Ferran Torres: Camp Nou’dagi kelajagi haqida fikrlar
Ferran Torres nihoyat ovozini ko‘tardi. Va bu ovoz Camp Nou yo‘laklarida yoqimli yangramadi.
PSG bilan bog‘liq savollar fonida u Sportico’ga shunday dedi: “Har safar shunday jamoalar seni xohlasa, bu yaxshi. Futbolda hech qachon nima bo‘lishini bilmaysan, lekin men uchun yaxshi tomoni shuki, shartnomam bor, kutishim va o‘zim qaror qilishim mumkin. Barca meni ushlab qolishi uchun nima qilishlari kerak? Meni xohlashayotganini ko‘rsatishlari, kelib muzokara qilishlari kerak, oxir-oqibat hammasi gaplashishga borib taqaladi”.
Bu jumlalar Barcelona uchun shunchaki odatiy yozgi intervyu emasdi. The Athletic xabariga ko‘ra, bu dadil bayonotlar Camp Nou’da “qoshlarni ko‘tardi”. Yana bir ma’lumotda esa sport direktori Deco Ferran’ga yangi shartnoma berishga “istaksiz” ekani aytiladi — bunga 2022-yil yanvarida Manchester City’dan 65 million yevroga kelgan transfer bitimidagi aniq band sabab bo‘lmoqda.
Agar Barca uni uzaytirsa, City’ga yana 7-8 million yevro to‘lashi kerak bo‘ladi. Agar esa PSG’dan katta summa olib sotsa, o‘sha pul ustuvor maqsad – Julian Alvarez transferiga yo‘naltiriladi. Torres tomoni buni klubning o‘ziga bo‘lgan “ishonchsizligi” isboti deb qabul qilmoqda. Ularning nuqtai nazari tushunarli.
Hansi Flick ham uni tinchlantirayotgan ko‘rinmaydi. Barcelona bosh murabbiyi ochiq gapirdi: “Men Deco’ga to‘liq ishonaman va yangi hujumchi bo‘yicha nimadir qilishimiz kerakligini bilamiz. Lekin bu Ferran’ga ham bog‘liq, ko‘ramiz nima bo‘ladi”.
Raqamlar Torres tarafida, obro‘ esa emas
Barcelona Robert Lewandowski’ni MLS klubi Chicago Fire’ga erkin agent sifatida qo‘yib yubordi va o‘rniga markaziy hujumchi qidirmoqda. Ferran esa o‘zini tayyor nomzod deb his qilishga haqli.
O‘tgan mavsum u barcha musobaqalarda 49 o‘yinda 21 ta gol urdi. Bu Lewandowski’dan ikki gol ko‘p. Jamoada faqat Lamine Yamal – 24 gol bilan undan yuqori turdi. 2024-25-yilgi kampaniyada ham Torres 19 marta to‘p kiritdi.
Shunga qaramay, u Yamal, Raphinha, Pedri yoki Lewandowski qatorida Barca’ning ketma-ket La Liga chempionliklarining bosh qahramonlari sifatida tilga olinmaydi. Bunga sabab bor.
Flick 2024-yilda kelgach, Ferran’ni boshqa darajaga ko‘tardi, lekin u hanuz “yamoqli” hujumchi. Yanvar-aprel oralig‘i – har qanday mavsumning hal qiluvchi davrida u 14 o‘yindan iborat golsiz seriyani boshidan kechirdi. Aynan shu paytda uning yakuniy zarbasi, sovuqqonligi qattiq tanqid ostiga tushdi.
Barcelona hujum chizig‘ini allaqachon kuchaytirib bo‘ldi: Anthony Gordon va Karim Adeyemi keldi. Agar Alvarez ham olib kelinsa, Torres osongina zaxira variantiga aylanadi. U qanotlarda ham o‘ynay oladi, lekin bu yo‘l ham to‘silgan: o‘sha pozitsiyalar Lamine Yamal va Raphinha qo‘lida.
Diario Sport ma’lumotiga ko‘ra, Barca Ferran uchun to‘lagan to‘liq 65 million yevroni qaytarib olmoqchi. Agar PSG bu talabga rozi bo‘lsa, katalonlar uchun bu moliyaviy jihatdan juda foydali bitim bo‘ladi. Ispaniya terma jamoasining Jahon chempionati qahramoni uchun ayni “kassa qilish” fursati – shartnomasi tugashiga yaqinlashib, qiymati tushib ketmasidan oldin. Flick esa allaqachon hujum chizig‘ida yetarli chuqurlik yaratib bo‘lgan, hatto Alvarez kelmay qolsa ham.
Parij va Luis Enrique vasvasasi
Torres esa, ehtimol, Luis Enrique boshchiligidagi, ikki yil ketma-ket Champions League yutgan, may oyida Kataloniyada Barcelonani safarda mag‘lub etgan “all-conquering” PSG bilan yangi sahifa ochish fikridan hayajonlanyapti. Lekin u Parc des Princes’da yetakchi rol kutayotgan bo‘lsa, bu ancha sodda o‘y.
