BlueCo davri: Chelsea futbolchilari va ularning qisqa hikoyalari
Carney Chukwuemeka: shov-shuv bilan kelib, shovqinsiz ketgan yulduzcha
Carney Chukwuemeka uchun hammasi juda baland notada boshlangan edi. Aston Villa safidan 2022 yilda 20 million funt evaziga kelgan, Angliyaning U-19 Yevropa chempionligida porlagan iqtidor. Stamford Bridge uni kelajak markazi sifatida ko‘rardi.
Ammo tan jarohatlari va murabbiylar ishonchining yo‘qligi hammasini yeb bitirdi. Chukwuemeka ikki yarim yil ichida atigi 32 o‘yin o‘tkazdi. Uning “Chelsea” davri deyarli iz qoldirmadi — na hal qiluvchi gollar, na mavsumni belgilab beradigan lahzalar. Natija aniq: dastlabki ijaradan so‘ng u o‘tgan yozda Borussia Dortmundga sotildi. London bosqichi esa shunchaki “bo‘lib o‘tdi” darajasida qoldi.
Christopher Nkunku: katta reja, bir tizzaning qurboni
Christopher Nkunku transferi BlueCo rejalarining ramzi bo‘lishi kerak edi. 2023 yilda RB Leipzigdan 52 million funtga kelgan, Bundesligada sermahsul, hujumni yillar davomida boshqarishga qodir hujumkor futbolchi sifatida tasavvur qilingan edi.
Lekin bir tizza hammasini buzdi. Klubga qo‘shilganidan ko‘p o‘tmay, mavsumoldi davrida og‘ir tizza jarohati oladi. Yarim mavsum 2023-24ni o‘tkazib yuboradi. Qaytadi, lekin o‘sha eski Nkunku qaytmaydi. Ritm yo‘q, ishonch yo‘q. 2024-25 yilda u endi asosiy qahramon emas, fon futbolchiga aylanadi. Sahna markazida Cole Palmer paydo bo‘ladi.
Natijada fransiyalik atigi 27 ta Premer-liga o‘yinidan so‘ng o‘tgan yozda AC Milan safiga yo‘l oladi. “Chelsea” uchun katta umid, lekin qisqa va xira hikoya.
Alejandro Garnacho: Old Trafforddagi uchqun, London osmonida o‘chdi
O‘tgan yozda klub Alejandro Garnacho uchun 40 million funt to‘laganida, ko‘pchilik hayron bo‘ldi. Manchester United uni Ruben Amorim qo‘l ostida chetga surib qo‘ygandi, “Chelsea” esa bozor imkoniyatidan foydalanishga qaror qildi.
Natija? Vaqt va pulning deyarli behuda sarfi. Old Traffordda uni yorqin, beparvo, bexavotir driblingchi sifatida tanishganmiz. Londonning g‘arbida esa boshqa futbolchini ko‘rdik: ishonchsiz, dadilligi yo‘q, o‘zini ko‘rsatishdan qo‘rqadigan qanot futbolchisi. U na Enzo Maresca, na Liam Rosenior qo‘l ostida asosiy tarkibga mixlana oldi. Chap qanotdagi o‘yinlari tez unutiladigan, izsiz chiqishlarga aylandi.
Klub allaqachon zararni qoplash haqida o‘ylamoqda, ammo 43–45 million funt atrofidagi talab qilingan summa – bu optimizm chegarasiga yaqin. Bu transferdan hozircha faqat United mamnun bo‘lishi mumkin.
Pierre-Emerick Aubameyang: bir murabbiylik davriga bog‘langan xato
Pierre-Emerick Aubameyang transferi boshidanoq xavfli tajribaga o‘xshardi. Uni 2022 yil yozida aynan Thomas Tuchel so‘rovi bilan Barcelonadan olib kelishdi. Ammo u klub uchun debyut qilganidan atigi bir kun o‘tib Tuchel ishdan bo‘shatildi.
Shundan keyin ssenariy tushunarli edi. Graham Potter uni hech qachon to‘liq qabul qilmadi, Aubameyang asta-sekin chetga surildi. Oxir-oqibat u tarkibdan butunlay tushib qoldi va kutilganidek, erkin agent sifatida Marseille safiga o‘tdi. “Chelsea”dagi yagona mavsumi 21 o‘yin va atigi 3 gol bilan yakunlandi. Yulduz nomiga nisbatan nihoyatda sust ko‘rsatkich.
Kalidou Koulibaly: orzudagi devor, amalda esa bir mavsumlik mehmon
Kalidou Koulibaly kelganida ko‘pchilik “nihoyat himoya tartibga tushadi” deb o‘yladi. Napoli safida yillar davomida obro‘ orttirgan, BlueCo davrining ilk transfer oynasidagi katta figura. 2022 yil yozida kelgan senegallik markaziy himoyachi “transformatsiya” so‘zining jonli timsoli bo‘lishi kerak edi.
Ammo klub atrofidagi beqarorlik, murabbiylar karuseli va uning o‘zi yo‘l qo‘ygan yirik xatolar bu rejani yer bilan yakson qildi. Koulibaly hech qachon barqaror tayanchga aylanmadi. Bir yil o‘tib “Chelsea” sabr kosasi to‘ldi va u Saudiya Arabistonidagi gigant Al-Hilal safiga sotildi. U Yaqin Sharqqa yo‘l olgan ilk katta ismlar to‘lqinining bir qismi bo‘ldi, lekin Londondagi izlari juda sayoz bo‘lib qoldi.
Raheem Sterling: yirik ism, sust sahna
BlueCo davrining ilk yirik “marquee” transferlaridan biri. Raheem Sterling Manchester Citydan 47,5 million funt evaziga keldi, ko‘p karra chempion, Premer-ligada o‘zini isbotlagan to‘purarga aylangan futbolchi sifatida. U “Chelsea” hujumini darhol yuqori darajaga ko‘tarishi kerak edi.
