sport pulse

Sage Cherki: De Bruyne’ning merosiga da’vogar

Lyon akademiyasining chang bosgan mashg‘ulot maydonlaridan tortib, birinchi jamoaning yorqin chiroqlarigacha – Rayan Cherki haqida shubha qilganlar ko‘p bo‘lgan. Lekin bitta odam ishonchni hech qachon yo‘qotmadi. Bu – uning sobiq murabbiyi Sage.

U o‘sha yillarni eslar ekan, Cherki iste’dodi qanchalik erta ko‘ringanini ta’kidlaydi. Uningcha, bu bola haqida bahslar ko‘p bo‘lgan, ammo savol iste’dodda emas, uni qanday yo‘naltirishda edi.

“Bu u bilan bir jarayon edi, – deydi Sage. – Chunki ko‘p odamlar uning karerasida muvaffaqiyat qozonmasligiga ishongan. Men esa bunday o‘ylamaganman. Men unga tushuntirganman: ‘Senda katta talent bor, menimcha, sen uni maxsus kontekstlarda ko‘rsata olasan’”.

Sage bu gaplarni havoga aytmaganini isbotlash uchun uzoqqa bormaydi – so‘nggi Bournemouthga qarshi o‘yinni misol qiladi. Aynan o‘sha uchrashuvda Cherki o‘zi haqidagi shubhalarni navbatdagi bor tarqatib yubordi, o‘yin ritmini o‘zgartiradigan, raqibni chalg‘itadigan lahzalar yaratdi.

Himoya uchun qurbonlik, hujumda erkinlik

Sage uchun Cherkini shakllantirishdagi asosiy nuqta – balans. Iste’dodga teginmasdan, uni jamoaviy mehnatga majbur qilish.

“Jamoa uchun himoyada ham nimadir berishing kerak, – deya tushuntirgan u shogirdiga. – Talantingni esa hujumda saqla”.

Murabbiy ochiq tan oladi: old chiziqda unga maslahat berish deyarli ortiqcha bo‘lgan.

“Unga hujum bo‘yicha aytadigan hech narsam yo‘q edi, – deydi Sage. – Chunki u o‘yinni mendan ham yaxshiroq tushunardi”.

Bu gap shunchaki maqtov emas. Bu – murabbiy ko‘zi bilan ko‘rilgan haqiqat. Cherkini “to‘xtatish” usuli haqida gap ketganda, Sage juda sodda, ammo aniq yechimni aytadi: unga to‘p yetib bormasin.

“Uni nazorat qilishning eng yaxshi yo‘li – unga bo‘lgan barcha uzatmalarni to‘sish, – deydi u. – Chunki u to‘pni olganda, biz tasavvur qilmaydigan ishlarni qila oladi”.

City rejalari: De Bruyne’dan keyingi davr

Cherki atrofidagi shov-shuv endi faqat Lyon chegarasida emas. City rahbariyati uni kelajakdagi asosiy ijodkor sifatida ko‘rib, Kevin De Bruyne’dan keyingi davrni tasavvur qilayotgani aytilmoqda. Bu – kichik mas’uliyat emas. Bunday taqqoslashlar ko‘p futbolchini bosim ostida sindirishi mumkin.

Cherki esa bu bosimni imkoniyatga aylantirayotgan futbolchilardan. Unga ishonch bildirganlar ro‘yxatida Sage eng oldingi qatorda turadi.

“Men emas, u genius”

Qiziq bir burilish: Cherki o‘z intervyularidan birida Sage’ni “futbol geniysi” deb atagan. Odatda murabbiylar bunday ta’riflardan mamnun bo‘ladi, lekin Sage boshqacha javob qaytardi. U e’tiborni yana shogirdiga buradi.

“Geniusdan ham yuqori so‘zni bilmayman, – deydi u. – Men genius emasman; u genius”.

Murabbiy uchun farq juda aniq: gap faqat tushuntirish va o‘rgatishda emas, balki maydonda bularni amalga oshirishda.

“Nimadir haqida gapirish va uni o‘rgatish – bu bir bosqich. Ammo o‘sha narsalarni amalda bajarish – butunlay boshqa bosqich. U mana shu darajada. Balki Xudo?”

Bu so‘nggi so‘z – shunchaki mubolag‘a emas, Sage ko‘zidagi hayrat va hurmatning ifodasi. Cherki hali karerasining boshida. Ammo agar u shu yo‘nalishda davom etsa, savol bitta bo‘lib qoladi: u De Bruyne’ning o‘rnini bosadimi yoki butunlay boshqa, o‘ziga xos meros yozadimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil