UFC 330: Filadelfiyada Makhachev va Dernning Kamar Himoyasi
Ertaga kechasi Filadelfiyada oktagon yonadi. 26 jangchi taroziga chiqadi, Xfinity Mobile Arena esa yilning eng keskin kartalaridan biriga sahna bo‘ladi. UFC 330 nafaqat ikkita kamar himoyasi, balki yangi yulduzlar va qaytishlar kechasi bo‘lishga tayyor.
Makhachev – Garry: yangi davrmi yoki hukmronlik davomimi?
Kechaning bosh voqeasi – welterweight kamar taqdiri. Islam Makhachev ilk bor bu vaznda chempionlik kamarini himoya qiladi. Raqib – Ian Machado Garry, o‘ziga ishonchi baland, seriya bilan kelayotgan irlandiyalik.
Garry oktagonga ketma-ket ikki katta g‘alaba bilan kiradi: top da’vogar Carlos Prates ustidan muvaffaqiyat, so‘ng sobiq chempion Belal Muhammadni yenggani uni bu jangga olib keldi. Endi u eng katta sinov oldida – Makhachevning bosimiga, kurashiga va taktik intizomiga qarshi turish kerak bo‘ladi.
Makhachev uchun esa bu jang – welterweightdagi hukmronlikni rasman boshlab berish imkoniyati. U allaqachon eng yuqori bosqichda qanday g‘alaba qozonishni biladi. Savol bitta: yangi bo‘limda ham shu darajada hukmronlik qila oladimi?
Dern – Robertson: yangi chempionlik hukmronligi boshlanadimi?
Co-main event ham unchalik orqada qolmaydi. Mackenzie Dern strawweight kamarini ilk bor himoya qilish uchun Gillian Robertson bilan to‘qnashadi. Dern uchun bu – chempionlik davrini qanday boshlashini belgilab beradigan kecha.
Robertson esa bu imkoniyatni uzoq kutgan. Parterdagi xavfliligi, tajribasi va bosimi bilan u yangi chempionni darhol sinovdan o‘tkazishga tayyor. Strawweight bo‘limida kuchlar muvozanati o‘zgarayotgan bir paytda bu jang bo‘lim kelajagini belgilashi mumkin.
Asosiy karta: Barboza qaytishi va yangi yuzlar
Asosiy karta yengil vazn jangidan boshlanadi. Oktagonda uzoq yillik tajribaga ega Edson Barboza va xavfli Esteban Ribovics to‘qnash keladi. Barboza hali ham zarbalarining keskinligi, tajribasi va yuksak darajadagi strikingi bilan qiziqish uyg‘otadi. Ribovics uchun esa bu – o‘zini katta sahnada ko‘rsatish uchun ideal imkoniyat.
Shundan so‘ng oktagonga middleweight jangchilari – Mansur Abdul-Malik va Dustin Stoltzfus chiqishadi. Bu to‘qnashuv bo‘lim ichida o‘z o‘rnini mustahkamlashni istayotgan ikki jangchi o‘rtasida bo‘ladi.
Fight week davomida asosiy kartaga kichik, lekin muhim o‘zgarish kiritildi. Dastlab Charles Johnson – Jose Ochoa flyweight jangida asosiy kartada uchrashishi kerak edi. Biroq Ochoa jarohat sabab haftaning o‘rtasida turnirdan chiqishga majbur bo‘ldi. Johnson baribir oktagonga tushadi, ammo endi u Eduardo Chapolin bilan to‘qnashadi va bu jang prelimlarga ko‘chirildi.
Asosiy karta endi yengil vazndagi Jalin Turner – Kauê Fernandes to‘qnashuvi bilan yakunlanadi. Turnerning agressiv uslubi va Fernandesning texnikasi kechaning yuqori sur’atda tugashini va’da qiladi.
Prelimlar: tajribali jangchilar va yashirin “kardio-test”
Prelimlar UFC 330 uchun alohida bo‘limga o‘xshaydi – sakkizta jang, turli avlod vakillari va bir nechta tanish nomlar.
Kechaning “featured prelim”i – Chidi Njokuani va Joel Alvarez o‘rtasidagi jang. Strikingni yaxshi ko‘radigan Njokuani va uzun bo‘yli, xavfli Alvarez o‘rtasidagi to‘qnashuv asosiy karta oldidan arenadagi kayfiyatni keskin oshirishi mumkin.
Johnson – Chapolin jangidan keyin karta chuqurligi seziladi. Donte Johnson va Eric McConico o‘rtasidagi bahs, shuningdek Rafael Tobias – Lucas Fernando to‘qnashuvi kechaning erta qismida ham shiddatni pasaytirmaydi.
Tajribali nomlar ham bor. Neil Magny yana oktagonda – bu safar u Ramiz Brahimajga qarshi. Magny har doimgidek uzoq masofa, kardio va tajribaga tayanadi. Brahimaj esa uning ismini o‘z rekzyumesiga qo‘shib, bo‘limda yuqoriga sakrashni ko‘zlaydi.
Vicente Luque esa middleweightdagi muvaffaqiyatli debyutidan so‘ng Tresean Gorega qarshi qaytadi. Luque yaqinda Kelvin Gastelumni birinchi raunddayoq bo‘g‘ib taslim etgan. Endi u yangi vaznda o‘zini mustahkamlashga urinadi. Gore uchun esa bu – katta ism ustidan g‘alaba qozonib, bo‘limda o‘zini e’lon qilish imkoniyati.
Kechaning eng birinchi jangi welterweightda – Jeremiah Wells va Myktybek Orolbai oktagonga chiqadi. Karta uchun ohangni aynan ular belgilab beradi: agar bu jang portlovchi bo‘lsa, butun kecha shu ruhda davom etishi mumkin.
Tarozi, ertalabki sinov va kechqurun hal bo‘ladigan taqdirlar
Rasmiy ertalabki tarozi marosimi 14-avgust, juma kuni, soat 9:00 ET da boshlanadi. 26 jangchi birin-ketin sahnaga chiqadi, vazn chegarasi – ayniqsa chempionlik janglari uchun – hech kimni kechirmaydi.
Vazn muvaffaqiyatli topshirilsa, ertaga Filadelfiyada hammasi faqat bitta savol atrofida aylanadi: bu kecha – yangi yuzlar davrining boshlanishimi yoki eski g‘oliblarning navbatdagi hukmron kechasimi?






