sport pulse

Thiago Pitarch: Real Madridning kelajagi

“Real Madrid”da yozgi shovqinlar orasida bir qarashda jim o‘tgandek tuyulgan, aslida esa klub kelajagini belgilab berishi mumkin bo‘lgan qaror qabul qilindi. ESPN’ning Rodra bergan xabariga ko‘ra, Thiago Pitarch klub bilan birinchi jamoa futbolchisi sifatida yangi shartnoma imzoladi.

Rasmiy e’lon hali kutilyapti. Lekin qog‘oz allaqachon imzolangan, ish bitgan.

O‘tgan mavsumdagi sakrash

Atigi 18 yosh. Ammo o‘tgan mavsum Thiago uchun haqiqiy burilish bo‘ldi.

Yozgi tayyorgarlik bosqichidan boshlab u birinchi jamoa atrofida ko‘rinish bera boshladi. O‘sha paytda bosh murabbiy Xabi Alonso edi. Rasmiy debyut esa yanvarda, allaqachon Alvaro Arbeloa jamoani boshqarib turgan paytda keldi.

Shundan keyin hammasi tezlashdi.

La Fábrica tarbiyalanuvchisi o‘ziga berilgan imkoniyatni qo‘ldan boy bermadi. O‘yin sifati, bosim ostida to‘p bilan xotirjamligi, qaror tezligi – bularning barchasi murabbiy shtabini ishontirdi. U nafaqat rotatsiya futbolchisi bo‘lib qoldi, balki yarim himoyada Eduardo Camavinga’ni ham ortda qoldirib, navbatda oldinga o‘tib ketdi.

Bu tasodif emas edi. Thiago “Atletico Madrid”, “Manchester City”, “Bayern Munich”ga qarshi muhim uchrashuvlarda maydonga tushdi. Bu uchrashuvlar yosh futbolchini sinovdan o‘tkazadigan, xatoni kechirmaydigan o‘yinlar.

Yozda u Ispaniya U-19 terma jamoasi bilan ham porladi. Yevropa chempionatida g‘oliblik – yosh futbolchi uchun qo‘shimcha medal emas, balki katta sahnaga tayyor ekanini ko‘rsatib qo‘ygan signal.

Mourinhoning qarori: chiqib ketish yopildi

Shunga qaramay, yozgi transfer oynasi boshida Thiagoning “Real Madrid”dagi kelajagi savol ostida edi. Arbeloa ketdi. Klubga yangi bosh murabbiy sifatida Jose Mourinho keldi.

Mourinho o‘z uslubini bilganlar uchun bu nimani anglatishini tushunadi: raqobat keskinlashadi, tarkib qaytadan quriladi, ayrimlar uchun eshiklar yopiladi.

Portugaliyalik mutaxassis Bernardo Silva’ni olib keldi, yana bir markaziy yarim himoyachini olib kelish ustida ishladi. Bu orada Thiago uchun stsenariy aniq ko‘rina boshladi – ijaraga ketish, balki butunlay xayrlashish.

Ammo vaziyat keskin burildi.

Klubning Rodri bo‘yicha rejasi amalga oshmadi, futbolchi “Barcelona”ga qarab yo‘l oldi. Shu pallada Mourinho shaxsan aralashdi. Thiagoning ketishiga to‘sqinlik qildi.

“Fulham” va uning bosh murabbiyi Arbeloa yosh iqtidorni o‘z yoniga olib ketishga jiddiy urinayotgan bir paytda, “Real Madrid” ichida qaror aniq bo‘ldi: Thiago qoladi.

Birinchi jamoa shartnomasi, lekin “Castilla” bilan

Endi esa yangi bosqich. Thiago birinchi jamoa futbolchisi sifatida yangi shartnoma imzoladi.

Biroq u hali ham “Castilla” ro‘yxatida qoladi. Mavsum uchun unga 27-raqam berildi – bu raqam ko‘pincha o‘tish davridagi, lekin murabbiylar ko‘z ostiga olgan futbolchilarga beriladigan ishora sifatida qabul qilinadi.

Yozgi tayyorgarlikda u hali bir daqiqa ham o‘ynamadi. Sabab oddiy: qaytgan zahoti olgan jarohati uni chetga uloqtirdi, hozir tiklanish jarayonida.

Shu bois haqiqiy baho mavsum boshlangach beriladi. Uchinchi- to‘rtinchi variant sifatida maydonga tushadimi yoki faqat mashg‘ulotlarda qolib ketadimi – hammasi yaqin oylar ichida hal bo‘ladi.

Raqobat – shafqatsiz, klub ishonchi – aniq

Thiago uchun vaziyat oddiy emas. Yarim himoya chizig‘ida hozircha Bernardo Silva, Federico Valverde, Aurelien Tchouameni, Eduardo Camavinga, Jude Bellingham, Arda Güler – barchasi undan oldinda turibdi.

Bu nomlar fonida 18 yoshli futbolchi ko‘rinmay qolishi mumkin. Lekin “Real Madrid” uning ismini rasmiy ravishda birinchi jamoa futbolchisi sifatida qayd etdi va shunga mos yangi shartnoma berdi. Bu, hammasidan avval, klubning ichki bahosi va ishonchi.

Bu ishonch tasodif emas. Klub o‘z akademiyasidan chiqqan, eng yuqori bosqichda sinovdan o‘tgan, xalqaro darajada g‘alaba ko‘rgan futbolchiga sarmoya kiritmoqda.

Endi navbat Thiagoning o‘zida. U bu ishonchni oqlaydimi yoki “Santiago Bernabéu”dagi navbatdagi katta loyihaning bir bo‘lagi bo‘lib qoladimi – shu mavsum javob beradigan savol aynan shu.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling