Rodri uchun Real Madridning katta zarbasi
Yevropa yozgi transfer oynasining eng shov-shuvli hikoyalaridan biri tobora aniq tus olayapti: “Real Madrid” Rodri uchun bor kuchini ishga solgan. Klub ichkarisidan kelayotgan xabarlar bir xil – madridliklar “Manchester City”ning markazdagi bosh miyasini olib kelishiga ishongan.
30 yoshli Ispaniya terma jamoasi sardori allaqachon dunyoning eng to‘liq yarim himoyachilaridan biri sifatida tan olingan. “Real” esa Toni Kroos sahnani tark etgan, Luka Modrich esa so‘nggi boblarini yozayotgan paytda aynan shunday tayanchga muhtoj. Madrid rahbariyati muzokaralar murakkab bo‘lishini biladi, lekin bitimga erishish mumkinligiga qat’iy ishonch bor. Agar bu transfer amalga oshsa, “Santiago Bernabéu”dagi o‘yin ritmi yillar davomida Rodri oyog‘idan boshlanishi mumkin.
“Arsenal”ning jasur rejasi: Julián Álvarez va almashuv kartasi
Londonning shimolida esa boshqa bir katta loyiha pishib yetilmoqda. “Arsenal” 26 yoshli Argentina hujumchisi Julián Álvarezni “Atlético Madrid”dan tortib kelish g‘oyasini jiddiy o‘rganmoqda. Reja oddiy emas, lekin jasur: futbolchi ustiga pul qo‘shilgan almashinuv.
Bu yerda asosiy nom – 28 yoshli shved hujumchisi Viktor Gyökeres. U La Liga sahnasiga yo‘l olishi, Álvarez esa “Emirates”ga tushishi mumkin bo‘lgan sxema ustida ish ketayotgani aytilmoqda. Mikel Arteta hujum chizig‘iga ko‘p qirrali, pressingda ishlaydigan, jarima maydoni ichida ham, tashqarisida ham xavf tug‘diradigan futbolchi qidirayotgandi. Álvarez bu profilga juda yaqin.
“Roma”ning kutilmagan hujumi: Oscar Bobb
Italiyada “Roma” ham bozorni jim kuzatayotgan klublardan emas. Klub 23 yoshli norvegiyalik qanot futbolchisi Oscar Bobbga ko‘z tikkan. U atigi olti oy oldin “Manchester City”dan “Fulham”ga ko‘chib o‘tgan bo‘lsa-da, rimliklar bu qisqa muddatni to‘siq deb bilmayapti.
Bobbning texnikasi, tor zonalarda qaror qabul qilish tezligi va ijodkorligi “Roma”ning hujum chizig‘iga rang qo‘shishi mumkin. Savol faqat bitta: “Fulham” bu qadar tez vaqtda o‘zining istiqbolli qanot futbolchisini qo‘yib yuborishga rozi bo‘ladimi?
Yan Diomandega navbat: “PSG” sustligi raqiblarga umid berdi
Fransiyada katta narx yorlig‘i bilan yurgan navbatdagi nom – Yan Diomande. “RB Leipzig”ning 19 yoshli kot-d’ivuarli qanot futbolchisi uchun “Paris Saint-Germain”dan 120 million yevrolik rasmiy taklif hali tushgani yo‘q.
Aynan shu pauza boshqa gigantlarga eshik ochib berdi. “Liverpool”, “Arsenal”, “Real Madrid” va “Manchester City” Diomande uchun kurashda o‘z imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Yosh, portlovchi tezlik, birga-bir vaziyatlarda dadillik – bunday profil bozorning eng qimmat tovariga aylanayotgan payt. “PSG” tezlashadimi yoki bu poygada raqiblar sahnaga chiqadimi – yaqin kunlarda ayon bo‘ladi.
“Arsenal”ning markaziy rejasi: Bruno Guimarães va zaxira varianti
“Arsenal” uchun bu yoz faqat hujum bilan cheklanmaydi. Klubning asosiy maqsadi – “Newcastle”ning braziliyalik yarim himoyachisi Bruno Guimarães. 28 yoshli futbolchi London klubi uchun yozgi transfer strategiyasining markazida turibdi.
