Xabi Alonso Chelsea bosh murabbiyi sifatida yangi davrni boshlaydi
Sidney, Avstraliya. Yangi mavsum, yangi qit’a, lekin tanish ritm. Xabi Alonso yana futbol markazida, faqat endi maydon o‘rtasida emas, Chelsea bosh murabbiyi sifatida texnik zona chetida turibdi. U hali ham shoshilmaydi. Hech qachon shoshilmagan.
O‘yinchi paytida u maydonni metronomdek boshqarardi: sokin, aniq, vaqt va bo‘shliqni xotirjam o‘qiydigan yarim himoyachi. Oradan 17 yil o‘tdi, lekin o‘sha mulohazali ohang Sidneydagi matbuot anjumanida ham sezildi. Endi 44 yoshli ispaniyalik dunyo bo‘ylab kelgan jurnalistlar halqasidan xuddi raqib pressingidan chiqqandek muloyimlik bilan o‘tib, Chelsea bilan yangi davrni boshlash arafasida turibdi.
O‘zgargan futbol olami, o‘zgarmagan xarakter
Alonso o‘sha Alonso. Lekin uning qaytib kelgan futbol olami boshqa.
“Juda ko‘p narsa o‘zgardi,” — dedi u dushanba kuni jurnalistlar oldida. “Bu ancha oldin edi, men 2009 yilda ketganman. Liga, jamoalar, klublar, murabbiylar, futbolchilar – hammasining rivojlanishini ko‘rdik.”
U o‘tmishni maqtadi, lekin unga yopishib qolmadi. Endi maqsad – murabbiy sifatida zavq olish.
“U yillar yaxshi edi, endi esa murabbiy bo‘lib ham bundan rohat olishni istayman. Hozirgacha ishlash uchun juda yaxshi sifatlarga egamiz. Albatta, butun tarkib bu yerda emas, lekin mashg‘ulotda bo‘lganlar yaxshi ishlashyapti. Energiya yaxshi.”
Sidney safarining eng katta yutug‘i – akademiya futbolchilari bilan yaqindan tanishish bo‘layotgani. Alonso ularni ochiqchasiga maqtadi.
“Akademiyadan kelgan futbolchilar bilan vaqt o‘tkazyapmiz, rostini aytsam, ularni unchalik yaxshi bilmasdim. Ular meni juda hayratga soldi. Juda yosh bo‘lishiga qaramay, sifati yuqori, rivojlantirish uchun zo‘r loyihalar. Bu vaqtni aynan shunga sarflayapmiz.”
Morgan Rogers – rekord transfer, hali ko‘rishmagan yulduz
Alonso matbuot oldidagi qisqa chiqishining yarmini bitta ism egalladi: Morgan Rogers. Yaqinda Chelsea bilan shartnoma imzolagan hujumchi Britaniya futboli tarixidagi eng qimmat mahalliy futbolchiga aylandi – 117 million funt.
Qiziq tomoni shundaki, Alonso hali uni ko‘rmagan ham, uchrashmagan ham. Rogers Avstraliya safariga kiritilmadi. Shunga qaramay, bu transfer atrofidagi shovqin murabbiyning birinchi haftasini allaqachon belgilab bo‘ldi.
Sidneyga esa boshqa tarkib uchib keldi: yoshlar, perferik o‘yinchilar, yoniga bir nechta yirik yulduzlar qo‘shilgan aralash guruh. Ular Western Sydney Wanderers va Tottenham Hotspurga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari orqali yangi Chelsea uchun ilk chizmalarni chizib beradi.
Alonso uchun bu o‘yinlar natija haqida emas. Bu – bo‘laklarni ko‘rish, ularni qanday birlashtirish mumkinligini his qilish, o‘yinchilar uchun vaqt va bo‘shliq yaratib, 22 avgust kuni boshlanadigan Premier League oldidan ularni iloji boricha ko‘proq o‘rganish haqida.
“May haqida emas, avgust haqida ham emas – bugun haqida”
Murabbiy darhol bosimni uzoq muddatli maqsadlarga emas, hozirgi jarayonga burdi.
“May oyida nima bo‘lishi haqida erta o‘ylashni istamaymiz,” — dedi u. “Qadam-baqadam borishimiz kerak. Yaxshi start olishni xohlaymiz, lekin buning uchun jamoa ichida yaxshi energiya, yaxshi kimyo, aniq g‘oyalar yaratishimiz kerak. Bu albatta rivojlanadi.”
Uning fikricha, Chelsea mavsumni bir tarkib bilan boshlaydi, lekin uni butunlay boshqa jamoa sifatida yakunlaydi.
“Avgustda boshlaydigan jamoa bilan may oyida yakunlaydigan jamoa bir xil bo‘lmasligiga ishonaman, va maydagi jamoa birinchi kundagidan yaxshiroq bo‘lishiga ham ishonaman.”
An’anaviy “titul” savollariga u eshikni yopib qo‘ymadi, lekin aniq maqsadni ham aytmadi.
“Ma’qsadimiz haqida erta gapirmoqchi emasman. Yaxshi mavsum o‘tkazishni xohlaymiz. Iloji boricha yuqori o‘rinni ‘haq qilish’ni istaymiz, buning uchun esa qattiq ishlash kerak. Yangi futbolchilar, yangi murabbiy, yangi g‘oyalar bilan bu jamoani rivojlantirishimiz zarur. Ba’zan bu ko‘proq vaqt oladi, ba’zan tezroq bo‘ladi.”
Uning ohangi – talabchan, lekin shoshilinch emas. Reja bor, unga sodiqlik ham.
“Bizda bor g‘oyani, rejani rivojlantirishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Hozircha hissiyotlar yaxshi. Energiya yaxshi. Futbolchilar qattiq ishlashyapti – biz aynan shuni xohlaymiz.”
Sidneydagi birinchi signal
Chelsea 28 iyul kuni Accor Stadiumda Sydney Super Cupni boshlaydi. Raqib – Western Sydney Wanderers. Boshlanish vaqti – mahalliy vaqt bilan 19:45, Angliyada esa 10:45.
Bu shunchaki o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lishi mumkin. Lekin Alonso uchun bu ilk signal. Yangi Chelsea qanday nafas olishini, qanday ritmda harakat qilishini ko‘rsatib beradigan birinchi sahna.
U o‘yinchi bo‘lganida raqib pressingini sabr bilan kutib, keyin bitta to‘g‘ri pas bilan hammasini buzib yuborardi. Endi esa u butun klubni xuddi shunday sabr bilan qayta qurishga kirishyapti.
Savol bitta: bu metronomik yondashuv Premier League shafqatsiz ritmiga qay darajada bardosh bera oladi?






