Watford yoshlar jamoasi Peterborough Uniteddan mag'lubiyat oldi
“Vicarage Road”dagi kecha “Watford” uchun og‘ir bo‘ldi. Chempionshipda umid uyg‘otgan start, Carabao Cup bahsida League One vakili “Peterborough United”dan olingan 1:5 hisobidagi zarba bilan keskin tormozlandi.
Alessio Dionisi bu safar karta o‘zgartirdi. To‘liq. U shanba kuni “Wrexham”ga qarshi 1:1 hisobidagi o‘yinni boshlagan tarkibdan 11 nafar futbolchini almashtirdi. Maydonga ikki nafar 17 yoshli, jami sakkiz nafar 20 yoshga to‘lmagan futbolchi tushdi. Natija esa – qattiq saboq.
Boshlanish yomon emasdi. Chempionshipdagi dastlabki ikki turda to‘plangan to‘rt ochko fonida bu o‘yin tajriba maydoniga aylandi. Ammo kubok bunday xatolarni kechirmadi. “Peterborough United” tajribasi, ritmi va sovuqqonligi bilan ustun keldi, “Hornets”ning yosh tarkibini parcha-parcha qildi.
Dionisi Intervyusi
Dionisi BBC Three Counties Radio’ga bergan intervyusida gapni aylantirmadi:
“Men xursand emasman, biz xursand emasmiz, lekin bu futbol. Kecha yosh yigitlar mashg‘ulotda yaxshi ishlashdi, lekin rasmiy o‘yin boshqacha”, – dedi u.
So‘zlarida achchiq haqiqat bor edi. Murabbiy ochiq tan oldi: bu bolalar hali birinchi jamoa darajasiga tayyor emas.
“Ular uchun qiyin, chunki birinchi jamoada qolishga tayyor emaslar. Lekin men uchun bu muammo emas. Eng muhimi – hamma West Ham’ga qarshi keyingi o‘yinga tayyorlanishi, chunki bu biz uchun juda, juda qiyin bo‘ladi”, – deya davom etdi u.
Bu qaror – butun tarkibni almashtirish – albatta, xavf edi. Ayniqsa, uy stadionida, muxlislar ko‘z o‘ngida. 5:1 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin tanqidlar bo‘lishi tabiiy. Dionisi esa bu bosimni o‘z zimmasiga oldi.
“Men muxlislarimizdan uzr so‘rayman, lekin men uchun har uch kunda bir xil tarkib bilan o‘ynashning boshqa iloji yo‘q edi. Bu imkonsiz”, – dedi u.
Gap faqat charchoq haqida emas. Italiyalik murabbiy ustuvor yo‘nalishni aniq belgilab qo‘ydi: Chempionship birinchi o‘rinda turibdi, Carabao Cup esa qurbon bo‘ldi.
“Natija dahshatli, lekin hozir biz Carabao Cup’dan ko‘ra Chempionshipga tayyorgarlikni tanlaymiz”, – deya ochiq aytdi Dionisi.
Bu so‘zlar klub ichidagi holatni ham ochib berdi. Tarkib hali to‘liq emas, raqobat yetishmaydi, tajribali futbolchilar soni kam.
“Bu jamoani to‘ldirish uchun yangi futbolchilar kerak. Tajribali futbolchilar kerak, lekin biz bor tarkib bilan ishlashda davom etamiz”, – dedi u.
Bir tomonda – yoshlar uchun og‘ir, ammo foydali dars. Ikkinchi tomonda – murabbiy uchun aniq signal: bu liga marafoniga shu tarkib bilan chiqish xavfli. Endi savol bitta: “Watford” rahbariyati va transfer bozoridagi harakatlar bu og‘riqli kechani vaqtida saboqqa aylantira oladimi?