Bu sodir bo‘lmadi. Ikki sust mavsumdan so‘ng Enzo Maresca uni mashhur “bomb squad” tarkibiga surg‘un qildi. 2024-25 yilgi Arsenal ijarasi ham qayta tug‘ilish emas, balki yana bir muvaffaqiyatsiz sahifa bo‘lib chiqdi. 2025 yil yozida qaytganida ham vaziyat o‘zgarmadi: u baribir chetda qoldi.
Oxir-oqibat 2026 yil yanvarida shartnoma bekor qilindi. So‘nggi o‘yini esa bundan qariyb 18 oy avval bo‘lib o‘tgan edi. Bir paytlar liganing eng xavfli qanot futbolchilaridan biri bo‘lgan Sterling uchun bu juda keskin pasayish.
Joao Felix: ikki marta sinov, ikki marta hafsalasi pir bo‘lgan klub
BlueCo rahbariyati Joao Felixni shunchalik xohladi-ki, uni ikki marta olib keldi. Orqaga qarab qaralganda esa, ehtimol, bir martasi ham ortiqcha bo‘lgan.
U 2023 yil yanvarida Atletico Madriddan qisqa muddatli ijara asosida kelganida, “Chelsea” allaqachon mislsiz miqdorda pul sarflayotgan edi. Fulhamga qarshi debyut uchrashuvida olgan qizil kartochkasi esa, aslida, bo‘ladigan voqealarning ramziy ogohlantirishi bo‘lgan.
Shunga qaramay, klub 2024 yilda uni yana qaytarishga qaror qildi, bu safar Barcelonadagi samarali davridan so‘ng. Ammo Enzo Maresca qo‘l ostida u atigi yarim mavsumga chiday oldi. Hech qanday jiddiy ta’sir, hal qiluvchi lahzalar yo‘q. Qishki oynada u AC Milan safiga ijaraga jo‘natildi, 2025 yil yozida esa doimiy asosda Al-Nassrga o‘tdi. Ikki marta berilgan imkoniyat ham bu hikoyani saqlab qola olmadi.
Facundo Buonanotte: ko‘z ochib yumguncha tugagan tajriba
Facundo Buonanotte transferi boshidan kutilmagan edi. 2025 yil yozining oxirida Brighton safidan ijaraga olindi, ehtimol, Maresca tarkibini chuqurlashtirish uchun. Argentinalik hujumkor yarim himoyachidan hech kim asosiy qahramon bo‘lishini kutmagandi, lekin bunday darajada soyada qolishi ham tasavvur qilinmagandi.
U atigi 8 ta o‘yin o‘tkazdi, shundan faqat bittasi Premer-ligada. Ko‘p uchrashuvlarda umuman zayavkaga ham kiritilmadi. Yanvar oyiga kelib ijara muddatidan oldin bekor qilindi — “Chelsea”dagi davri deyarli sezilmay yakunlandi. Shundan keyingi Leedsdagi yarim mavsum ham xuddi shunday ilhomsiz o‘tdi.
Deivid Washington: uzoq muddatli shartnoma, qisqa esdalik
Deivid Washington nomini ko‘pchilik eshitmagan bo‘lishi mumkin, lekin u hanuz “Chelsea” futbolchisi hisoblanadi. Santosdan 2023 yilda 17 million funt evaziga kelgan, uzoq muddatli shartnoma imzolagan yoshlar to‘lqinining bir qismi edi.
Uning birinchi jamoa bilan aloqasi esa uchta o‘yin bilan cheklanib qoldi. Asosan rivojlanish jamoasida o‘ynadi, 2025 yilda esa o‘zi yetishib chiqqan Santosga ijaraga qaytdi. U yerda ham sezilarli iz qoldirolmadi, natijada “Chelsea” uni chaqirib oldi.
Bugun 21 yoshda. Bir paytlar katta istiqbol sifatida ko‘rilgan hujumchi uchun London kelajagi deyarli yo‘q. Endi uning navbati – doimiy transfer orqali yangi sahifa ochish.
Mykhailo Mudryk: doping bilan tugagan dahshatli ertak
Mykhailo Mudryk hikoyasi BlueCo davrining eng keskin, eng og‘riqli sahifalaridan biri bo‘lib qoladi. 2023 yil yanvarida Shakhtar Donetskdan 89 million funt evaziga kelganida, bu transfer atrofida haqiqiy hayajon bor edi. Tezlik, dribling, yoshlik — hammasi bor edi.
Ammo “Chelsea”dagi Mudryk butunlay boshqa futbolchi bo‘ldi. U ko‘pincha o‘ziga bo‘lgan ishonchdan ayrilgan, qaror qabul qilishda ikkilanadigan, murabbiylar almashinuvi fonida tarkibga kirib-chiqib yuradigan qanot futbolchisiga aylandi. U hech qachon o‘sha katta summa evaziga kelgan yulduz darajasiga chiqolmadi.
2024 yil noyabrida u vaqtincha chetlatildi. Doping bo‘yicha tekshiruvlar uning faoliyatini muzlatib qo‘ydi. 2026 yil aprelida Futbol assotsiatsiyasi unga maksimal – to‘rt yillik diskvalifikatsiya bergani ma’lum bo‘ldi. Mudryk apellyatsiya berdi, 2026-27 mavsumida maydonga qaytish umidi borligi xabar qilindi.
Ammo bitta savol hamon osilib turibdi: u yana hech qachon “Chelsea” libosini kiyadimi? Yoki bu rekord darajadagi transfer London tarixida eng qora dog‘lardan biri sifatida qoladimi?






