Renato Sanches va Paris: yangi yo‘l izlash
Evropa chempioni hisoblangan Paris Saint-Germain nihoyat uzoq yillik jarohatlar va ijaralar marafoniga nuqta qo‘ydi. Klub Portugaliya yarim himoyachisi Renato Sanches bilan butunlay xayrlashishga qaror qildi — hatto bu uni bepul qo‘yib yuborish evaziga bo‘lsa ham.
Kontrakt qog‘ozda hanuz 2027-yil iyuniga qadar amal qiladi. Lekin Parij rahbariyati boshqa yo‘lni tanladi: Sanches yangi klub bilan kelishuvga erishishi bilanoq, PSG undan hech qanday tovon puli talab qilmaydi. Maqsad bitta — bu hikoyani cho‘zmasdan, uning yakuniy ketishini yengillashtirish va yillar davomida vaqti-vaqti bilan porlab, ko‘proq maosh yukiga aylangan futbolchiga eshikni sokin yopib qo‘yish.
Bu qaror haqida xabar bergan fransuz nashri “Foot Mercato” aynan shuni urg‘ulaydi: klub uzoq davom etgan ijaralar zanjirini uzmoqchi. Endi na oraliq yechim, na vaqt yutish bor. Faqat yakuniy ajralish.
Panathinaikosdan so‘ng qaytish – lekin ishonch yo‘q
Renato yozda Gretsiyadagi Panathinaikos safaridan qaytdi. O‘tgan mavsum u yerda 24 o‘yin o‘tkazdi, shulardan 12 tasida asosiy tarkibda maydonga tushdi, bitta gol urdi va yana biriga golli uzatma berdi. Statistikasi hayratlanarli bo‘lmasligi mumkin, ammo u asosiysi — tana holatini, o‘yin ritmini deyarli qayta topdi. Albatta, jarohatlar yana yo‘lini to‘sib qo‘ygan pallalar ham bo‘ldi.
Shunga qaramay, yozgi tayyorgarlik davrida u PSG bilan to‘liq hajmda mashg‘ulot o‘tkazdi, birorta yangi jarohat olmadi. Tana tayyor, bosh esa ochiq. Lekin bu safar hammasi boshqa. Murabbiylar shtabi ham, klub rahbariyati ham unga endi kelajak loyihasining bir qismi sifatida qaramayapti. Bu qat’iy qaror. Ular yo‘lini ajratib bo‘ldi.
“Golden Boy 2016” hali taslim bo‘lmadi
Bir paytlar “Golden Boy 2016” sovrinini olgan yigit o‘z orzusidan voz kechgani yo‘q. Renato Sanches hanuz Yevropa sahnasida qolishni xohlaydi. U Saudiya Arabistoni, Braziliya va AQSh chempionatidan tushgan moliyaviy jihatdan juda jozibador takliflarni rad etdi. Uning uchun hozir pul emas, maydon muhimroq.
Unga kerak bo‘lgani – haqiqiy sport loyihasi. Muntazam o‘yin amaliyoti, ishonch, yana bir bor porlash imkoniyati. Benfica, Bayern Munich va Lille davridagi shu’lani qayta yoqish. O‘sha paytdagi jasoratini eslatuvchi sahna.
Navbatdagi bekat qayer? Torino, Union Berlin, Angliya yoki yana Fransiya?
U uzoq kutib qolmadi. Takliflar ketma-ket kela boshladi. Italiyadan Torino, Germaniyadan Union Berlin, Angliyadan Ipswich Town va Hull City — barchasi Renato Sanches nomini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Yana ikki fransuz klubi ham uni qayta “qutqarish” imkoniyatini o‘ylab ko‘rayotgani aytilmoqda.
Bu ro‘yxat uning karerasining xaritasini eslatadi: Benfica’dan Bayern Munich’gacha, u yerdan Swansea, so‘ng Lille va Roma, 2022-yilda esa Parij. Endi esa yana burilish pallasida turibdi. Bu safar esa xato qilishga haqqi juda kam.
PSG bilan bo‘lgan bo‘lim yopilmoqda. Savol esa aniq: Renato Sanches o‘zini yana bir bor Yevropa sahnasida qayta kashf eta oladimi yoki bu safar tanlagan yo‘li uning so‘nggi katta sahnaga chiqishi bo‘ladimi?







