Van Dijk Gakpo haqida: Liverpool hali ham eng katta sahnada
Virgil van Dijk yozgi transfer oynasining so‘nggi kunlari tobora qizib borayotgan bir paytda klub ichidagi eng nozik masalalardan biriga nuqta qo‘ydi. U aniq aytdi: Cody Gakpo “Liverpool”ni tark etishini xohlamaydi.
“Manchester City” Gakpo uchun muzokaralarni davom ettiryapti. Taxminiy narx — 80 million funt atrofida. “The Athletic” ma’lumotiga ko‘ra, Gakpo uchun kurashda dastlab qiziqish bildirgan “Tottenham Hotspur” ortda qolgan, futbolchining o‘zi esa endi “City”ni asosiy manzil sifatida ko‘rayotgani aytilmoqda.
Shu fon’da “Liverpool” sardori so‘zini aytmay jim o‘tirmadi.
“U yuqori darajadagi futbolchi. Biz uni saqlab qolishimiz kerak”
“Liverpool”ning “Nottingham”ga qarshi 2:2 hisobidagi o‘yini tugagach, Van Dijkdan oddiy savol so‘raldi: Gakponing qolishini xohlaysizmi?
Javob ko‘p narsa aytib turardi.
“Nima deb o‘ylaysiz? U yuqori darajadagi futbolchi. Biz sifatli futbolchilarimizni saqlab qolishimiz kerak”, — dedi niderlandiyalik himoyachi.
U gapni shu yerda to‘xtatmadi. Gakpo uning uchun faqat maydondagi kuch emas.
“Keyingi bir necha kun nimalar olib kelishini ko‘ramiz. Uning qolishini xohlayman, faqat u yuqori darajadagi futbolchi bo‘lgani uchun emas, u mening do‘stim. U biz uchun juda muhim”, — deya davom etdi Van Dijk.
Klub esa hozircha qat’iy chiziq chizib qo‘ygandek. Gakpo yaqin 48 soat ichida ketmaydi — faqat bitta shart bilan: oyna yopilishidan oldin yana bir qanot hujumchisi olib kelinmasa, transferga ruxsat yo‘q.
Barcola kelmoqda, lekin eshiklar yopilmaydi
Bu orada “Liverpool” boshqa tomondan ham harakatda. Bradley Barcola Parijdan kelyapti. “Paris Saint-Germain”dan o‘tish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tyapti, transfer yakuniga yetish arafasida.
Bu kelishuv Gakpo masalasini avtomatik hal qilib bermaydi. Yangi qanotchi kelishi — Gakpo darhol ketadi degani emas. Klub rahbariyati aniq pozitsiyada: yana bir hujumchi olinmas ekan, Gakpo sotilmaydi.
Van Dijk esa Barcolaning kelishidan ruhlangan.
“U yaxshi futbolchi, tezligi bor”, — dedi u. “O‘tgan mavsumda u Champions League’da Chelsea’ga qarshi urgan golini eslayman. Agar bu yerga kelsa, uni ochiq qo‘llar bilan kutib olamiz”.
Qisqa, lekin mazmunli ta’rif. Himoyachi uchun bu transfer faqat taktika haqida emas, obro‘ haqida ham.
“Liverpool”ning nufuzi sinovda
Van Dijkning fikricha, Barcolaning “Liverpool”ni tanlashi klubning hozirgi davrdagi haqiqiy vaznini ko‘rsatadi.
“Bunday klub juda yaxshi futbolchilar uchun juda jozibali manzil ekanligiga hech qanday shubha yo‘q, deb o‘ylayman. Bu dunyodagi eng katta klublardan biri. Barchamiz bilamiz, biz hozir biroz o‘tish davridan o‘tyapmiz. Kimdir bunga sherik bo‘lishni xohlaydi, kimdir esa yo‘q”, — dedi u.
Bu so‘zlar ichida ham taklif, ham chaqiriq, ham ogohlantirish bor. “Liverpool” qayta qurilmoqda, lekin o‘zini bozor chetida qolgan klub sifatida emas, eng yuqori darajadagi sahna sifatida ko‘rsatmoqchi.
Van Dijk uchun yechim oddiy: sifat qo‘shish kerak, va hoziroq.
“Jamoaga sifat qo‘shish har doim farq qiladi. Keyngi bir necha kun nimalar olib kelishini ko‘ramiz. Seshanbadan keyin esa hech qanday pushaymonlarsiz hamma narsaga kurashishimiz kerak bo‘ladi”, — deya yakunladi u.
Endi hammasi transfer oynasining so‘nggi zarbalari, muzokaralar tezligi va klubning qat’iyatiga bog‘liq. Gakpo “Anfield”da qoladimi yoki “Etihad” sari yo‘l oladimi — bu savolga javob butun mavsumning ohangini belgilab berishi mumkin.







