Zirkzee transferi: Fiorentina Old Trafforddan chiqish eshigiga eng yaqin
Joshua Zirkzee uchun yozgi bozor tobora torayib bormoqda, ammo Italiyadan ikkita kuchli ishtiyoq hanuz so‘nmagan: Juventus va Fiorentina. Har ikkisi ham Manchester United hujumchisini qo‘lga kiritishni rejalashtirmoqda, lekin hozircha finish chizig‘iga eng yaqin jamoa – La Viola.
United eshikni ochmoqda
Manchester United yoz oyning yopilishidan oldin Zirkzee bilan xayrlashishga tayyor. Sabab oddiy: so‘nggi ikki yil ichida u “Old Trafford”da deyarli imkon topmadi.
25 yoshli hujumchi o‘tgan mavsum Premier League doirasida atigi besh marta asosiy tarkibda maydonga tushdi. Yangi kampaniya esa undan ham sovuq boshlangandek: 2026–27 yilgi mavsumning ilk turida yangi ko‘tarilgan Hull Cityga qarshi o‘yinda u zaxirada o‘tirib qoldi, maydonga ham tushirilmadi.
Ustiga ustak, Barcelona safaridan ijaradan qaytgan Marcus Rashford ham hujum chizig‘iga qo‘shildi. Bu esa Zirkzee uchun navbatni yanada uzaytiradi, raqobatni keskinlashtiradi. Shunday sharoitda klub ham, futbolchi ham yo‘llarni ajratish fikriga tobora yaqinlashmoqda.
Bologna xotirasi va Serie A’ga qaytish ehtimoli
Zirkzee uchun Italiya begona emas. 2023–24 yilgi mavsumda u Bologna safida Serie A’da 11 ta gol urib, o‘zini yuqori darajadagi hujumchi sifatida ko‘rsatib bo‘lgan. O‘sha mavsum uning nomini qayta ochib bergan, aynan o‘sha performans bugun ham transfer bozorida unga eshiklar ochmoqda.
Shu bois Juventus ham, Fiorentina ham uni yana Serie A sahnasiga qaytarishni istayapti. Savol faqat bitta: kim tezroq va qat’iyroq harakat qiladi?
Juventus – oldin sotish, keyin olish
Turin klubi hujum chizig‘ini kuchaytirish niyatidan qaytgani yo‘q. Zirkzee profili ularga mos tushadi, lekin bitta katta “agar” bor. Juventus avval Jonathan David uchun yangi manzil topishi kerak. Moliyaviy balans, tarkibdagi o‘rin, maoshlar – hammasi hisobda.
Shu bois Zirkzee bo‘yicha ularning qiziqishi hozircha shartli holatda turibdi: birinchi qadam – sotish, keyingisi – imzo. Bu esa transfer bozorida tezlik hamma narsani hal qiladigan pallada jiddiy kechikish bo‘lishi mumkin.
Fiorentina – Kean o‘rniga tezkor reja
Florensiyada vaziyat boshqacha. Moise Kean ketishga tayyor. Italiyalik hujumchi Champions League yo‘llanmasiga ega Como bilan 40 million yevrolik bitimga yaqin turibdi. Kean ketishi – Fiorentina uchun zudlik bilan yechim talab qiladigan bo‘shliq.
La Viola yangi markaziy hujumchini hozir, shu oyning o‘zida xohlaydi. Shuning uchun ham ular Zirkzee bo‘yicha stolga ancha faolroq va tezroq taklif qo‘yishga majbur. La Gazzetta dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, aynan shuning hisobiga Fiorentina hozir Manchester United bilan kelishuvga eng yaqin jamoa sifatida ko‘rilmoqda.
Juventus hali sotishi kerak. Fiorentina esa allaqachon o‘rnini to‘ldirishi kerak bo‘lgan hujumchisini yo‘qotayotgan paytda.
Qaror pallasi
Bozor oynasi yopilguncha vaqt ko‘p emas. Manchester United Zirkzee’ni qo‘yib yuborishga tayyor, Italiyada esa ikkita klub uni kutib turibdi, lekin yo‘llari turlicha.
Turinmi yoki Florensiya? Zirkzee yana Serie A tribunalarini hayajonga soladimi yoki “Old Trafford” zaxirasida qolib ketadimi? Shu yozning eng qiziq savollaridan biri endi tez orada javob topadi.







