shartnomasini uzaytirish bo‘yicha muzokara olib bordi. Tomonlar “o‘rtacha optimistik” kayfiyatda, gap-so‘zlarga ko‘ra, pozitsiyalar yaqinlashgan.
Alkorta bu jarayonni iliq kutib oldi:
“Muxlislar uning shartnomani uzaytirishga yaqin turganidan xursand bo‘lishadi”, — deydi u.
Ammo sobiq himoyachi maqtovdan ko‘ra tanqidga ko‘proq urg‘u berdi. Uningcha, Vinicius so‘nggi ikki mavsumda avvalgi portlovchan darajasini yo‘qotgan.
“Viniciusning oxirgi ikki yili yaxshi bo‘lmadi”, — deya ochiq aytadi Alkorta.
Yulduz qolishi kutilayotgan bir paytda bu juda keskin baho. Ayniqsa, Madrid kabi bosimi ulkan klubda.
Mbappe–Vinicius: maydonda kimyo yo‘q, tashqarida esa umuman yo‘q
Alkorta gapini yanada keskinlashtirib, so‘nggi yillarda Mbappe va Vinicius o‘rtasida hech qanday haqiqiy bog‘lanish bo‘lmaganini ta’kidladi.
“Mourinho Mbappe–Vinicius juftligi bilan Xabi Alonso ham, [Alvaro] Arbeloa ham uddalay olmagan ishni qilishga urinmoqda. Ular to‘p bilan juda kam kimyo ko‘rsatishdi, to‘psiz esa umuman yo‘q”, — deydi u.
Bu fikr Madriddagi asosiy savolni ochib beradi: ikki superyulduz bir-biriga raqobatchimi yoki sherikmi? Hozircha javob ko‘ngildagidek emas.
Mourinho uchun bu faqat chiziqlarni to‘g‘rilash yoki sxema almashtirish masalasi emas. Bu — xarakterlarni boshqarish, ego va ambitsiyalarni bir maqsadga bo‘ysundirish sinovi.
Oldinda – sinovga aylangan o‘rtoqlik o‘yinlari
“Real Madrid” endi yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettiradi. Shанба kuni jamoa “Ferencvaros”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Oradan to‘rt kun o‘tib esa raqib — “Deportivo La Coruna”.
Bu uchrashuvlar oddiy sparring emas. Mourinho uchun bu maydondagi kimyoni sinash, Mbappe va Vinicius o‘rtasidagi uzatmalar, pressing, qaror qabul qilish tezligini ko‘rish imkoniyati.
Asosiy sahna esa 2026/27-yilgi Liga startida ochiladi. “Real Madrid” 22-avgust kuni “Espanyol” mehmoni sifatida RCDE Stadium maydoniga chiqadi. O‘sha kungacha Mbappe va Vinicius bir-birini topa oladimi?
Mourinho aynan shuni kutyapti: mavsum startiga kelib, ikki yulduz nihoyat bir xil tilga o‘tsin — hech bo‘lmaganda maydonda. Aks holda, Madrid uchun bu mavsum ham ego jangiga aylanib ketmaydimi?






