Younes Ibrahim: Brighton Akademiyasidan Birinchi Jamoaga
O‘tgan yakshanba Younes Ibrahim kundaligida oddiy sana bo‘lib qolmadi. Atigi 48 soat avval u under-21 safida ajoyib gol urib, akademiya muxlislarining ijtimoiy tarmoqlarini larzaga keltirgandi. Shundan ko‘p o‘tmay, kayfiyatini butunlay o‘zgartirgan qo‘ng‘iroq keldi: “Ertaga birinchi jamoa bilan bo‘lasan”.
Bu Brighton uslubi. Murabbiy Fabian Hürzeler va uning shtabi kimlargadir “hurmat uchun” chaqiruv beradiganlardan emas. Brighton’da bunday odat yo‘q. Bu klub Caicedo’ni 115 millionga sotgan, Mac Allister va Cucurella bilan xayrlashgan, qachon va qaysi paytda futbolchi tayyor bo‘lishini juda aniq biladigan tizimga ega. Shuning uchun ham Younesning rasmiy o‘yinda birinchi jamoa zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishi, maydonga tushmagan bo‘lsa ham, ishonch bayonoti edi. Bu klub tilida bitta jumla: “Tez orada seni ko‘ramiz”.
Bu ishonchni raqamlar ham tasdiqlaydi. 2026–2027 yilgi mavsumda u akademiyaning turli yosh toifalarida uchta o‘yinda maydonga tushib, bitta gol va bitta golli uzatma bilan ikki g‘alvirga urdi. Lekin haqiqiy portlash o‘tgan mavsumda sodir bo‘ldi. Yil yakunida uning hisobida 9 gol va 5 assist bor edi. U nafaqat to‘purarga, balki chiziqlar orasida aqlli harakat qiladigan, qanotda ham, “false nine” sifatida ham yuqori darajada o‘ynay oladigan futbolchiga aylandi. Akademiya ichida eng ta’sirchan ismlardan biriga aylangan payt aynan o‘sha davr bo‘ldi.
Younes hikoyasi bir kunda paydo bo‘lgan mo‘’jiza emas. Bu sabr, tartib va puxta rejalashtirilgan rivojlanish yo‘li. U yo‘l Luton Town akademiyasidan boshlandi. U yerda inglizcha intizomning asosiy qoidalarini o‘rgandi. So‘ngra Yevropaning eng qudratli “talant fabrikalaridan” biri bo‘lgan Chelsea akademiyasiga katta sakrash qildi. Londonda u turli futbol maktablari bilan yuzma-yuz keldi, yuqori bosim va yuksak sur’atli o‘yinga sho‘ng‘idi.
Biroq burilish nuqtasi boshqacha qarorga bog‘liq edi: Brighton’ning under-15 jamoasiga o‘tish. Ko‘pchilik uchun bu orqaga tashlangan qadamdek ko‘rindi. Aslida esa bu o‘ta aqlli harakat edi.
Brighton bugun Angliyada akademiya futbolchisiga birinchi jamoaga olib boradigan eng aniq yo‘lni chizib berayotgan yagona klub sifatida tilga olinadi. Younes ham shu yo‘ldan qat’iyat bilan yurdi: under-15, keyin under-18, undan so‘ng under-21. Har bir bosqichda u nafaqat iste’dodli, balki jismonan va ruhiy jihatdan o‘sishga qodir ekanini ko‘rsatdi.
O‘tgan yil iyul oyida esa ilk katta mukofot keldi. Younes o‘zining birinchi professional shartnomasini imzoladi. Brighton akademiya direktori Ian Buckman bu lahzani klub falsafasini ifodalovchi so‘zlar bilan ta’rifladi: “Bu futbolchilar va ularning oilalari uchun hayajonli on”.
U yana shunday dedi: bu shartnoma akademiyada shu paytgacha qilgan mehnatlariga berilgan e’tirof, endi esa ular oldida ochilayotgan imkoniyatlardan maksimal foydalanish, rivojlanish va o‘rganishni davom ettirish majburiyati turibdi. Younes aynan shuni bajarayotgan futbolchi sifatida ko‘rinmoqda.
Younes Ibrahim hikoyasining eng qiziq qismi esa Brighton chegarasidan ancha uzoqqa — to‘rt qit’adagi futbol federatsiyalari ofislarigacha cho‘ziladi.
U Avstraliyada tug‘ilgan. Demak, Socceroos safida o‘ynash huquqiga ega. Sakkiz yil avval Angliyaga ko‘chib kelgan, bu esa uni Three Lions uchun ham qonuniy nomzodga aylantiradi. Misr va Marokash ildizlari esa unga Pharaohs va Atlas Lions eshiklarini ochib beradi.
To‘rtta turli futbol maktabi bitta iste’dod uchun kurashga tayyor. Avstraliya kelajakdagi asosiy hujumchisini izlayapti. Angliya esa Premier League ichida birorta talantni e’tiborsiz qoldirmaydigan tizimga ega. Misr va Marokash esa Yevropadagi ikki fuqarolikli futbolchilarni jalb etish bo‘yicha aniq strategiya bilan harakat qilmoqda.
Younes hali tanlov qilgani yo‘q. Bu ham o‘zicha to‘g‘ri qaror. 18 yoshda uning butun e’tibori klubga qaratilishi kerak: Brighton’da o‘z o‘rnini mustahkamlash, ilk zaxira chaqiruvini ilk daqiqalarga, keyin esa Premier League’dagi ilk golga aylantirish. Shundan keyin eshik taqillatadiganlar o‘zi bo‘lmaydi, to‘rtta terma jamoaning o‘zi uni izlab keladi.
Coventry’ga qarshi o‘sha kun — shunchaki zaxira o‘rindig‘ida o‘tirish emasdi. Bu yangi loyiha tug‘ilganini e’lon qilgan daqiqa edi: xalqaro darajadagi futbolchi shakllanmoqda. Sydney’da boshlangan, London’da sayqallangan va endi Angliya janubiy sohilidan shon-shuhrat eshiklarini qat’iyat bilan taqillatayotgan loyiha. Endi savol bitta: bu eshikni birinchi bo‘lib qaysi terma jamoa ochadi?







