sport pulse

Boston Celtics Brownni jo‘natdi: Nega bu almashinuv tarixdagi eng yomon?

Boston Celtics odatda tarixdagi eng ko‘p chempionlik uchun kurashardi. Endi esa ular boshqa bir poygada – liga tarixidagi eng yomon almashinuv uchun yugurib ketdi.

Jaylen Brown Filadelfiyaga jo‘natildi. Manzil – Philadelphia 76ers. Orniga Paul George. Paketga yana ikki birinchi raund tanlovi (2028, 2031) va ikki ikkinchi raund piki (2028, 2030) qo‘shildi. Qog‘ozda raqamlar ko‘p. Mantiq esa yo‘q.

Nega aynan Brown?

Boston Brown’dan voz kechdimi? Nega?

U Twitch efirida liga o‘ziga qarshi “kun tartibi” borligini aytgani uchunmi? Yoki 2025-26 mavsumini “eng sevimli mavsumim” deb atagani uchun, garchi jamoa ikki yil avval chempion bo‘lib, o‘sha yili birinchi raunddayoq uchib ketgan bo‘lsa ham? Yoki uni Giannis Antetokounmpo uchun Milwaukee Bucks bilan muzokaralarda tilga olishgani yuragiga og‘ir botgani uchunmi? Yoki o‘tgan mavsum Tatum jarohati fonida yakka yulduz bo‘lib yashaganidan keyin yana sherik bilan sahnani bo‘lishishni xohlamagani uchunmi?

Bu savollarning hech biri javob bo‘la olmaydi. Hech biri bu darajadagi qarorni oqlamaydi.

Brown Boston uchun nafaqat yulduz, balki universal kalit edi. U istalgan kechada eng yaxshi skorerga, eng yaxshi pleymeykerga yoki eng yaxshi himoyachiga aylanib ketishi mumkin edi. Uning o‘zi “dunyodagi eng yaxshi ikki tomonlama o‘yinchi” deb bahs uyg‘otgan bo‘lishi mumkin, ammo bir narsa bahsga yaramaydi: 29 yoshli Brown bugun 36 yoshli George’dan ancha yaxshi ikki tomonlama o‘yinchi.

Shunday paytda sen uni jo‘natasan.

Paul George – ism bor, kafolat yo‘q

Boston nima evaziga rozi bo‘ldi? Paul George.

Indiana Pacers davridan keyin uning karerasi bir xil chiziqda bormadi. Oklahoma City, Clippers, Sixers – manzillar o‘zgardi, lekin muammo o‘zgarmadi. Sog‘lom qolmaydi. Katta lahzalarda qisqarib qoladi. Ikkinchi rolga moslashishi mumkin, lekin bu ko‘proq bosimdan, javobgarlikdan qochishiga o‘xshaydi.

Celtics kamida piklar oldi, deysizmi? Demak, nima bo‘pti?

Draft tanlovlari – bu umid. Brown esa hozirgi zamonning tayyor mahsuli. U allaqachon liga elitasida. Bu piktar esa, eng yaxshi holatda, yillar davomida “agar” va “balki”lar bilan yashaydigan lotereya chiptalari xolos. Brown ketgan bo‘shliqni ular yopib bera olmaydi.

Clippersning mash’um treydi ham birdan boshqacha ko‘rinib qoldi

Bu almashinuv yana bir tarixiy epizodni eslatadi. 2019 yilda Los Angeles Clippers Paul George uchun butun kelajagini qo‘liga tutqazgandi: Shai Gilgeous-Alexander, Danilo Gallinari, uchta birinchi raund piki (2022, 2024, 2025) va ikki marta pik almashish huquqi (2023, 2025).

O‘sha paytda mantiq bor edi. Kawhi Leonard faqat George bilan birga kelishini bildirgan. U endigina Toronto bilan chempion bo‘lgan, jarohatlarini boshqarishni bilishini isbotlagan. George ham doimiy All-Star maqomida edi. Shai hali superyulduzga aylanmagan, oddiy istiqbolli yosh guard edi. Clippers chempionlik oynasini ochish uchun kelajagini garovga qo‘ydi.

Bostonning bugungi qarori esa aksincha – chempionlik oynasini yopib qo‘ydi. Shart emas, qarsak chalib.

Tatum qoldi, lekin sherigi ketdi

Ha, Celtics baribir Jayson Tatum bilan qoladi. Derrick White hali ham hamma ishni bajara oladigan guard. Atrofida munosib yordamchi tarkib bor.

