Wellington Turman: Jang bekor bo‘lishining sabablari
Abu-Dabidagi turnir haftasi davomida yarim o‘rta vazn toifasidagi janglardan biri alohida kutilyotgandi. Wellington Turman va Islam Dulatov o‘rtasidagi to‘qnashuv ko‘plab muxlislar uchun kartadagi yashirin “dur” bo‘lib turardi. Oktagon markazida jang bo‘lishi kerak bo‘lgan paytda esa — bekor qilindi. Sabab sifatida faqat bitta so‘z aytildi: kasallik.
Uzoq vaqt hech qanday izoh bo‘lmadi. Faqat gumonlar, savollar va hafsalasi pir bo‘lgan tomoshabinlar. Endi esa voqea ortidagi tafsilotlarni Turmanning o‘zi ochib berdi.
“UFC hamma sharoitni yaratib qo‘ygan, lekin…”
Turman MMAFighting.com bilan suhbatda jang bekor bo‘lishi ortidan Dulatov jamoasidan eshitganlarini bayon qildi. Uning ohangida ham tushunish, ham hafsalasi pir bo‘lgan sportchining alamini sezish mumkin.
“Kasal bo‘lsang, o‘zingni yomon his qilayotgan bo‘lsang, jang qilishning iloji yo‘q, buni tushunaman. Lekin bu yerda biroz professionallik yetishmadi, deb o‘ylayman. UFC ichida jangchi uchun kerak bo‘ladigan hamma narsa bor. UFC PI bor — u yerda mutaxassislar jangchi jang kuni eng yaxshi holatda bo‘lishi uchun to‘liq reja tuzib beradi,” — deydi Turman.
U o‘zi ham vazn tushirishdan keyingi vasvasa haqida gapirdi. Shirinlik, “taqiqlangan” taomlar, yengillik beradigan lekin organizmni charchatadigan narsalar.
“Vazn o‘lchovidan keyin men ham shokolad yoki vazn tushirish davrida yeyolmagan boshqa narsalarni yeyishni xohladim. Lekin bu jang kuni mening maksimal darajada chiqishimga yordam bermasligini bilaman, shuning uchun bunday narsalardan qochaman,” — deydi u.
Bodibilding murabbiyi, notanish “sheyklar” va bekor bo‘lgan jang
Turman aytishicha, Dulatov tomoni unga kutilmagan detalni ochgan.
“Uning jamoasi bizga aytishicha, u MMA bilan umuman aloqasi bo‘lmagan bodibilding murabbiyiga ergashgan. O‘sha murabbiy unga qandaydir sheyklar bergan, aynan o‘sha narsa uni kasal qilib qo‘ygan ekan. Mana shu narsani tushunmayman. Jang sportidan bo‘lmagan odam unga maslahat berayapti,” — deydi Turman.
U so‘zida davom etar ekan, tanqidni keskinlashtirmaydi, lekin nuqtani aniq qo‘yadi: bu darajadagi jangchi bunday xatoga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi.
“Lekin nima ham qila olasan? Odam kasal bo‘lsa, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi. Unga tezroq sog‘ayib ketishini tilayman, imkon qadar tezroq qaytib kelishini xohlayman,” — deydi braziliyalik.
Shu bir necha kun ichida “oddiy” kasallik hikoyasi ortida noto‘g‘ri tanlangan murabbiy, noto‘g‘ri parhez va noto‘g‘ri qarorlar zanjiri yotgani ma’lum bo‘ldi.
Qayta bron qilish? Turman shoshilmayapti
Odatda jang kuni kasallik sabab bekor bo‘lgan uchrashuvlar keyinroq qayta bron qilinadi. Xuddi shu savol Turmanga ham berildi: u Dulatovga qarshi yana bir bor tayyorlanishga rozi bo‘ladimi?
Javob — ehtiyotkor.
“U umid qilamanki, bunday xatoni qayta takrorlamaydi va UFC PI dagi mutaxassislarni tinglay boshlaydi. Lekin ha, bu jangni qayta bron qilish masalasida biroz ehtiyotkor bo‘laman, chunki jang kechasigacha yetib borishni va nihoyat o‘z ishlarimni ko‘rsatishni istayman,” — deydi Turman.
U faqat sportiy tomonni emas, moliyaviy va ruhiy tomonini ham yashirmaydi.
“Pulning bir qismini olamiz, lekin bu men kutgan narsa emas. Men g‘alaba qozonishni, ehtimol bonus olishni, eng muhimi esa o‘z ishlarimni va bu vaqt ichida qanchalik o‘sganimni ko‘rsatishni xohlagandim,” — deydi u.
Ishonch faqat eshik yopilganda paydo bo‘ladi
Endi navbat UFC ga: promoushn bu juftlikni yana bir bor kartaga qo‘yadimi yoki yo‘qmi — hali noma’lum. Turman uchun esa bitta narsa aniq: u Dulatov bilan jang borligiga faqat bitta lahzada ishonadi.
Ikki jangchi Oktagonga kirib, eshik berkilgan paytda. Шу paytgacha esa bu jang uning uchun faqat navbatdagi va’da bo‘lib qolaveradi.






