Cristiano Ronaldo va Georgina Rodriguez rasmiy nikoh
Cristiano Ronaldo nihoyat maydon tashqarisidagi eng muhim qarorlaridan birini ham rasmiylashtirdi. Yillardan beri yonma-yon ko‘rinib kelayotgan Cristiano Ronaldo va Georgina Rodriguez endi rasman er-xotin.
Brunswick Group tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, juftlik seshanba kuni Portugaliyaning g‘arbiy qismidagi dengiz bo‘yidagi Cascais shahrida fuqarolik nikohidan o‘tgan. Lissabon yaqinidagi bu sokin kurort shaharchada o‘tgan marosim ularning jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha vakillari ta’riflaganidek, “yopiq eshiklar ortida, yaqinlar davrasida o‘tgan, shaxsiy va intim lahza” bo‘ldi.
Bu safar stadionlar, kameralar, tribuna shovqini yo‘q edi. Asosiy mehmonlar — ularning besh farzandi. Oila doirasi tor, lahza esa katta.
Rasmiy xabar ortidan juftlik o‘z Instagram sahifalarida bitta kadr bilan butun dunyoga xabar berdi: qo‘llar, nikoh uzuklari, ortida esa o‘n yillik birga yo‘lning jim, lekin aniq yakuni. Ular ilk bor Madridda uchrashgan, o‘sha paytdan beri birga. Endi esa bu munosabat rasmiy maqom oldi.
41 yoshli Cristiano Ronaldo uchun bu yangilik faoliyatidagi navbatdagi tarixiy nuqta fonida kelmoqda. Besh karra “dunyoning eng yaxshi futbolchisi” unvoniga ega bo‘lgan portugaliyalik yulduz yaqinda Portugaliya terma jamoasi bilan o‘zining rekordni takrorlovchi oltinchi Jahon chempionatida maydonga tushdi. Futbol tarixidagi eng yorqin sahnalaridan birini yaratgan hujumchi endi hayotining boshqa sahnasida — oilaviy barqarorlik va osoyishtalikni tanlamoqda.
Shu bilan birga, sportdagi ritm sekinlashgani yo‘q. Uning Saudiya Arabistonidagi klubi, Al Nassr, shanba kuni yangi ichki mavsumni boshlaydi. Demak, Ronaldo uchun bu hafta ikkita start: biri shaxsiy hayotida, biri yana bir bor butun dunyo ko‘z o‘ngida. Endi u ikkala frontda ham g‘alaba izlaydi.