Ammo endi Brown yo‘q.

Bu juftlik yillar davomida bosimga chiday oldi. “Tatum-Brown dueti tarqatilishi kerak” degan gaplar har yoz, har trade deadline davrida chiqqan. Boston esa sabr qildi. Ular birga o‘sdi, birga pishdi, bir-birining o‘yinini to‘ldirdi. Chempionlik, Finals MVP – bular tasodif emas edi.

Endi esa Boston shu juftlikdan o‘zi voz kechdi. O‘rniga esa har kecha kim kelishini bilmaydigan George’ni oldi: bugun yulduz, ertaga yuk. Statistik modellarga, grafiklarga ishongan bo‘lishlari mumkin, lekin parketda his-tuyg‘u, ishonch, xarakter ham bor. Brown bu uchalasiga ham ega edi.

“Munosaqat uziladigan darajada yomonlashdi” degan ertak

Klub bu almashinuvni “munosabatlar tiklab bo‘lmas darajada buzildi” degan bayonotlar bilan oqlashi mumkin. Ishonish qiyin.

Brown og‘zini yopib yuradiganlardan emas. U o‘z fikrini aytadi – ijtimoiy adolat, media tanqidi, jamiyat haqida. Ba’zan klubga yoqmaydigan gaplar ham bo‘lishi mumkin. Lekin u hech qachon jamoani ataylab ichidan yemiradigan, kiyinish xonasini bo‘lib tashlaydigan obrazda ko‘rinmadi.

U so‘nggi mavsumni o‘zining eng yaxshi yili deb atadi. Bu gap Bostonning 3-1 hisobidagi ustunlikni boy berib, birinchi raundda aynan Sixersga yutqazganidan bir kun o‘tib aytilgan bo‘lsa ham. Brown uchun bu shaxsiy parvoz edi: karyerasidagi eng yuqori ko‘rsatkichlar – 28,7 ochko, 6,9 ribaund, 5,1 golli uzatma. MVP poygasida 6-o‘rin. Tatum jarohatlangan, Jrue Holiday va Kristaps Porzingis ketgan, jamoa “o‘tish davri” deb baholangan bir paytda ular ikkinchi o‘rinni oldi.

Bu chempionlikni kamsitish emas edi. Bu sharoitga qaramay, jamoa va o‘zi qanday darajaga chiqqanini ta’kidlash edi. Va bu kayfiyat – yanada sog‘lom Tatum, yanada shakllangan yordamchi tarkib bilan yuqoriga intilish istagi edi.

Boston esa buning ustidan chizib, “panika tugmasi”ni bosdi.

Sixers uchun sovg‘a, Boston uchun alam

Filadelfiyada esa tabassumlar ko‘payadi. Brown va Joel Embiid o‘rtasida o‘tmishda so‘z urushlari bo‘lgan, Brown uni floppingda ayblagan. Endi ular bir kiyinish xonasida. Ehtimol, bu gaplar kulgi bo‘lib qoladi. Ikki raqib – endi bitta frontda.

Brown va Tyrese Maxey qanday bo‘linishni hal qiladi? Ikkalasi ham to‘pni yaxshi ko‘radi, ikkalasi ham hujum markazida bo‘lishga o‘rgangan. Lekin texnika bor, basketbol IQ bor, g‘alabaga chanqoqlik bor. Bunday o‘yinchilar odatda yo‘lni o‘zlari topadi.

Va albatta, Bostonni kutayotgan alohida “sovg‘a” bor – Brownning qasos o‘yinlari. Muntazam mavsumda ham, pley-off seriyalarida ham. Har bir uchrashuvda u bu klub bir paytlar o‘zi uchun qanday eshiklarni yopganini eslab tushadi.

Celtics esa o‘zini oqlashga urinadi: “Bu majburiy qaror edi, boshqa yo‘l qolmagandi”, deya. Ammo parketda natija bo‘lmasa, bu gaplar havoda osilib qoladi.

Boston bir paytlar Tatum va Brown duetini parchalash bosimiga qarshi turardi. Endi esa hech kim majburlamagan holda, o‘zi bu oynani chilparchin qildi. Savol endi bitta: bu qaror chempionlik yo‘lini yangidan ochadimi yoki “tarixdagi eng yomon treydlar” ro‘yxatida alohida satr bo‘lib qoladimi?