Wrexham va Phil Parkinson: Futbolda Katta Ismning Ahmiyati
Shimoliy Uelsda so‘nggi yillarda sodir bo‘layotgan voqeani tasvirlash uchun bitta so‘z yetarli: ko‘tarilish. Va bu ko‘tarilishning boshida bitta odam turibdi – Phil Parkinson.
U 2021-yil yozida klub boshqaruviga kelganidan beri Wrexhamni National League tubidan tortib Championship sahnasiga olib chiqdi. Ketma-ket uchta mavsumda – uchta ko‘tarilish. Rekord. Hamma narsa ertakdek ketayotgandek edi.
O‘tgan mavsumda esa ertak bir nuqtada to‘xtab qolgandek bo‘ldi: ikkinchi pog‘onadagi pley-off yo‘llanmasi so‘nggi chiziqda qo‘ldan chiqdi. Og‘riqli, alamli, lekin halokat emas. Shunga qaramay, 2025-26-yil startida bir savol havoda paydo bo‘ldi: Parkinsonning uslubi Championship darajasida hamon ishlaydimi?
Mavsum boshida taktika, yondashuv, moslashuvchanlik haqida shubhalar ko‘tarildi. “Red Dragons” juda baland uchib ketmadimi? Ularning parvozi birdaniga sekinlashmaydimi?
Bosimga javob maydonda berildi. Savollar – gollar va ochkolar bilan yopildi. Shubhalar jim bo‘ldi.
Shu orada sahna ortida yana bir o‘y bor. Klub egalarining Hollywood nuri – Ryan Reynolds va Rob McElhenney uchun Wrexham endi shunchaki futbol klubi emas, global brend. “Welcome to Wrexham” seriali drama bilan yashaydi, syujet uchun keskin burilishlar kerak. Lekin ular bir narsani yaxshi tushunadi: reyting uchun xavfga kirishib, maydondagi mehnatni buzib bo‘lmaydi.
Ular 2023-yil qishida Birmingham boshidan kechirganini ko‘rishdi: Manchester United afsonasi Wayne Rooney boshchiligidagi tajriba kutilgan natija bermadi, klub ichida tartibsizlik, maydonda esa qulash. Katta ism har doim ham katta natija emasligini Wrexham egalari o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
Shu fon’da savol tabiiy: Parkinson hamon bu jamoani keyingi bosqichga olib chiqadigan to‘g‘ri odammi?
“Ehtiyot bo‘ling, orzu qilayotgan narsangizdan”
Bu savolga javobni klub tarixini yaxshi biladiganlardan biri – sobiq Wrexham hujumchisi Lee Trundle berdi. U Eagle Predict orqali GOAL bilan suhbatda shunday deydi:
“Menimcha, ha. U Championshipga ilk marta chiqarganida tanqidlar adolatsiz bo‘ldi. ‘Bu darajaga olib keldi, endi o‘zgartirish kerak’, deyishdi. Menimcha, bu – ‘nimani tilayotganingizga ehtiyot bo‘ling’ holati. U klubda qilgan ishlariga qarang, bu aql bovar qilmaydi. Faqat futbol emas, u yerda yaratilgan jamoaviylik ham bor. Agar siz shuni parchalab yuborsangiz, klub qayerga ketishini hech kim bilmaydi.”
Trundle uchun bu faqat natijalar emas, butun ekotizim haqida. Murabbiy, futbolchilar, muxlislar o‘rtasidagi bog‘liqlik. Buni buzish – devorning asosiy g‘ishtini sug‘urib olishga o‘xshaydi.
U davom etadi: “Menimcha, nima bo‘lishidan qat’i nazar, agar bu mening qarorim bo‘lganida, u klubda qilgan ishlarini inobatga olib, yana to‘liq bir mavsumga haqli. Futbolda hamma ham bunday hissiyotlarga berilmaydi, hammasi juda tez o‘zgaradi, lekin men unga omad tilayman – u qilgan ishlariga yarasha shu yerda bo‘lishga loyiq.”
Bu so‘zlar Wrexham atrofidagi kayfiyatni aniq aks ettiradi: bu klubning hozirgi davri Parkinson bilan chambarchas bog‘langan. Uni olib tashlash – faqat taktik sxemani emas, butun hikoyani qayta yozish demak.
“Katta ism” – har doim ham yechim emas
Wrexham nomi atrofida Hollywood porlashi bor ekan, murabbiylik lavozimi ham doim yirik nomlar bilan tilga olinadi. Bu tabiiy. Serial, global auditoriya, yulduz egalari – bularning barchasi “keyngi qadam” haqida mish-mishlarni tug‘dirmasdan qo‘ymaydi.
Trundle bu mavzuga ham to‘xtalib o‘tadi. Uning fikricha, “katta ism” ortidan quvish xavfli o‘yin:
“Bu to‘g‘ri yo‘l emas. Siz katta ismlarga intilasiz, lekin Parkyning qilgan ishlariga qarang – u turli darajalarda tajribaga ega. Past ligalardagi futbolchilarni qidirayotgan bo‘lsa ham, u futbolni boshqa masshtabda tushunadi. Ko‘p yosh murabbiylar faqat Premier League darajasida bo‘lgan, xolos. Parky qilgan ishlar aql bovar qilmaydi, u ishini saqlab qolishga haqli. Agar baribir nimadir o‘zgarsa, u darhol boshqa ish topadi.”
Bu yerda bitta muhim nuqta bor: Parkinsonning karerasi turli ligalar bo‘ylab qurilgan, u pastdan yuqoriga yo‘lni yaxshi biladi. Wrexhamning o‘zi ham aynan shu yo‘lni bosib o‘tyapti. Bu moslik tasodif emas.
Hollywood savoli: keyingi sahnada kim bo‘ladi?
Yana bir sobiq “Red Dragons” futbolchisi Matt Jansen ham GOAL bilan suhbatda shu mavzuga qaytgan. U ham shu “katta ism” atrofidagi shovqinni tan oladi:
“Bu lavozim bilan doim ismlar bog‘lanadi – atrofidagi shon-shuhrat, Hollywood mavzusi tufayli. Bu – o‘yin tabiatining o‘zi. ‘Parkinson qoladimi? Katta ism keladimi? Steven Gerrard Frank Lampard Coventryda qilayotganga o‘xshash loyihaga qiziqadimi?’ Bunday savollar doim bo‘ladi. Phil Parkinson hozirgacha ajoyib ish qildi. Bu qancha davom etadi – hech kim bilmaydi.”
Jansenning ohangi bir vaqtning o‘zida ham e’tirof, ham ogohlantirishga o‘xshaydi. Wrexham bugun Parkinson qo‘lida – barqaror, rejalari aniq, ichki muhit mustahkam. Lekin klub atrofidagi yorug‘lik, seriallar, yulduzlar, transfer bozoridagi mish-mishlar bu lavozimni doim “orzu qilinadigan” qiladi.
Savol endi shunday: Reynolds va McElhenney uchun qaysi hikoya qiziqroq – isbotlangan murabbiy bilan davom etayotgan barqaror ko‘tarilishmi yoki Hollywood sarlavhalarini portlatadigan “katta ism” xavfimi?
Wrexhamning keyingi bo‘limi aynan shu savolga berilgan javobdan boshlanadi.





