sport pulse

Chelsea Scott uchun 64 million funtlik taklif berdi

Londonning g‘arbida yozgi transfer oynasi allaqon qizib ketgan, lekin bu safar markazda navbatdagi yulduz emas, balki allaqachon “Premier League”ning eng yorqin iste’dotlaridan biriga aylangan Scott turibdi.

“Chelsea” BBC ma’lumotiga ko‘ra, “Bournemouth” pleymeykeri uchun 64 million funtlik rasmiy taklif yubordi. Bu shunchaki qiziqish emas, bu – Xabi Alonso qo‘l ostida o‘rtani qayta qurishga bel bog‘lagan klubning aniq va agressiv harakati.

Ammo “Vitality Stadium”da javob qisqa va aniq bo‘ldi: yo‘q.

Bournemouthning qat’iy pozitsiyasi

“Cherries” rahbariyati “Chelsea”ning ilk urinishini rad etdi va “Stamford Bridge”dagi hamkasblariga aniq signal jo‘natdi: Scott bo‘yicha keyingi har qanday yaqinlashuv iliq kutib olinmaydi. Bu nafaqat ommaviy bayonotlarda, balki ichki muloqotlarda ham takrorlanayotgan qat’iy pozitsiya.

Klub bu futbolchini nafaqat asosiy tarkibning, balki butun loyihaning markaziy figuralaridan biri sifatida ko‘radi. Ular uni saqlab qolishni istashayotgani haqida ochiq gapirishmoqda va hozircha bu so‘zlar amaliyot bilan mos kelmoqda.

Shu bilan birga, London tomoni ortga chekinayotgani yo‘q. “Chelsea” Scottni bozorning eng qimmatbaho yosh aktivlaridan biri sifatida ko‘rayapti va uning kelajagi “Vitality Stadium”da hanuz noaniq bo‘lib turgan paytda imkoniyat sezmoqda.

Kontrakt muzokaralaridagi bosim

Vaziyatni yanada keskinlashtirayotgan jihat – Scottning yangi shartnomani rad etgani. Taklif kamida ikki oydan beri stol ustida turibdi, ammo 22 yoshli yarim himoyachi hali imzo chekmadi.

Natija: amaldagi shartnoma muddati atigi ikki yil. Klub uni uzoq muddatga bog‘lab qo‘ymoqchi, futbolchi esa hozircha kutish tarafdori. Aynan shu bo‘shliq yirik klublar uchun eshikni ochib berdi.

Shunga qaramay, “Bournemouth” hozircha sotishga majbur emas. O‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyat, Yevropa Ligasi yo‘llanmasi va o‘tgan yozda Dean Huijsen, Milos Kerkez, Illia Zabarnyi va Dango Outtara transferlaridan tushgan katta daromad klub moliyasini mustahkam holatda ushlab turibdi.

Bu – ular Scott uchun narxni sun’iy oshiryapti degani emas, bu – umuman bozorga chiqarmaslik imkoniga ega ekanini anglatadi.

Bozorning eng qizigan nuqtasida

Bu yozda yarim himoyachilar bozori allaqachon rekordlarni yangilamoqda. “Chelsea” o‘zi ham bunga hissa qo‘shdi: “Aston Villa”dan Morgan Rogers uchun 117 million funt to‘landi. “Manchester City” esa Elliot Anderson transferini 116 million funt evaziga yakunladi.

Shunday fon fonida 64 million funtlik taklif endi haddan tashqari ko‘rinmaydi. Biroq “Bournemouth” uchun bu raqam hali ham stolni tark etish uchun yetarli emas. Ayniqsa, Scottning jamoa o‘yiniga ta’sirini hisobga olganda.

2023 yilda u “Bristol City”dan 25 million funtga kelganida, ko‘pchilik bu risk deb qaradi. Bugun esa bu summa deyarli talant o‘g‘irlab olingandek tuyuladi. 2022–23 mavsumida Championship Young Player of the Season unvonini olgan yarim himoyachi “Cherries” safida allaqachon 89 o‘yin o‘tkazdi, 6 ta gol urdi va hujumni yo‘naltiruvchi doimiy ijodkor manbaga aylandi.

Narxlar osmonga chiqayotgan bir paytda bunday profilga ega, allaqachon “Premier League”ga moslashgan, yosh, ingliz yarim himoyachisi – bozorda oltin. Shuning uchun ham “Chelsea” yolg‘iz emas.

“Big Six”ning ko‘zi tushgan yulduz

Hisobotlarga ko‘ra, Scottni kuzatayotganlar orasida “Premier League”ning boshqa gigantlari ham bor. “Arsenal”, “Manchester United”, “Tottenham” va “Manchester City” bu yozning avvalida uning bo‘yicha sharoitni o‘rgangan.

Bu hali rasmiy takliflar bo‘ldi degani emas, lekin fakt aniq: Guernseyda tug‘ilgan bu yarim himoyachi bo‘yicha eng yuqori polkda turibdi. Unga bo‘lgan hurmat butun divizion bo‘yicha seziladi.

Agar “Chelsea” bosimni oshirsa, boshqa yirik klublar ham sukut saqlab o‘tirmasligi mumkin. Aynan shuning uchun “Bournemouth” hozircha darvozani berk ushlashga majbur – bir marta yon berilsa, savdo urushi boshlanishi aniq.

Rose rejasi va Avstriyadagi lager

Hozircha esa Scott yangi bosh murabbiy Marco Rose rejalarining markazida qolmoqda. Jamoa Avstriyada mavsumoldi yig‘inini o‘tkazyapti, murabbiy esa Yevropa Ligasi oldidan raqobatbardosh tarkibni shakllantirishga urinmoqda.

Scott hozircha jamoadoshlar bilan birga, mashg‘ulotlarda, ichki o‘yinlarda, murabbiy ko‘z o‘ngida. Klub esa parallel ravishda uni qo‘lida ushlab qolish uchun kurashmoqda. “Chelsea” va boshqa grandlar eshik qoqayotgan bir paytda bu oson bo‘lmaydi.

Savol endi bitta: “Bournemouth” qat’iyatini qanchaga qadar saqlay oladi – va “Chelsea” bu devorni yorib o‘tish uchun nechigacha ko‘tarilishga tayyor?