Verstappen: Red Bull’da qolish yoki nafaqaga chiqish?
Matbuot anjumanining oxirgi daqiqalari edi. Savollar kamaygan, zal biroz bo‘shashgan, ammo eng muhim gap hali aytilmagandi. Shunda Max Verstappen bir og‘iz jumla bilan qarorini mohiyatigacha ochib tashladi:
"Men jamoani almashtirishdan ko‘ra nafaqaga chiqishga yaqinroq edim."
Shu bilan hammasi tushunarli bo‘ldi.
Red Bull bilan shartnomasini 2030 yil oxirigacha uzaytirgan to‘rt karra chempion bu mavsumda o‘zining Formula 1’dagi kelajagi haqida jiddiy ichki kurashni boshdan kechirdi. Savollar ko‘p edi. Eng og‘iri – umuman shu formatdagi poygada davom etishni xohlaydimi o‘zi?
Gibrid davriga qarshi purist
Yangi dvigatel reglamenti kuchga kirgach, Verstappen o‘zini begona sportda yurgandek his qila boshladi. Yangi gibrid quvvat bloklari, energiyani qayta tiklash, batareya sig‘imi, doimiy hisob-kitoblar… Suzukadagi poygadan keyin charchoq ochiqchasiga yuzaga chiqdi.
U yerda, taqvimdagi eng sof poyga yo‘llaridan birida, Verstappen o‘zini cheklangan haydovchidek his qildi. U chegarada, maksimalda haydashni xohlaydi. Ammo uzun to‘g‘ri yo‘lak oxiriga yetmasdan batareya bo‘shab qoladi, 470 ot kuchi havoga uchadi, eng tez burilishlarda ham energiya yig‘ishga majbur bo‘lasan. O‘tib ketishlar esa ko‘pincha kimning batareyasi qayerda qanday bo‘shayotganiga qarab hal bo‘ladi.
"Arziydimi bunga? Yoki sportdan zavq olmaganingda, oilang bilan ko‘proq uyda bo‘lish, do‘stlaringni ko‘proq ko‘rish yaxshiroqmi?" – deb o‘sha payt u ochiqdan-ochiq o‘ylab ko‘rdi.
Bugungi rejaga ko‘ra 2028 yilga borib ichki yonuv dvigateli va elektr quvvatining nisbati 60:40 bo‘ladi. Hozirgi 53:47 ga qaraganda benzin foydasiga siljish. Bu dvigatellarning "och qolishi"ni kamaytiradi, mashinalarni haydashni yoqimliroq qiladi. Lekin muammoni butunlay yo‘qotmaydi.
Verstappen uchun bu juda muhim. U sof poygani, to‘liq quvvatni, cheklovsiz hujumni xohlaydi. Sun’iy cheklovlar, quvvatni bo‘lib-bo‘lib ishlatish, raqibni batareya darajasi bo‘yicha "yutish" – uning falsafasiga zid.
Nürburgringda esdan ketmaydigan eslatma
May oyida u o‘zi uchun juda aniq bir solishtirish nuqtasini qo‘lga kiritdi. Red Bull brendi ostidagi Mercedes AMG GT bilan Nürburgring 24 soatlik poygasida qatnashdi. Birinchi stintdayoq mashinani 10-o‘rindan yetakchilikka olib chiqdi. Kechdagi kardanshaft nosozligi bo‘lmaganda, g‘alaba ham real edi.
Ana shu tun, ana shu poyga – Verstappen uchun haqiqiy avtoralli eslatma bo‘ldi: poyga qanday bo‘lishi kerakligini u o‘sha yerda yana bir bor his qildi. Toza quvvat, minimal cheklov, sof tezlik.
Shu fon’da Formula 1’dagi yangi gibrid davri unga yanada begona tuyula boshladi.
FIA eshitdi, Verstappen yumshadi
Suzukadan keyin nafaqat Verstappen, balki boshqa haydovchilar ham ovozini ko‘tardi. Energiyaning yetishmasligi, sun’iy cheklovlar, qoidalar orqali poygani "boshqarish"ga urinish – bularning bari paddokni to‘yintirdi.
Sport rahbarlari bu safar quloq soldi. Keyingi ikki yil ichida dvigatel quvvatining katta qismi yana ichki yonuv dvigateliga qaytishi uchun reglamentga o‘zgartirishlar kiritila boshladi.
Yozgi tanaffus arafasidagi so‘nggi poygalarda Verstappen ohangidagi keskinlik biroz yumshab qolgani sezildi. U buni o‘zi ham tan oldi.
"Bir necha dastlabki poygalardan keyin Laurent Mekiesga: ‘Kelajak haqida menga umuman savol bermang’, degandim. Chunki o‘zim ham qolish-qolmasligimni bilmasdim," – deydi u.
Keyin esa suhbatlar boshlandi. F1 rahbariyati bilan, FIA bilan. U: "Biz asta-sekin yaxshiroq tomonga qarab ishlayapmiz," deydi. O‘zi ham moslashdi, vaziyatni qabul qildi, bor narsadan maksimalini olishga qaror qildi.
Yangi shartnomadagi sanalar ham bir eshikni ochiq qoldiradi – 2031 atrofida kelishi mumkin bo‘lgan yangi dvigatel davri, ehtimol V8’lar haqida gap ketmoqda. Verstappen aynan shunga ishora qildi: agar tabiiy aspirtatsiyali kuch bloklari qaytsa, bu uning uchun yangi motivatsiya bo‘lishi mumkin.
