Washingtonda Infantino va Trump aloqalari bo‘yicha bosim kuchaymoqda
FIFA prezidenti Gianni Infantino AQSh Kongressi diqqat markazida. Unga Vakillar palatasining Sudyalar qo‘mitasi oldida paydo bo‘lish va AQSh prezidenti Donald Trump bilan munosabatlarining haqiqiy ko‘lamini ochib berish so‘rovi yuborildi.
Bu shunchaki siyosiy shov-shuv emas. Gap futbolning eng yuqori boshqaruv organi va Oq uy o‘rtasidagi ta’sir doiralari haqida ketmoqda.
Trump bilan yaqinlik va bahsli qarorlar
Infantino va Trump o‘rtasidagi yaqin aloqalar allaqachon sir emas. Ammo so‘nggi yillarda prezidentning FIFA ichidagi ta’siri atrofida savollar tobora ko‘paydi.
Infantino Trump’ga ilk bor ta’sis etilgan FIFA Peace Prize mukofotini topshirgan, Nyu-Yorkdagi Trump Tower binosida o‘ziga ofis olgani aytilgan, Jahon chempionati guruh bosqichi qur’asini esa Trump jamoasi nazoratiga o‘tgan Washington’dagi John F. Kennedy Center sahnasiga ko‘chirgani bilan tanqidga uchragan.
Eng keskin nuqta esa bu yozgi Jahon chempionatida yuzaga keldi. Trump USMNT hujumchisi Folarin Balogun’ga berilgan diskvalifikatsiyani bekor qilishni Infantino’dan shaxsan so‘ragan, so‘rov qondirilgan. Natijada Norvegiya futbol federatsiyasi — allaqachon Infantino siyosatini ochiq tanqid qilib kelayotgan tashkilot — rasmiy shikoyat kiritdi.
Jamie Raskin zarbasi: “Bu qurbonlarsiz jinoyat emas”
Demokratlar partiyasining yirik vakillaridan biri, Vakillar palatasi a’zosi Jamie Raskin endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berishga qaror qildi. U Infantino nomiga rasmiy maktub yo‘llab, Sudyalar qo‘mitasi oldida intervyu berishni talab qilmoqda. Maqsad — Trump bilan aloqalarning “maydondan tashqaridagi” jihatlarini ham ochish.
Raskin maktubida ohangni keskin ushladi. U FIFA va Trump o‘rtasidagi so‘nggi kelishuvlarni “quid pro quo” — ya’ni o‘zaro manfaatli bitim sifatida ta’riflab, buni “qurbonlarsiz jinoyat emas” deb yozdi. Uning ta’kidlashicha, bundan zarar ko‘rayotganlar — amerikaliklar.
U FIFA’ni Trump ma’muriyatidagi “imtiyozli maqom”ni suiiste’mol qilib, Jahon chempionati chiptalari va tijoriy operatsiyalarida noqonuniy narx oshirish va firibgarlik amaliyotlarini qo‘llashda ayblaydi.
“Oshkora pora” va Blatter soyasi
Raskin maktubi ayniqsa shafqatsiz qiyos bilan ajralib turadi: u Infantino va Trump aloqalarini sobiq FIFA prezidenti Sepp Blatter atrofidagi korrupsiya mojarolari bilan yonma-yon qo‘yadi.
Maktubda FIFA’ga nisbatan “oshkora pora berish” kabi iboralar ishlatilgan. Raskin amerikalik muxlislar va iste’molchilar “defrauded and manipulated” — ya’ni aldanib, boshqarilganini ta’kidlaydi. Jahon chempionatiga bog‘liq ulkan moliyaviy oqimlar bo‘yicha tekshiruvlar esa Nyu-Jersi shtati bosh prokurori Jennifer Davenport idorasi tomonidan olib borilayotgani eslatib o‘tiladi.
Raskin xati Infantino uchun rasmiy ogohlantirish vazifasini bajaradi: u Trump ma’muriyati yoki uning inauguratsiya qo‘mitasi bilan aloqador shaxslar va FIFA xodimlari o‘rtasidagi barcha yozishmalarni saqlab qolishni talab qiladi. Shuningdek, Infantino’ning yozma tarzda qayd etiladigan intervyuga kelishi so‘ralgan — unda u Trump bilan munosabatlarini himoya qilishi kerak bo‘ladi.
Siyosiy kuch muvozanati va 2031 yil so‘rovi
Hozircha Demokratlar Vakillar palatasida ozchilikni tashkil etadi. Bu esa Raskinning huquqiy jihatdan keskin choralar ko‘rish imkoniyatini cheklab turibdi. U Infantino yoki FIFA’dan biror narsa talab qilish uchun ko‘pchilik ovozga tayanishi kerak bo‘ladi.
Shu bois ham nigohlar noyabr oyidagi oraliq saylovlarga qadalgan. Agar Demokratlar ko‘proq o‘rin qo‘lga kiritsa, bu masala boshqa bosqichga o‘tishi mumkin.
Yana bir nozik nuqta — 2031 yilgi Women’s World Cup mezbonligini taqsimlash jarayoni. Musobaqani AQSh, Mexico, Costa Rica va Jamaica birgalikda o‘tkazishi kutilmoqda. Aynan shu tanlov jarayoni ham siyosiy bosim va manfaatlar to‘qnashuvi nuqtayi nazaridan yanada sinchkov kuzatuv ostiga tushishi aniq.
Oq uy javobi: keskin bayonot
The Athletic nashri Raskin maktubiga Oq uy reaksiyasini so‘raganida, javob yumshoq bo‘lmadi. Oq uy matbuot kotibi Davis Ingle o‘z bayonotida Raskin shaxsiga ham zarba berdi, ham Trump davridagi Jahon chempionati atrofidagi natijalarni osmonga ko‘tardi.
Ingle so‘zlariga ko‘ra, boshqa hech bir prezident 2026 yilgi FIFA World Cup kabi “tarixiy yutuq”ni amalga oshira olmagan. U bu turnir milliardlab dollar daromad keltirgani, mezbon shaharlarga ulkan iqtisodiy turtki bergani, dunyoning turli burchaklaridan kelgan millionlab muxlis va sportchilar uchun “xavfsiz va uzluksiz” tajriba ta’minlaganini ta’kidlaydi.
Oq uy nuqtayi nazarida, bu musobaqa tarixdagi eng muvaffaqiyatli sport tadbirlaridan biri sifatida eslanishi kerak.
Savollar esa ochiq qolmoqda
Bir tomonda — o‘zini global futbolni modernizatsiya qilayotgan rahbar sifatida ko‘rsatishga urinayotgan Gianni Infantino. Ikkinchi tomonda — futbolni ichki siyosiy maydonga olib kirayotgan, lekin o‘z tarafdorlariga ko‘ra, Jahon chempionatini iqtisodiy lokomotivga aylantirgan Donald Trump.
Ularning aloqasi ustidan siyosiy bosim kuchaymoqda. Hujjatlar, yozishmalar, yopiq eshiklar ortida qilingan qo‘ng‘iroqlar — bularning bari endi Kongress qiziqish markazida.
Savol shuki, noyabr saylovlari va 2031 yilgi mezbonlik poygasiga kirib kelayotgan bir paytda, futbol siyosatdan qochib qutula oladimi yoki bu jang endi endigina qiziyaptimi?






