Andre Onana: Trabzonsporda ikkinchi mavsum, Angliyada esa savollar
Andre Onana yana Turkiyada. Ammo uning nomi hanuz Premyer-liga atrofida aylanmoqda.
Kamerunlik darvozabon rasmiy ravishda yana bir yilga Trabzonsporga ijaraga qaytdi. Bu ketma-ket ikkinchi mavsumlik ijara, shartnomada sotib olish bandi yo‘q. Onananing “United” bilan tuzgan asosiy shartnomasi esa 2028-yil iyunigacha amal qiladi. Demak, bu faqat vaqtinchalik ajralish, yo‘llar uzil-kesil ajralgani yo‘q.
Shu orada sobiq “Manchester United” futbolchisi Quinton Fortune uning nomini yana Angliyaga qaytarib keldi.
Fortune: “Onana – Chelsea, Newcastle yoki Aston Villa uchun qurol”
Fortune “Premier Bet” bilan suhbatda Onananing bir sifatini alohida ajratib ko‘rsatdi: to‘pni o‘ynab boshlash mahorati. Zamonaviy futbolda eng qimmat valyuta bo‘lib qolgan fazilat.
U shunday deydi: Andre Onana “Chelsea”, “Newcastle United” yoki “Aston Villa” uchun aktiv bo‘la oladi. Sababi oddiy – murabbiylar orzu qiladigan darvozabon tipi aynan shunday: hujumni orqadan boshlaydigan, pressingni bir pas bilan yo‘qqa chiqaradigan, chiziqlarni yorib o‘tadigan darvozabon.
Onana 50–60 metrga uzatma bera oladi, hujumchini yoki yarim himoyachini topa oladi, raqib pressingini bir lahzada sindira oladi. Fortune nazarida, bu kichik detal emas, butun o‘yin manzarasini o‘zgartirib yuboradigan qurol. U Onanani aynan shu elementda “eng yaxshilardan biri” deb ataydi.
Ammo bitta “lekin” bor. Ishonch.
Fortune eslatadi: darvozabon xato qilsa, butun dunyo ko‘radi. Ayniqsa, “United” darvozabon bo‘lsangiz. Onananing o‘tgan mavsumdagi tebranishlari, yirik sahnadagi xatolari ko‘p muhokama qilindi. Endi unga shu ishonchni qayta tiklash kerak. Fortune umid qiladi: agar u o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarib olsa, orqadan o‘ynaydigan darvozabon kerak bo‘lgan jamoa uchun yana favqulodda darajada foydali bo‘la oladi.
Chelsea uchun yetakchilar: Welbeck va Henderson
Fortune faqat darvozabon mavzusida to‘xtab qolmadi. U “Chelsea”ning yozgi transferlariga ham to‘xtaldi – Danny Welbeck va Jordan Henderson kelishi unga befarq qoldirmagan.
Sobiq Janubiy Afrika terma jamoasi futbolchisi bitta ochiq e’tirofni yashirmadi: u Welbeckni qayta “Manchester United” libosida ko‘rishni istagan bo‘lardi. Ammo Welbeck yo‘li “Stamford Bridge”ga burildi.
Bu yerda esa Xabi Alonso rejasi ko‘rinadi. Fortune fikricha, Alonso “Chelsea” ichki muhitiga qaradi va nimadir yetishmayotganini his qildi. Tajriba. Shaxsiyat. So‘zini ayta oladigan, kiyinish xonasida bosh ko‘tara oladigan futbolchilar.
Shu bois Henderson va Welbeck kabi futbolchilarni tanladi. Fortune ularni nafaqat yuqori darajadagi o‘yinchilar, balki “katta professional”lar sifatida ta’riflaydi. Alonso “Real Madrid”dagi tajribasidan yaxshi biladi: katta maqsadli klubda nafaqat yosh iste’dodlar, balki standartni belgilab beradigan, kundalik mehnat madaniyatini ko‘rsatib turadigan futbolchilar ham zarur.
Endi “Chelsea” kiyinish xonasida aynan shunday ovozlar paydo bo‘ldi. Savol esa ochiq qoladi: Onana kabi darvozabonni qo‘lga kiritishsa, Alonso qurayotgan yangi tuzilma yanada xavfli ko‘rinishga keladimi?