V8 bahsi va siyosiy maydon
FIA prezidenti Mohammed Ben Sulayem sportni o‘n besh yil orqaga qaytarishni xohlayotgandek ko‘rinadi. U tabiiy aspirtatsiyali V8 dvigatellarini istaydi – ideal holda umuman gibridsiz, bo‘lmasa ham faqat tashqi "elektr bezak" bilan.
Bu yondashuv masalaning markazini biroz chetlab o‘tadi. Muammo – gibridning o‘zi emas, balki energiyani tiklash, batareya sig‘imi va quvvatni ishlatish o‘rtasidagi nomutanosiblik. V8’lar esa boshqa bosh og‘riqlarni olib keladi: yoqilg‘i sarfi oshadi, samaradorlik pasayadi, startdagi baklar og‘irlashadi.
Bundan tashqari, barcha motor yetkazib beruvchilar ham bu g‘oyadan xursand emas. V8 formatining o‘zi deyarli hech kimga muammo emas, lekin Audi va Mercedes kabi ishlab chiqaruvchilar turbokompressorli variantni afzal ko‘radi. Ayrimlar esa gibrid qismining faqat ramziy emas, real ahamiyatga ega bo‘lishini xohlaydi.
Verstappen uchun esa bularning hammasi fon shovqini xolos. U uchun bitta asosiy narsa bor: rul ortida o‘tirganida dvigatelda bor quvvatning hammasidan istagan paytida foydalanish imkoniyati. Kelajak reglamentlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, aynan shu tamoyil qayta tiklanishi kerakligi endi deyarli aniq.
Shu bilan u ichki kurashini o‘zi uchun hal qildi.
"Shaxsan o‘zim bu holatdan xursand emasman. Aytaylik, zo‘r emas. Lekin baribir poygani yaxshi ko‘raman. Axir bu baribir Formula 1 mashinasi," – deydi u.
Qolish yoki ketish?
Dvigatel masalasidagi shubhalar bir chetga surilgach, navbat ikkinchi savolga keldi: Red Bull’da qolishmi yoki yangi chaqiriq izlashmi?
Mercedes uni ancha vaqtdan beri kuzatib keladi. Rasmiy pozitsiya – kelasi yil uchun George Russell va Kimi Antonelli bilan davom etish. Ammo Verstappen harakatga o‘tsa, Toto Wolff uchun eshikni ochiq qoldirish oson bo‘lmasdi.
Verstappen McLaren bilan ham suhbatlashdi. U yerda uning yaqin do‘sti va ko‘p yillik poyga muhandisi Gianpiero Lambiase 2028 yilga borib bo‘lsa-da, jamoaga o‘tishi kutilmoqda. Bu ham jiddiy omil bo‘lishi mumkin edi.
Red Bull esa 2026 yilda og‘ir davrni boshdan kechirmoqda. Verstappen hali g‘alaba qozonmagan, mashina borasidagi noroziliklarini ochiq aytib keladi. Mekies "strategik qarorlar" haqida gapirdi, lekin tafsilotlarni ochmadi. Shunga qaramay, Verstappen uchun bu yetarli bo‘ldi.
Yana bir katta ustunlik – Red Bull uning yon faoliyatlariga, masalan Nürburgring 24 soatlik poygasi kabi loyihalarga qarshi chiqmaydi. Bu erkinlik ham chempion uchun juda muhim.
"Avvalo, o‘zingni qaerda bo‘lsang, o‘sha yerda yaxshi his qilishing kerak. Red Bull menga Formula 1’dan biroz tashqarida ham ishlar qilishga ruxsat beradi. Bu juda katta plyus. Hammasi jamlanib, men juda minnatdorman," – deydi u.
U jamoaga bo‘lgan muhabbatini, Laurent Mekies bilan "juda yaxshi, juda ochiq va shaffof" munosabatini alohida ta’kidlaydi.
Rekord maosh, lekin kalit baribir o‘z qo‘lida
Yangi shartnomaning moliyaviy tomoni rasmiy ravishda oshkor qilinmadi. Ichkaridan kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, u allaqachon Formula 1’dagi eng katta haydovchi maoshini yanada biroz oshiradi. Eng muhimi – Verstappen o‘z kelajagi ustidan nazoratni saqlab qoladi. Agar kutilgan darajadagi natija bo‘lmasa, jamoani tark etish imkoniyatini beradigan bandlar ham bor.
Mekies bu kelishuvni "Maxning jamoaga bo‘lgan ishonchi namoyishi" deb atadi. Bu bir tomondan, jamoaning chempionga qanchalik tayanayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, Red Bull ichida ham mas’uliyat darajasini oshiradi.
Verstappen esa buni ancha oldin, marhum hamraisi Dietrich Mateschitz davridayoq aytganini eslatdi: uning maqsadi – karerasini aynan shu jamoada yakunlash.
"Har doim aytganman: mening maqsadim – kareramni shu jamoada tugatish. Biz bunga tobora yaqinlashyapmiz. Albatta, hali oldinda ko‘p yil bor, lekin maqsad o‘sha-o‘sha," – deydi u.
Endi savol boshqa: Verstappen Formula 1 tarixidagi eng ustun davrlardan birini aynan shu Red Bull bilan davom ettiradimi yoki bu shartnoma – buyuk chempionning eng so‘nggi, eng keskin bobiga kirishdan oldingi tinchlanish lahzasimi?






