sport pulse

Sietl Pride Match: Jang va Qadriyatlar

2026-yilgi Jahon chempionati hali start ham olmagan paytda Sietl allaqachon o‘zini alohida sahna sifatida belgilab qo‘ygandi. Shahar Lumen Field’da “Pride Match” o‘tkazishini e’lon qilganida, guruh bosqichi qur’asi ham hali tortilmagandi. Endi esa taqvim va taqdir kesishdi: 26-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yin Sietlning an’anaviy Pride haftaligi bilan bir kunda, bir maydonda to‘qnash keladi.

Bu oddiy guruh bosqichi uchrashuvi emas. Bu – turnirda yo‘llanma taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan bahs. Va unda dunyodagi eng qat’iy gomoseksualizmga qarshi qonunlarga ega ikki mamlakat – Misr va Eron – maydonga tushadi.

Qattiq qonunlar, keskin qarama-qarshilik

Eron qonunchiligida bir jinsli munosabatlar jinoyat hisoblanadi, gomoseksual erkaklar sodomiya ayblovi bilan qatl etilgani qayd etilgan. Qonunlar LGBTQ hamjamiyatiga qarshi eng shafqatsiz tizimlardan biri sifatida tilga olinadi.

Misrda ham LGBTQ shaxslari “odob-axloqqa zid xatti-harakatlar” bo‘yicha hibsga olingan, so‘nggi yillarda ochiqcha Pride ifodalari va kamalak bayrog‘ini ko‘tarishga qarshi keskin bosim kuchaydi.

Shunday fonda Sietlning Pride Match tashabbusi Eron va Misr federatsiyalarini keskin norozilikka olib keldi. Har ikki mamlakat FIFA va mahalliy tashkiliy qo‘mitadan bu bayramni bekor qilishni talab qildi.

Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Taj Pride brendlanishini “nojoiz” va “mantiqsiz qadam” deb atadi. Misr futbol assotsiatsiyasi esa rasmiy bayonotida shunday yozdi: “Misr mazkur o‘yin doirasida (gomoseksualizmni) qo‘llab-quvvatlashga oid har qanday faoliyatni qat’iyan rad etadi. Bunday tashabbuslar mintaqadagi, xususan arab va islom jamiyatlaridagi madaniy, diniy va ijtimoiy qadriyatlar bilan ziddiyatga kirishadi”.

Talablar keskin, ohang aniq. Lekin bu safar ularning ovozi qarorlarni o‘zgartira olmadi.

Sietl ortga chekinmaydi

FIFA bu o‘yinning Pride maqomini rasmiy ravishda belgilamagan, lekin Eron va Misrning o‘yin sanasini o‘zgartirish yoki o‘yinni ko‘chirish haqidagi murojaatlariga ham quloq tutmadi. Jahon chempionati kalendari o‘z yo‘lida qoladi.

Sietlning mahalliy tashkiliy qo‘mitasi esa yanada qat’iy pozitsiyani tanladi: o‘yin reja bo‘yicha, Pride kayfiyatida o‘tkaziladi.

“Futbol chegaralar, madaniyatlar va e’tiqodlar ustidan odamlarni birlashtira oladigan noyob kuchga ega. Pride Match’ni o‘tkazish va global futbol hamjamiyati tarkibida Pride’ni nishonlash biz uchun sharaf. Bu o‘yin barchaga nisbatan hurmat, qadr-qimmat va birlikka sodiqligimizni aks ettiradi”, – deya bildiradi mahalliy qo‘mita.

Stadion tashqarisida festival, ichkarida esa sovuqqon hisob-kitob. G-guruhida Misr 4 ochko bilan birinchi, Eron 2 ochko bilan ikkinchi o‘rinda. Demak, bu bahs nafaqat ramziy, balki sport jihatidan ham o‘ta og‘ir vaznli.

Eronga esa yana bir murakkablik kutib turibdi: jamoa bazasi Meksikada joylashgani sabab, AQShga tunab qolish taqiqlari bois o‘yindan so‘ng qaytishi kerak bo‘ladi. Bunday logistika tanada ham, boshda ham iz qoldiradi.

Grant Wahl soyasi va ukasining missiyasi

Sietl Pride Match maslahat qo‘mitasi a’zosi Erik Wahl uchun bu o‘yin shunchaki turnir jadvalidagi sana emas. U – bu shaharda futboldan zavq topgan, shu yerda stadion atmosferasini sevib qolgan inson. Va u – 2022-yil Qatar mundialida yurak aortasi anevrizmasi tufayli vafot etgan jurnalist Grant Wahlning ukasi.

Grant o‘limidan bir oy avval kamalak rangli futbolka kiyib olgani uchun qisqa muddatga xavfsizlik xodimlari tomonidan ushlab turilgandi. O‘sha voqea hamon yodda. Endi esa kamalak ramzi Sietlda ochiqcha, rasmiy va keng ko‘lamda maydonga chiqadi.

Qur’a natijasi e’lon qilinganda Erikda tabiiy xavotir bo‘lgan. Eron va Misr, Pride Match, global siyosiy fon – hammasi bir joyda. Lekin vaqt o‘tishi bilan u bu o‘yinni imkoniyat sifatida ko‘ra boshladi.

