Red Bull yangi bosh muhandis Tom McCulloughni izlayapti
Red Bull paddok ortidagi eng muhim lavozimlardan birini qayta taqsimlash arafasida turibdi. Jamoa, xabarlariga ko‘ra, Aston Martin tarkibidagi tajribali mutaxassis Tom McCulloughni yangi head of race engineering sifatida jalb etishga hozirlik ko‘ryapti. U bu postda Max Verstappen bilan yillar davomida yonma-yon ishlagan Gianpiero Lambiase o‘rnini egallashi kutilmoqda.
Nemis nashri BILD ma’lumotiga ko‘ra, aynan McCullough Red Bull’ning trassadagi muhandislik operatsiyalariga bosh-qosh bo‘lishi uchun tanlab olingan. Gap faqatgina bitta poyga muhandisi haqida emas, butun trekdagi ish oqimini, qaror qabul qilish zanjirini va grand prix hafta oxlarida muhandislar shtabini boshqaradigan shaxs haqida ketmoqda.
Nashr yozishicha, McCullough poyga hafta oxlarida barcha operatsion mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi, trassadagi ishlarni boshqaradi va muhandislar ishini muvofiqlashtiradi. Ya’ni, strategiya, sozlamalar, real vaqtda qarorlar – barchasi uning stolida jamlanadi.
O‘n yillik tajriba: Force India’dan Aston Martin’gacha
Britaniyalik mutaxassis Silverstone bazasidagi jamoa bilan o‘n yildan ortiq vaqt bog‘langan. U klub turli nomlar ostida faoliyat yuritgan davrning deyarli barchasini boshdan kechirdi: Force India, Racing Point va keyin Aston Martin.
Avvaliga u trekdagi performance bo‘yicha bir qator lavozimlarda ishladi, so‘ngra asta-sekin Formula 1 loyihasidan chetga olinib, kengroq texnik yo‘nalishga o‘tdi. O‘sha paytdagi LinkedIn sahifasiga ko‘ra, McCullough Aston Martin Performance Technologies tuzilmasida performance director sifatida faoliyat yuritgan.
Bu esa uni nafaqat F1, balki kengroq texnik platforma, ma’lumotlar tahlili va ishlash samaradorligini boshqarish bo‘yicha ham tajribali figuraga aylantirdi. Red Bull uchun bunday profil ayni muddao: poyga tezligi, tizimlilik va strategik fikrlash bir nuqtada tutashishi kerak.
Williams, Sauber va eski tanishlar
McCulloughning yo‘li bundan oldin ham Formula 1 paddokida ancha murakkab va boy bo‘lgan. U Williams safida data engineer sifatida ish boshlagan, keyin esa race engineer darajasiga ko‘tarilgan. U yerda u Nico Hulkenberg, Rubens Barrichello va Bruno Senna kabi haydovchilar bilan ishlagan.
Keyingi bosqich – Sauber. Bu yerda u head of track engineering lavozimida qisqa, ammo mazmunli davrni o‘tkazdi. Shunday qilib, McCullough turli falsafaga ega jamoalar, turli byudjetlar va turli maqsadlarga ega loyihalarda o‘zini sinab ko‘rdi. Endi esa navbat eng bosim ostidagi sahnaga – Red Bull garajiga kelmoqda.
Lambiase ketishi: Verstappen davrining tugashi emas, yangi bobmi?
Bu harakatlar zanjiri, albatta, birgina ism atrofida aylanadi: Gianpiero Lambiase. Max Verstappenning uzoq yillik poyga muhandisi, radioaloqadagi sovuqqon ovoz, strategik qarorlarning ko‘zga ko‘rinmas hammuallifi – endi Red Bull garajidan ketadi.
9 aprel 2026 yilda tasdiqlanishicha, Lambiase McLaren bilan chief racing officer sifatida shartnoma imzolagan. U Woking bazasidagi jamoaga 2028 yilda, ehtimol undan ham avval qo‘shilishi rejalashtirilgan. Bu esa Red Bull uchun nafaqat texnik, balki psixologik bo‘shliq ham degani: Verstappen bilan yillab shakllangan ishonch va ritm qayta qurilishi kerak bo‘ladi.
Lambiase F1’dagi faoliyatini 2005 yilda Jordan safida data engineer sifatida boshlagan. Keyin jamoa Force India’ga aylangach, u race engineer bo‘lib ishladi. 2015 yilda Red Bull’ga kelib, avval Daniil Kvyat bilan ishladi, 2016 yilda esa Verstappen jamoaga qo‘shilgach, uning yoniga o‘tdi. 2024 yil oktyabrida esa u head of racing lavozimiga ko‘tarildi.
Endi bu zanjir uzilmoqda. Red Bull esa bo‘shliqni yamoqlash emas, uni yangi darajaga ko‘tarish uchun ishlatmoqchi.
Red Bull uchun yangi davr boshlanadimi?
Agar BILD xabarlari tasdiqlansa, Tom McCullough Red Bull’ning trekdagi operatsiyalariga bosh bo‘lib keladi va Lambiase bilan boshlangan yuqori aniqlikdagi poyga boshqaruvi davrini o‘z uslubida davom ettiradi.
Savol bitta: Verstappen va Red Bull yangi muhandislik boshqaruvi ostida o‘zining hukmron ritmini saqlab qola oladimi yoki bu o‘zgarish chempionlik kurashiga yangi rang qo‘shadimi? Paddok bunga javobni yaqin yillarda ko‘radi.





