Rio Ferdinand: Arsenal Rashford imkoniyatini qo‘ldan chiqarmasligi kerak
Marcus Rashfordning kelajagi yana savol ostida. Bir yil avval u “Barcelona”da ijara asosida o‘ynab, La Ligada ham, Yevropa sahnasida ham o‘zini qayta eslatgandi. Ammo Kataloniya klubi yakunda boshqa yo‘lni tanladi.
“Barcelona” yozgi rejasini Rashford atrofida emas, Anthony Gordon atrofida qurdi. Hujum chizig‘ini yangilashda Gordon bilan birga yana Karim Adeyemi nomi ham muhokamada. Bunday sharoitda Rashford uchun “Camp Nou”da joy deyarli qolmayapti.
Shu paytda sahnaga “Arsenal” chiqdi.
Rashford – London uchun tug‘ilgan imkoniyatmi?
“Manchester United” Rashfordni qaytarib olishi mumkin. Lekin klub rahbariyati bu yozda takliflarni ham ko‘rib chiqishga tayyor. Bu holat darhol London tomonlarida qiziqish uyg‘otdi. “Arsenal” hujumni kuchaytirish yo‘llarini izlar ekan, Rashford nomi variantlar ro‘yxatining yuqori qismida paydo bo‘ldi.
U jahon chempionatida kutilgancha ko‘p daqiqa olmagan bo‘lishi mumkin, ammo baribir Angliya tarkibidagi eng sifatli hujumchilardan biri bo‘lib qolmoqda. Tezlik, pressing, chap qanotdan ichkariga kesib kirish, markazda ham, qanotda ham o‘ynay olish – bu xususiyatlar Mikel Arteta tizimida juda qadrlanadi.
Ayniqsa, “Arsenal”dagi vaziyatni hisobga olsak.
Gabriel Martinelli va Leandro Trossard bu yozda klubni tark etishi kutilmoqda. Demak, qanotlarda nafaqat chuqurlik, balki darhol asosiy tarkibga kirib ketadigan sifatli futbolchi zarur. Rashford aynan shunday profilga mos tushadi: Premyer-ligani biladi, katta bosim ostida o‘ynagan, yirik sahnadan qo‘rqmaydi.
Ferdinandning qat’iy pozitsiyasi
Shu fon’da Rio Ferdinand o‘z fikrini yashirmadi. Sobiq “Manchester United” afsonasi, hozirgi tahlilchi, o‘z YouTube kanalida hamkasbi Stephen Howson “Arsenal”ni Rashford uchun manzil sifatida tilga olganida, bir zumda javob berdi.
“Men Rashfordni olaman,” – dedi u. “40 millionga men Marcus Rashfordni qo‘lidan ushlab, olib ketaman.”
Bu gaplar ortida faqat emotsiya emas, hisob-kitob ham yotibdi. Bozor hozir shunchaki qimmatlab ketgan paytda, Ferdinand nazarida 40 million funtga Rashford darajasidagi futbolchini qo‘lga kiritish – deyarli o‘lja. Premyer-ligada sinovdan o‘tgan, yirik klub bosimini ko‘rgan, hali eng yaxshi yillariga kirayotgan hujumchi haqida gap ketmoqda.
Ferdinandning fikri oddiy: agar “United” uni bozorga qo‘ysa, “Arsenal” ikkilanishga haqli emas.
“Arsenal” uchun riskmi yoki zarba beradigan transfer?
Bu savol hozir London shimolida ko‘plab bahslarni qo‘zg‘ayapti. Rashfordning o‘yinida barqarorlik muammolari bo‘lgan mavsumlar yetarli, lekin uning cho‘qqisi ham juda baland. To‘g‘ri tizim, aniq rol, ishonch – va u bir mavsumda yana ikki raqamli gollarni urishi hech gap emas.
Arteta qo‘l ostida ko‘plab futbolchilar o‘z darajasini oshirdi. Martin Ødegaard, Bukayo Saka, hatto Trossard ham bu tizimda yanada sermahsul bo‘ldi. Rashford uchun ham bu yangi sahifa bo‘lishi mumkin.
Savol faqat bitta: “Arsenal” bu imkoniyatni qanchalik agressiv tarzda quvib boradi?
“Manchester United” hali yakuniy qarorni chiqargani yo‘q. Transfer oynasi esa bosimni oshirib bormoqda. “Arsenal” qanotlari yozda bo‘shab qolsa, Rio Ferdinand taklif qilayotgan 40 million funtlik zarba London klubini chempionlik poygasida keyingi bosqichga olib chiqadimi yoki bu risk klubni ikkilanib qolishga majbur qiladimi?
Javobni endi yozgi oynaning o‘zi beradi.






