sport pulse

Rodri: Etihad'dan Bernabeu'ga o‘tish rejalari

Manchester City uchun zarba bo‘ldi. Jamoaning o‘yinini yillar davomida markazdan boshqarib kelgan Rodri endi ko‘nglini faqat bitta klubga bog‘lab bo‘ldi – Real Madrid.

Ispaniyaning “Marca” radiosi jurnalisti Sergio Valentin “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida shunday yozdi: Manchester City Rodri uchun boshqa klublarni ham poygaga tortishga urindi, lekin bu reja ish bermadi. Sabab oddiy: futbolchining o‘zi boshqa variantlarga nuqta qo‘ydi.

Rodri barcha eshiklarni yopdi. U faqat Real Madridga o‘tishni xohlaydi. Futbolchi bilan “qirollik klubi” o‘rtasida kelishuv allaqachon shakllangan, endi tosh Manchester City tomonida – narx borasida.

Bu holat Real Madridga muzokaralarda qo‘lni baland qiladi. Futbolchi tanlov qilgan, boshqa klublar chetga surilgan, demak, Manchester City uchun bozor toraygan. Valentinning ta’kidlashicha, Real Madrid Rodri’dan voz kechmoqchi emas va bitim 65–75 million yevro atrofida yakunlanishi mumkin.

Rodri uchun bu nafaqat transfer, balki qaytish. Ispaniya ligasiga, endi esa Real Madrid libosida. Jahon chempionatidagi yorqin o‘yinlari fonida bu istak yanada kuchaydi. Eng muhimi – bu rejaga José Mourinho ham rozilik bildirgan, u Rodri’ni o‘zining kelasi mavsum rejasida markaziy bo‘g‘in sifatida ko‘rmoqda.

Raqiblar buni juda tez tushundi. Paris Saint-Germain va Bayern Munich Rodri’ning qat’iy pozitsiyasini ko‘rgach, orqaga chekindi. Ularning hamyonlari kuchli, lekin futbolchining irodasi yanada kuchliroq bo‘lib chiqdi.

Barcelona esa bundan ham ehtiyotkorroq yo‘l tutdi. Katalon klubi faqat Rodri atrofidagi odamlar bilan aloqa qilib, vaziyatni o‘rgandi, xolos. Manchester City bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara boshlamadi. Frenkie de Jong jarohati ularning qiziqishini oshirdi, lekin Rodri’ning Real Madridni birinchi va yagona variant sifatida ko‘rayotgani Barcelona uchun hammasini aniq qilib qo‘ydi.

Moliyaviy manzara ham Barcelona foydasiga emas. So‘nggi yillardagi katta xarajatlar fonida Rodri uchun yana 75 million yevro topish – murakkab vazifa. Ular bu oynada boshqa bo‘shliqlarni to‘ldirishi kerak, Real Madrid bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoda yutib chiqish esa deyarli imkonsizdek ko‘rinmoqda.

Madrid tomonida kayfiyat boshqacha. Klub ichida bu transferni yopib qo‘yish borasida ishonch bor, lekin ish yuritish uslubi ehtiyotkor. Manchester City hozircha qat’iy: Rodri faqat 75 million yevroga ketadi, degan pozitsiyada turibdi.

Real Madrid esa summani 60 million yevro atrofida ushlashni xohlaydi. Lekin hozirgi manzaraga qaraganda, yakuniy raqam 65–75 million oralig‘ida bo‘lishi ancha real ko‘rinadi. Ayniqsa, futbolchining Santiago Bernabéu sari qat’iy intilishi fonida.

Bu transfer faqat pul savdosi emas. Bu – kuch markazining o‘zgarishi haqida hikoya. Manchester City o‘z o‘yin miyasini yo‘qotish arafasida turgan bir paytda, Real Madrid esa navbatdagi yillarga mo‘ljallangan yangi tayanch ustunini qo‘lga kiritishga yaqinlashmoqda. Endi savol bitta: bu keskin iroda kurashida kim birinchi bo‘lib yon beradi – Manchester Citymi yoki bozorning o‘zi?