Luis Enrique uni bejiz tanlamayapti: u murabbiy yoqtiradigan tipdagi hujumchi – harakatchan, qanotlar va “false nine” o‘rtasida bemalol almashib yuradigan futbolchi. PSG yoz oxirida yagona tabiiy markaziy forvardi Goncalo Ramos’ni AC Milan’ga sotdi. O‘tgan mavsumda Ramos ko‘pincha Ousmane Dembele bilan almashib turdi, muhim o‘yinlarda esa markazda deyarli doim Dembele o‘ynadi.
Torresning moslashuvchanligi unga Ramosdan ko‘ra ko‘proq asosiy tarkib o‘yinlarini va’da qilishi mumkin, ayniqsa Bradley Barcola Liverpool’ga o‘tib ketsa. Lekin baribir Khvicha Kvaratskhelia, Dembele va Desire Doue uchligi Parijning eng xavfli hujum chizig‘i bo‘lib qoladi – va Yevropadagi ko‘plab klublar havas qiladigan kombinatsiya.
Ligue 1 darajasi ham, intensivligi ham La Liga’dan past. Demak, Torres asosan Champions League’dagi o‘yinlari bo‘yicha baholanadi. Bu esa uning foydasiga emas: u Barcelona safida to‘rt yil ichida bu turnirda atigi 12 ta gol urgan, xolos.
Legacy uchun noto‘g‘ri burilishmi?
Bir tomondan qaraganda, Ferran PSG bilan Champions League kubogini qo‘lga kiritish imkoniyatini oshirishi mumkin. Barcelona esa 2026-27-yilgi mavsumda, kutilayotgan Rodri transferi bilan, o‘zi ham bu turnirda ancha jiddiy da’vogar bo‘lishi kutilmoqda.
Lekin shaxsiy meros, individual iz qoldirish nuqtai nazaridan, Parijga ko‘chish Torres’ni balandroq pog‘onaga olib chiqishi ehtimoli juda past.
Yoz davomida unga Atletico Madrid, Tottenham, Aston Villa, Napoli va Juventus qiziqayotgani aytildi. Bu klublarning har biri unga bosh hujumchi sifatida o‘zini “elit, o‘z-o‘zini ta’minlay oladigan” forvard sifatida isbotlash uchun sahna bera olardi. U esa yana bir bor tizim ichidagi bo‘lak – “system player” bo‘lishni tanlayotgandek.
Torresning texnik cheklovlari aniq: raqib bosimi ostida chuqurga tushib, to‘p ushlab turish kerak bo‘lganda qiynaladi. Orqa chiziq ortidagi bo‘shliqlarni topishda ustasi farang, lekin o‘zi uchun ham, boshqalar uchun ham murakkab vaziyatlar yaratish borasida sust. Shu sabab u Barcelona’da hech qachon to‘liq asosiy tarkib futbolchisiga aylanmadi. Shu sabab Ispaniya terma jamoasida Jahon chempionatida 8 o‘yindan faqat bittasini asosiyda boshladi.
Luis Enrique taktik modeli esa undan bu nuqsonlarni yo‘qotishni talab qilmaydi. Demak, agar u PSG’ga o‘tsa, o‘yinida sezilarli evolyutsiya bo‘lishi qiyin.
Camp Nou bilan sovuqlashgan munosabat
Barcelona muxlislari Ferran’ni hech qachon to‘liq quchog‘iga olmadi. Mehnatkashligi, pressingdagi fidoyiligi qadrlanadi, lekin sevgiga aylangani yo‘q. Endi esa u PSG bilan bunchalik ochiq “flirt” qilgani bilan ularni butkul begonalashtirib qo‘ygandek.
Shimoliy Amerikadagi yorqin o‘yinlari ortidan u o‘zini kuchli pozitsiyada his qilyapti. Bu hissiyot boshiga chiqqanga o‘xshaydi. U klubdan ko‘proq hurmat, ko‘proq ishonch kutyapti, lekin Barcelona ham raqamlar, bandlar va bozor qiymati bilan yashaydi.
Fransiyada maysa ko‘kroq bo‘lmaydi. Tribunalar ham birdaniga uni sevimli o‘g‘il qilib olmaydi. Ferran Torres qayerga bormasin, u hozircha o‘zi bo‘lib kelgan narsasigina bo‘lib qolmoqda: yuqori darajadagi klub uchun juda foydali, lekin almashtirilishi mumkin bo‘lgan universal askar. Savol shunda: u bir kun kelib, nihoyat, o‘z armiyasining bosh qo‘mondoni bo‘lishga jur’at etadimi?