“Bizning yagona maqsadimiz Sietldagi LGBTQ tashkilotlari va bizneslarini yoritish, buni futbolga bo‘lgan umumiy muhabbat bilan birlashtirish edi”, – deydi u. – “Bu aslida juda ijobiy hodisa”.

Erikning eng muhim xabari aniq: “Misr va Erondan keladigan odamlarga shuni bildirmoqchimizki, shaxsiy kimliklaridan qat’i nazar, ular Sietlda xush kelibsiz. Ularni bu yerda ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz”.

U yana shuni orzu qiladi: Eron va Misrdagi muxlislar bu o‘yinni faqat maydondagi kurash uchun emas, balki uning atrofidagi tenglik halosi bilan birga tomosha qila olishsin.

O‘yinchilar siyosat va bosim o‘rtasida

Qatardagi “OneLove” kamalak kamari atrofidagi shov-shuv hali unutilgani yo‘q. O‘sha payt futbolchilar siyosiy ramzlar va sport o‘rtasida siqilib qolgan edi. Sietlda ham savollar bo‘lishi aniq, ayniqsa Eron va Misr futbolchilariga.

Erik Wahl esa ularning yelkasiga ortiqcha yuk yuklashni adolatsiz deb biladi.

“Bu savollar berilishi odatiy, lekin har ikki terma jamoa futbolchilari o‘zlari so‘ramagan vaziyatga tushib qolishgan. Ulardan bu masalalar bo‘yicha fikr bildirishni so‘rash ularni nohaq holatga qo‘yadi”, – deydi u.

U uchun asosiy omil – futbolchilarning shaxsiy qarashi emas, ularning ortidagi siyosiy tizimlar.

“Ularning umumiy ma’noda gomoseksual huquqlarga tarafdor yoki qarshi ekani men uchun ikkinchi darajali. Ular kelgan tuzumlarning repressivligi – ancha jiddiy tashvish”, – deya tushuntiradi u.

Shu bois maydonda gapni to‘p aytadi. Siyosiy bayonotlar emas, pressing va gol urish instinkti ko‘zga tashlanadi.

FIFA – rasmiy chiziq, qat’iy reglament

FIFA Pride Match’ni bevosita tashkil etmaydi, lekin Sietl tashkiliy qo‘mitasi va Pride maslahat guruhiga u bilan bir qatorda hamkor sifatida qaraydi. Rasmiy pozitsiya aniq: bu – Jahon chempionati kalendaridagi oddiy o‘yin, lekin hamma uchun ochiq maydon.

“FIFA World Cup 2026 – har qanday kelib chiqishdagi insonlar uchun ochiq, inklyuziv tadbir. Har qanday jinsiy orientatsiya va gender identifikatsiyaga ega muxlislar o‘yinlar va tadbirlarga xush kelibsiz”, – deya bildiradi tashkilot vakili.

FIFA brendingi odatdagi “No Discrimination” kampaniyasi materiallari bilan cheklanadi. Lekin eng muhim nuqta – stadion ichida kamalak bayroqlari ruxsat etiladi.

Jahon chempionati stadion kodeksiga ko‘ra, inson huquqlariga oid umumiy bayonotlar, shu jumladan kamalak va jinsiy orientatsiya hamda gender identifikatsiyasini ifodalovchi boshqa bayroqlar, kodeksga zid tarzda ishlatilmaguncha, maydon ichida ko‘tarilishi mumkin.

FIFA diskriminatsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishini yana bir bor ta’kidlaydi. Har qanday kamsitish holatini muxlislar maxsus ilova orqali bevosita xabar qilishi mumkin.

Stadion ichida esa aniq tartib bor. Avval hakam o‘yinni to‘xtatadi, stadionda haqoratli xatti-harakatlarni to‘xtatishga chaqiruvchi e’lon yangraydi. Agar bu samara bermasa, o‘yin vaqtincha to‘xtatilishi, eng oxirgi chora sifatida butunlay bekor qilinishi mumkin.

Sietl esa butunlay boshqa manzarani kutmoqda – bayramona, rang-barang, hamjamiyatni birlashtiruvchi kecha.

Kamlak to‘pi va bir inson xotirasi

Erik Wahl uchun bu o‘yin yana bir shaxsiy ramzga ega. U Lumen Field tribunalarida akasining xotirasini ko‘tarib chiqmoqchi.

“Qatarda Grantni ushlab qolishlariga sabab bo‘lgan kamalak rangli futbolka dizaynining bir variantini kiyaman”, – deydi u. – “Bu ajoyib bo‘ladi, deb o‘ylayman. O‘sha tajribani boshqalar bilan bo‘lishishni intiqlik bilan kutyapman va Grantning ham bu holatdan quvonib tabassum qilayotganini his qilyapman”.

Stadionda esa o‘sha kamalaklar orasida yana bir savol havoda muallaq bo‘ladi: Misr va Eron futbolchilari maydonda o‘z yo‘llarini davom ettira oladimi yoki Pride Match dunyo ko‘z o‘ngida mutlaqo boshqa yo‘nalishda esda qoladimi?