“Arsenal”ning 70 million funtlik dastlabki taklifi “Newcastle” tomonidan rad etilishi kutilmoqda. Shunga qaramay, xabarlar Guimarãesning o‘zi “Arsenal”ga o‘tish g‘oyasiga yomon qaramasligini ko‘rsatadi. Mikel Arteta esa bu bitimni yopish uchun 90 million funtgacha borishga tayyor ekani aytilmoqda. Bu summa “Arsenal”ning bu futbolchiga bo‘lgan ishonchi va zaruriyat darajasini ochiq ko‘rsatib turibdi.
Agar muzokaralar tiqilib qolsa, klub zaxira rejasiz qolmaydi. 22 yoshli ingliz yarim himoyachisi Alex Scott (“Bournemouth”) ham variant sifatida ko‘rilmoqda. Yangi avlod ingliz pleymeykeri sifatida ko‘rilayotgan Scott uchun ham raqobat bo‘lishi mumkin, lekin “Arsenal” bu bozorni diqqat bilan kuzatayapti.
“Manchester United” va Bruno Fernandes atrofidagi shovqin
Manchesterning qizil qismida esa asosiy savol – Bruno Fernandes kelajagi. 31 yoshli Portugaliya terma jamoasi sardori atrofida ketayotgan mish-mishlarga qaramay, “Manchester United” uni sotish niyatida emas.
Klub ichkarisidagi kayfiyat aniq: yangi davr, yangi loyihalar, lekin Fernandes hanuz markaziy figura. U nafaqat gollar va golli uzatmalar, balki kiyinish xonasidagi ovoz, maydondagi xarakter. “Old Trafford” tribunalari hali uzoq vaqt Bruno nomini kuylashga tayyor turibdi.
“Chelsea”ning ikki yo‘nalishli rejalari: Chalobah va Alajbegovic
Lombardiyada esa “Como” va “Chelsea” delegatsiyalari uchrashuvi kutilmoqda. Italiyalik klub 27 yoshli ingliz himoyachisi Trevoh Chalobahni olib kelishga jiddiy kirishgan. Biroq “Chelsea” pozitsiyasi qat’iy: 30 million funtdan kamiga yo‘l yo‘q.
Bu orada londonliklar bozorning boshqa chetida ham faol. Klub 18 yoshli “Bayer Leverkusen” va Bosniya-Gertsegovina qanot futbolchisi Kerim Alajbegovic uchun dastlabki taklifni jo‘natgan. “Chelsea” so‘nggi yillarda yosh iste’dodlarga sarmoya kiritishni strategiyaga aylantirdi, Alajbegovic ham aynan shu yo‘lning navbatdagi bo‘lagi bo‘lishi mumkin.
Fabio Vieira – “Arsenal”dan Germaniyaga?
Yozgi transfer oynasidagi yana bir qiziq yo‘nalish – Fabio Vieira kelajagi. 26 yoshli portugaliyalik yarim himoyachi “Arsenal” va “Hamburg” o‘rtasidagi muzokaralarning markazida turibdi.
Vieira o‘tgan mavsumni aynan “Hamburg”da ijarada o‘tkazdi va endi Bundesligaga to‘liq ko‘chib o‘tishni xohlayotgani aytilmoqda. Uning o‘zi bu yo‘lni davom ettirish tarafdori, klublar esa shartlarni kelishib olishga urinmoqda. London klubida raqobat keskin, o‘yin vaqti cheklangan, Germaniyada esa u asosiy rolni qo‘lga kiritish imkoniga ega.
Bozor qaynayapti. Har bir katta ism ortida murakkab muzokaralar, moliyaviy risklar va sportiy strategiyalar yotibdi. Endi savol bitta: shu rejalar ichidan qaysilari haqiqiy transfer sargashtasiga aylanadi, qaysilari esa faqat yozgi mish-mishlar sifatida tarixda qoladi?






